Ertoshsoy Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan. Qishloq yozda ham, qishda ham mehmonlar bilan gavjum bo‘ladi. Ertoshsoyga turizm qishlog‘i maqomi berilgan. Atrofini purviqor tog‘lar o‘rab turadigan turistik manzilga yoz faslida salqinlash uchun, qishda esa qor ko‘rgani borishadi. Kun.uz muxbiri Ertoshsoydagi xonadonlardan birida bo‘lib, odamlarining yashash tarzi bilan tanishdi.
Ertoshsoydagi biz mehmon bo‘lgan xonadon boshlig‘i Bekzod Baratov maktabda o‘qituvchilik qilar, asosiy ishidan tashqari mehmon uylarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatar ekan.

“Iqlim o‘zgarib ko‘p hududlarga qor yog‘may qo‘ydi. Ertoshsoyda esa qor bor. Qishlog‘imizga atay qor ko‘rgani kelishadi. Qishloq 4 faslda ham odamlar bilan gavjum bo‘ladi. “Niva” mening dastyorim. Bu mashinaning qulay tomoni — qorli tog‘ga ham bemalol chiqib keta oladi. Uyimda tunab qolgan mehmonlarni tog‘ga olib chiqib, aylantirib kelaman.


Shu kunlarda harorat pastligidan soydagi suv ham muzlab qolgan. Yaxshiyamki bu yil anomal sovuq bo‘lmadi. Kuchli sovuqda soy suvi bundan-da ko‘p muzlab qolgan bo‘lardi.


To‘rt nafar farzandim bor. Uch qiz, bir o‘g‘il. Chorvachilik bilan shug‘ullanamiz. Mol-qo‘ylarni ko‘paytirib yotibmiz. 30 echki, to‘qqiz sigirimiz bor. Qishda qiladigan ishimiz — ishdan kelib mol-holga, chorvaga qarash. Echkining suti dori bo‘ladi. Ko‘p mehmonlarimiz, turistlarimiz atay echkining suti uchun keladi. Yoz faslida echkilarni sog‘ib, sutini mehmonlarga sotib, daromad qilamiz.



















