Iqtisodiyot | 12:53 / 26.12.2017
39145
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy siyosatdagi xato “valyutafurushlar”ga yengilliklar berishga asos bo‘ladimi?

Iqtisodiy siyosatda yo‘l qo‘yilgan xato qora bozorning shakllanishiga sabab bo‘lgan edi. Ayni shu narsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘sha vaqtlarda valyutafurushlik bilan shug‘ullanganlarga nisbatan qandaydir yengil choralar qo‘llashiga asos bo‘layotgandir. 

Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan spikerlardan biri - Markaziy Bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov shunday ehtimolni bildirdi. U O‘zbekistonda valyuta liberallashuvidan so‘ng, tadbirkorlar uchun valyuta oldi-sotdisida hech qanday cheklovlar bo‘lmasligini ta'kidlab, noqonuniy valyuta amaliyotlariga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tegishli tashviqot ishlarini olib borishini qayd etdi.

“Avvalgi iqtisodiy siyosatimizda xatoga yo‘l qo‘yganimiz, tadbirkorlarning valyutafurushlar xizmatidan foydalanishlariga sabab bo‘ldi. Noqonuniy yo‘llarga o‘zimiz yo‘llaganimiz uchun balkim huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularga tushunish bilan qaralayotgandir. Ammo asta-sekinlik bilan valyuta liberallashuvidan keyin noqonuniy valyuta amaliyotlariga qo‘l urganlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash borasida ishlar olib boriladi”, - dedi Ishmetov.

 Timur Ishmetovyu Foto: Xalqaro Press-klub

U, shuningdek, hukumat hamda Markaziy bank so‘mning xorijiy valyutalarga nisbatan kursiga aralashuviga ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Endilikda Markaziy bank va hukumat so‘m kursiga aralashmaslikka ahd qilgan. O‘tgan yillarda so‘m kursiga aralashganimiz sababli tafovutlar va taqchilliklar paydo bo‘lgan, iqtisodiyotga qiyinchiliklar olib kelgan. Har qanday tovarning qiymati bo‘lganidek, valyutaning bahosi uning kursi hisoblanadi. Bahoni esa, bozor belgilashi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, agar bu kursga aralashilsa, yana avvalgi muammolarga duch kelinadi. Qora bozor paydo bo‘ladi”, - deya ta'kidladi MB raisining birinchi o‘rinbosari. 

Ishmetovga ko‘ra, so‘mning kelajakdagi kurslari haqida fikr bildiriladigan bo‘lsa, uning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi hech qanday asos yo‘q. Buni valyuta liberalizatsiyasidan keyingi valyuta oldi-sotdi ko‘rsatkichlari ham isbotlab turibdi. 

“Valyuta kursi O‘zbekistonga xorijdan kirib kelayotgan valyuta oqimiga bog‘liq bo‘ladi. Hozirda, bu borada keskin tebranishga sabab bo‘ladigan iqtisodiy asos yo‘q. Shunday ekan, men barcha tadbirkorlarni rasmiy valyuta bozorida faoliyat yuritishga da'vat qilib qolaman”, - dedi Timur Ishmetov.

 

Mavzuga oid