Jamiyat | 17:25
41419
5 daqiqa o‘qiladi

Odilxon Ismoilov qamoqqa olindi

Pop tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishi doirasida 5 nafar sudlanuvchi, jumladan Odilxon Ismoilovga nisbatan ham «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov organi Odilxon qoriga Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

Odilxon Ismoilov / Foto: Xalqaro press klub

Kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Odilxon qori» nomi bilan mashhur bo‘lgan sobiq imom Odilxon Ismoilov qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqaldi. Ba’zi manbalarda unga nisbatan qidiruv e’lon qilingani ham yozildi.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil 21 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Pop tuman sudida qator iqtisodiy jinoyatlar sodir qilishda gumonlangan 6 kishiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Ushbu ishda gumonlanuvchilar qatorida Odilxon Yunusxon o‘g‘li Ismoilov ham bor. Tergov organi unga nisbatan Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘ygan. Xususan:

  • 167-modda 3-qismi "a" bandi, "v" bandi – O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan);
  • 179-modda – Soxta tadbirkorlik;
  • 184-modda 3-qismi – Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
  • 189-modda 1-qismi – Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;
  • 209-modda 2-qismi "a" bandi, "b" bandi – Mansab soxtakorligi;
  • 227-modda 2-qismi "a" bandi – Hujjatlar, shtamplar, avtomototransport vositalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish;
  • 228-modda 2-qismi "a" bandi, "b" bandi – Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish;
  • 228-modda 3-qismi – Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish.

Bundan tashqari, Odilxon Ismoilov bilan birga yana 5 kishi ushbu ish doirasida ayblanmoqda. Ularga ham shu turdagi bir qancha moddalar bilan ayblovlar qo‘yilgan.

Ish sudya Adolat Xo‘jayeva raisligida ko‘rilgan, jabrlanuvchilar qatorida Behzod Ahmedov va G‘olibjon O‘rinboyev sanalgan.

Oliy sud matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 49 yoshli Odilxon Ismoilov va boshqalar, jami 6 kishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 167, 179, 184, 189, 28, 209, 209, 227, 228-moddalari bilan ayblov qo‘yilgan. Ularga oid jinoyat ishi ayni paytda jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, 5 nafar sudlanuvchi jumladan Odilxon Ismoilovga nisbatan ham «qamoqqa olish» ehtiyot choralari, 1 nafar shaxsga esa «garov» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Oliy sud rasmiysi sud jarayoni yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li – so‘nggi o‘n yilliklarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekzabon segmentida mashhur bo‘lgan voiz va imomlardan biri. U o‘z faoliyatini 1998-1999 yillarda Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi «Hazrati Umar» jome masjidida imom–xatib vazifasidan boshlagan.

1999–2000 yillarda Shayxontohur tumanidagi «Shayx Zayniddin» jome masjidida (Ko‘kcha) imom noibi vazifasida ishlagan. 2010 yildan Toshkent shahar bosh imom–xatibi o‘rinbosari bo‘lgan. 2011 yildan 2018 yilning yozigacha Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagandi.

2018 yil iyul oyida Odilxon qori «tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatgani va bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli» Musulmonlari idorasi raisi, marhum muftiy Usmonxon Alimov tomonidan ishdan olingan edi.

Shundan so‘ng u diniy idora huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondining Diniy-ma’rifiy targ‘ibot bo‘limini boshqargan.

2019 yil fevralida Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li Shayxontohur tumani, «Xo‘ja Alambardor» masjidiga (xalq tilida Kamolon masjidi) imom-xatib etib tayinlangan. 2019 yilning sentabrida esa sog‘ligidagi muammolar tufayli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgandi. Shundan so‘ng, Odilxon qori O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritmagan.

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, 49 yoshli Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li – Namangan viloyatida tug‘ilgan, “Rayxon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi hisoblanadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid