O‘zbekiston | 10:00 / 23.05.2024
5030
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi to‘rtta bog‘cha hozircha sotilmaydi - Davaktiv

Davaktiv agentligi, Kun.uz'dagi maqolaga javoban, Qashqadaryodagi to‘rtta bog‘chaning “uzluksiz ishlashi borasida aniq choralar belgilanmaguncha” sotilmasligini ma’lum qildi. Ishlab turgan bog‘chalar nega qarorda “bo‘sh turgan obekt” deb ko‘rsatilganiga esa izoh berilmadi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bog‘chalar, maktablar va shifoxonalarga tegishli mulklarni xususiylashtirishni qonun bilan taqiqlashga chaqirdi.

O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi asosida bir qator ijtimoiy soha obektlari ham sotuvga chiqarilmoqda.

Avvalroq Kun.uz Qashqadaryo viloyatidagi jami 700 o‘rinli 4 ta “Erkatoy” bog‘chalari “bo‘sh turgan obekt” sifatida sotuvga qo‘yilishi haqida yozgandi. Tahririyatga murojaat qilgan ota-onalarning aytishicha, bu bog‘chalar bo‘sh emas – ular ishlab turibdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, 2023 yilda o‘tkazilgan tahlil va xatlov natijalari asosida 2024 yilgi xususiylashtirish dasturiga “O‘zbekneftegaz” AJning bugungi kunda bozorda xususiy tadbirkorlar faoliyat ko‘rsatayotgan va faoliyatiga xos bo‘lmagan 23 ta aktivlari ham kiritilgan. Ulardan 4 tasi bolalar bog‘chasi hisoblanadi.

“Ta’kidlash joizki, xususiylashtirish dasturi qarorida ijtimoiy soha obektlarini sotish muddati va shartlari, shu jumladan faoliyat turini saqlash shartlari Davlat mulkini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan.

Ushbularga ko‘ra, mazkur bolalar bog‘chalarining uzluksiz va samarali faoliyatini ta’minlash bo‘yicha aniq choralarni belgilash ishlari yakunlanmagunga qadar ular ommaviy savdolarga chiqarilmaydi va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJning 4 ta bolalar bog‘chasi sotilmaydi, hozircha korxona ixtiyorida qoldiriladi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Ta’kidlanishicha, avval (sobiq) ijtimoiy soha obekti bo‘lgan bo‘sh turgan obektlar tegishli soha vazirligi bilan kelishilgan holda xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. Bunday sobiq ijtimoiy soha obektlari ta’lim, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy muassasalarini tashkil etish sharti bilan xususiylashtirilishi belgilab qo‘yilgan.

Davlat organi o‘z bayonotida ishlab turgan bog‘chalar nega qarorda “bo‘sh turgan obekt” deb ko‘rsatilganiga izoh bermagan. Kun.uz bu borada agentlikka qo‘shimcha so‘rov yubordi.

Holatga munosabat bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov bog‘chalar, maktablar va shifoxonalarga tegishli mulklarni xususiylashtirishni qonun bilan taqiqlashga chaqirdi.

U yuqoridagi qaror bilan Andijon viloyatida sotuvga qo‘yilgan 90 ta obektning 47 tasi ta’lim va tibbiyot kabi ijtimoiy sohalarga oid ekaniga e’tibor qaratgan.

“Maktablar, shifoxonalar, universitetlar makoni xususiylashtirishdan daxlsiz bo‘lishi va ularning hududini sotish qonun bilan taqiqlanishi zarur”, – deb yozadi jamoatchilik faoli.

Mavzuga oid