Iqtisodiyot | 12:06 / 09.11.2023
18420
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev IHT doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risida bitim qabul qilishga chaqirdi

“Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda. Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak”, – dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida a’zo davlatlarning transport, energetika, ekologiya va turizm sohasidagi hamkorligi mustahkamlanayotganini qayd etdi.

“Bundan roppa-rosa ikki yil oldin Ashxobod shahrida tashkilotimizning 15-sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazgan edik. Turkmanistondagi yig‘ilishimizda qabul qilingan muhim qarorlar tuzilmamiz faoliyatiga yangi nafas olib kirdi.

Tashkilotni isloh qilish va uning samaradorligini oshirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, transport vazirlarimiz qabul qilgan Toshkent deklaratsiyasining muhim ahamiyatini alohida qayd etmoqchiman.

Boku shahrida Toza energiya markazini tashkil etish va mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish masalasi bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Ekologiya sohasida yuqori darajadagi muloqot platformasi tuzildi. Turizm hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida birinchi bor Tashkilot turoperatorlari tarmog‘i yaratildi va Xavfsiz turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi”, – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev IHT o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar ijrosini sarhisob qilishga chaqirib, qator takliflarni ilgari surdi.

“O‘zbekiston tashkilotimizning asosiy hujjati bo‘lgan “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida tashkilotimizning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Ushbu muhim hujjatda quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, o‘zaro savdoni rag‘batlantirish. O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizi demakdir. Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak. Shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqiraman.

Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mavzuga oid