O‘zbekiston | 08:14 / 13.12.2019
24425
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng baland arqonda sakrash attraksioni barpo etiladi

Foto: Flickr

Toshkent shahrida Markaziy Osiyoning eng baland “Banji-jamping” attraksionini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2020 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi loyihasida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahrida Markaziy Osiyodagi eng baland arqonda sakrash attraksionini barpo etish bo‘yicha tashkiliy choralar ishlab chiqiladi.

Bajarilish muddati - 2020 yil oktabr, ijro uchun mas'ullar - Toshkent shahar hokimligi (J.Ortiqxo‘jayev), Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Aqqulov), nazorat uchun mas'ullar - Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov).

Shuningdek, Toshkent shahrida butunjahonga mashhur bo‘lgan “Intervilles” (Fransiya) kabi ekstremal shouning analogini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Bajarilish muddati - 2020 yil avgust, ijro uchun mas'ullar - Toshkent shahar hokimligi (J.Ortiqxo‘jayev), MTRK (A.Xo‘jayev), nazorat uchun mas'ullar - Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov).

Bundan tashqari, turizm mavsumi past davrda Guliston shahrida “Cybersport” (elektron o‘yinlar sporti) yo‘nalishida turli xalqaro musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar jadvalini ishlab chiqish hamda amalga oshirish kutilyapti.

Bajarilish muddati - 2020 yil oktabr, ijro uchun mas'ullar - Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D.Nabiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi (Sh.Sodiqov), Sirdaryo viloyati hokimligi (G‘.Mirzayev), nazorat uchun mas'ullar - Vazirlar Mahkamasi (A.Abduhakimov).

Mavzuga oid