Jahon | 18:47 / 04.04.2025
4688
3 daqiqa o‘qiladi

Rubio Rossiyaning tinchlikka tayyorligi bir necha hafta ichida aniq bo‘lishini aytdi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington «tez orada» Rossiya tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda «vaqt cho‘zayotganini» aniqlab olishini aytdi.

Foto: AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina bo‘yicha Rossiya bilan «cheksiz muzokaralar tuzog‘iga tushib qolish» niyatida emas. Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio NATO tashqi ishlar vazirlari sammitidan so‘ng ma’lum qildi, deb yozdi The Guardian.

AQSh davlat kotibi Vashington «tez orada» Rossiya tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda «vaqt cho‘zayotgani yoki yo‘qligi»ni aniqlab olishi haqida gapirdi.

«Rossiya tinchlikka jiddiy yondashadimi yoki yo‘qmi, biz tez orada, oylar emas, bir necha hafta ichida bilib olamiz. Umid qilamanki, shunday bo‘ladi. Agar bu urush tugasa, dunyo uchun yaxshi bo‘lardi. Lekin biz bu taxminni tekshirib ko‘rishimiz kerakligi aniq», – dedi davlat kotibi.

Shuningdek, u Ukraina muzokaralarga «tayyorligini namoyish qilgani»ni ta’kidladi.

«Ruslar bizning urushni tugatish niyatimizni biladi va ularning javoblaridan biz yaqin orada ular haqiqiy tinchlikka erishishga jiddiy bel bog‘laganmi yoki kechiktirish taktikasini qo‘llayaptimi, bilib olamiz. Agar ular tinchlikni ko‘zlagan bo‘lsa – ajoyib, tinchlik tomon harakatlanamiz. Agar yo‘q bo‘lsa – unda biz o‘z pozitsiyamizni qayta ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Agar bu vaqt cho‘zish taktikasi bo‘lsa, prezident Tramp cheksiz muzokaralar tuzog‘iga tushib qolishni istamaydi», – dedi u.

1 aprel kuni Fox News o‘z manbasiga tayanib, Donald Tramp Rossiya rasmiylari Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni atayin kechiktirmoqda, deb hisoblashi haqida yozdi. Shu sababli Amerika prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putindan «hafsalasi pir bo‘lgan». Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy cheklovlarni chetlab o‘tib neftni tashuvchi Rossiyaning «maxfiy floti»ga zarba beradigan «agressiv sanksiyalardan foydalanish» variantini ko‘rib chiqmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid