O‘zbekiston | 18:25
1706
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident shaharlarning bosh rejalari yo‘qligi ortidan kelib chiqayotgan muammolar haqida gapirdi

2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 mingta ariza kelib tushgan, shundan 14 foizi bosh reja yo‘qligi uchun rad etilgan. Prezident topshirig‘i bilan, yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tiladi. Yil oxirigacha 200 tadan ortiq aholi punktining bosh rejasi yoki master rejasini oxiriga yetkazish buyurildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti urbanizatsiya mavzusidagi 14 aprel kungi yig‘ilishda bosh rejalar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200-250 milliard so‘m berilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu mablag‘lar bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga sarflanishi shartligini ta’kidladi.

Kichik shahar va shaharchalarda ham katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar borligi, shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun ularning ishi to‘xtab turgani qayd etildi. O‘zi mablag‘ tikib, tezroq bosh reja ishlab chiqilishidan manfaatdor tadbirkorlar ham ko‘p.

Viloyat hokimlari va Urbanizatsiya qo‘mitasiga joriy yilda budjet mablag‘i hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh reja, yana 104 ta qishloq bo‘yicha master rejani oxiriga yetkazish, bunga qo‘shimcha tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti bo‘yicha shaharsozlik hujjatini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.

Qayd etilishicha, “bosh rejasi yo‘q” degan bahona bilan 2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan. Hokimlarga buning oqibatida 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish, xususiylashtirish hisobidan budjetga 550 milliard so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgani ko‘rsatib o‘tildi. Uch oyda yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tish topshirildi.

Ta’kidlanishicha, bosh rejalarni tasdiqlash orqali juda katta maqsad va vazifalar belgilanmoqda, lekin bosh rejada ko‘rsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yo‘llar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi degan savolga javob yo‘q.

Aslida, har bir bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va mas’ullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Bunday dasturlar yo‘qligi uchun ham infratuzilmaga 1 so‘mlik xarajat ketadigan joyga 2-3 karra ko‘p mablag‘ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy budjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan bo‘lishini aniq belgilab berish vazifasi qo‘yildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid