O‘zbekiston | 21:46 / 04.11.2021
32705
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zgidromet»: Atmosferadagi chang miqdori me'yoridan 5 barobarga oshdi

Bugun, 4 noyabr kuni O‘zbekistonda shamol kuchayishi oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarildi va bir nechta hududlarda ko‘rinuvchanlik 500-1000 metrgacha pasayib, chang-qumli g‘ubor holatini keltirib chiqardi. Chang miqdori me'yoridan 5 barobarga oshdi

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda kuchli shamollar tufayli mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisasi yuz bermoqda. Kuchli shamol natijasida tuproqning juda quruq usti qatlami ko‘tarilishi payshanba kuni Toshkentda ham chang-qumli tuman kuzatilishiga sabab bo‘ldi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berishicha, 4 noyabr kuni kechqurun Toshkentda kuzatilgan g‘ayrioddiy chang-qumli tumanga shamolning kuchayishi natijasida tuproqning juda qurib qolgan ustki qatlami ko‘tarilishi sabab bo‘ldi.

4 noyabr kuni O‘zbekiston hududiga Uraldan sovuq havo oqimlari kirib kelgan. Sovuq front zonasida shamol tezligi 12–15 m/s.gacha, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida 20–25 m/s.gacha kuchayishi kuzatildi.

«Shamol kuchayishining oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarildi va respublikaning bir qator tumanlarida ko‘rinuvchanlik 500–1000 m.gacha pasayib, chang-qumli g‘ubor holatini keltirib chiqardi», deyiladi xabarda.

Atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan miqdorlardan 5 barobarga oshdi.

Ayni damda shamol tezligi 5–10 m/s.ni tashkil etmoqda.

Mavzuga oid