Jahon | 10:48
1555
3 daqiqa o‘qiladi

Urushga qarshi varaqalar sabab hukm qilingan shaxs infarktdan keyin vafot etdi

Urushga qarshi varaqalar sabab hukm qilingan 65 yoshli rassom Aleksandr Dotsenko koloniyada infarktdan keyin vafot etdi. Bu haqda payshanba kuni, 19 fevralda, Telegram’dagi huquq himoyasi loyihasi - “OVD-Info” xabar qildi.

Foto: FreeAsyaSasha / Telegram

Gatchinadan bo‘lgan rassom Aleksandr Dotsenko 12 fevral kuni kasalxonaga yotqizilgan va sun’iy komaga tushirilgan, u o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lgan. Faqat ikki kun o‘tgachgina bu haqda uning advokati Sergey Podolskiyga xabar berilgan. Himoyachiga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilishib, Dotsenkoning qiziga “u infarkt o‘tkazgani, reanimatsiyada ekani”ni yetkazishni so‘rashgan.

17 fevral kuni Aleksandr Dotsenkoda tinchlantiruvchi dorilar ta’siri darajasini pasaytirishgan. Qo‘llab-quvvatlash guruhi uning “biroz hushiga kela boshlagani”ni, ammo ahvoli yomonlashayotganini xabar qilgan. Ertasi kuni rassomning ahvoli yana og‘irlashib, uni qaytadan sun’iy komaga kiritishgan.

Federal jazoni ijro etish xizmati xodimlari oila a’zolariga bu voqea haqida xabar bermagan. Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy kasalxonasi shifokorlari bilan aloqada bo‘lgan Dotsenkoning qizi o‘lim haqida aynan shifokorlardan bilgani aytildi, deb aniqlik kiritadi “Fontanka” nashri.

Sankt-Peterburgdagi Birinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Aleksandr Dotsenko va uning xotini — rassom Anastasiya Dyudyayevani “terrorizmga chaqiriqlar”da aybdor deb topgan. Sabab: ular Leningrad viloyatidagi Tallin shossesida joylashgan “Lenta” gipermarketiga borib, tovarlar yoniga ukrain tilida she’rlar va fikrlar yozilgan otkritkalarni qo‘yib ketgan. Bu haqda “Mediazona” nashri 2024 yil 18 iyul kuni xabar bergan.

Aleksandr Dotsenko 3 yil koloniya jazosiga, uning xotini Anastasiya Dyudyayeva esa 3,5 yilga hukm qilingan. Shuningdek, ulardan printer ham musodara qilingan — “jinoyat quroli bo‘lishi ehtimol qilingan buyum” sifatida.

Dyudyayeva va Dotsenko 2024 yil 25 yanvar kuni Leningrad viloyatidagi Taytsi qishlog‘ida joylashgan uylarida FSB va OMON ishtirokida ushlangan. Ish bo‘yicha sud muhokamasi (mohiyatan ko‘rib chiqish) o‘sha yil 10 iyun kuni boshlangan. Prokuratura ayblanuvchilarga har biriga 4 yildan umumiy rejimdagi koloniya tayinlashni so‘ragan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid