Jahon | 20:27 / 28.02.2026
15127
6 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi mojaroning ilk kuni: Eron, Suriya, Iroq va BAAda qurbonlar qayd etildi

AQSh rasmiysi Eronga qarshi amaliyot bir necha kun davom etishini aytmoqda. Bugungi zarbalar oqibatida Eronda 50dan ortiq odam halok bo‘lgan. BAA, Iroq va Suriyada ham qurbonlar bor. Donald Tramp AQShda ham qurbonlari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Tehron / Foto: New York Times

Isroil zarbasi Eron janubidagi Hurmuzgon viloyatiga qarashli Minab shahridagi qizlar boshlang‘ich maktabiga kelib tushdi. Al Jazeera nashrining yozishicha, hujum oqibatida kamida 53 kishi halok bo‘lgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi hujum joyi suratini e’lon qilib, zarba qizlar maktabini vayron qilgani va «beayb bolalar» halok bo‘lganini aytdi.

«Eron xalqiga qarshi bu jinoyatlar javobsiz qolmaydi», deb yozdi Aroqchi.

Eron davlat axborot agentligi vayronalarni tozalash ishlari davom etayotganini xabar berdi. Shanba kungi hujumda yana 63 kishi yaralangan. Zarba mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan AQSh–Isroil qo‘shma harbiy amaliyotlar to‘lqinining bir qismi bo‘lib, mintaqada zo‘ravonlik avj olishiga sabab bo‘lmoqda.

Alohida holda, Tehron sharqidagi maktabga berilgan Isroil zarbasi natijasida kamida ikki nafar o‘quvchi halok bo‘lganini xabar qilindi.

Tehrondan xabar berayotgan Al Jazeera muxbiri Muhammad Valning aytishicha, bu hujumlar AQSh va Isroilning «faqat harbiy nishonlarni nishonga olyapmiz, rejimni jazolaymiz, xalqni emas» degan bayonotlarini shubha ostiga qo‘yadi.

Eron Qizil Yarimoy jamiyati matbuot kotibi Mojtaba Xalediyning ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil zarbalari Eronning 31 viloyatidan 20 tasiga ta’sir ko‘rsatgan.

«Qizil Yarimoyning barcha yordam bazalari, tez yordam jamoalari, vayronalarni tozalash guruhlari, qidiruv-qutqaruv bo‘linmalari va tibbiy xizmatlari to‘liq shay holatda,» dedi u. «Odamlar zarba joylaridan kamida 100 metr uzoqlikni saqlashi va u yerlarga to‘planmasligi kerak».

Minabdagi qizlar maktabiga berilgan zarba oqibatlari / Foto: IRNA News

Suriya va BAAda ham qurbonlar bor

Shanba kuni Eron raketasi Suriya janubidagi Suveyda shahridagi binoga kelib tushishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi yaralangan. Bu haqda Suriya davlat axborot agentligiga tayanib, New York Times yozmoqda.

Guvohlar va mahalliy aholi tarqatgan videolarga ko‘ra, raketa parchalari janubiy Suriyadagi Qunaytira shahri va Daraa viloyatidagi Yarmuk havzasi hududiga ham tushgan.

Reutersʼning yozishicha, Bag‘dod janubidagi hududga berilgan havo zarbalaridan keyin kamida to‘rtta portlash sodir bo‘lgan. Buning ortidan Iroqdagi qurolli guruhlardan birining kamida ikki nafar jangchisi halok bo‘ldi, yana uch nafari og‘ir yaralandi. Shuningdek, ehtimoliy qurbonlarni aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari davom etmoqda.

«Hashd ash-Sha’biy» nomi bilan tanilgan bo‘lib, asosan shialik harbiylashgan guruhlardan tashkil topgan keng qamrovli tuzilma hisoblanadi. U rasman Iroq davlat xavfsizlik kuchlari tarkibiga integratsiya qilingan va tarkibida Eronga yaqin bir nechta guruhlar ham mavjud.

Abu-Dabidagi portlash / Foto: Reuters

Shanba kuni AQSh va Isroil Eronga zarbalar berganidan so‘ng, Suriya osmonida harbiy samolyotlar ovozi bir necha bor eshitilgan. Odamlar Damashq osmonida o‘nlab tutuvchi raketalar ko‘ringanini bildirgan.

Eron javob tariqasida mintaqadagi AQSh va Isroil bazalariga zarba berishni boshlagan. Buning oqibatida Birlashgan Arab Amirliklari Abu-Dabida bir kishi halok bo‘lganini xabar qildi, ammo qo‘shimcha tafsilot bermadi.

Quvayt, Qatar, BAA va Iordaniya esa Eron raketalarini urib tushirilganini ma’lum qildi. Bahrayn esa o‘z hududi ichida hujum bo‘lganini tasdiqlab, AQSh Beshinchi floti xizmat ko‘rsatish markazi nishonga olinganini bildirdi.

Qatarda esa harbiylar bayonotiga ko‘ra, «qo‘shma muvofiqlashtirish» natijasida mamlakat hududiga yetib kelishidan oldin Eron raketalari urib tushirilgan. Qatar poytaxti Dohada ketma-ket bir nechta portlashlar eshitilgan.

Tramp AQShda ham qurbonlar bo‘lishi mumkinligini aytdi

Amerika Eronda «yirik jangovar amaliyotlar»ni boshlaganini bildirgan prezident Donald Tramp AQShda ham qurbonlari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Trampning aytishicha, zarbalar Eron raketalarini yo‘q qilish va uning harbiy-dengiz kuchlarini butunlay mahv etishga qaratilgan.

Donald Tramp / Foto: AP

«Jasur amerikalik qahramonlar hayoti yo‘qotilishi mumkin, qurbonlar bo‘lishi mumkin – bu urushda tez-tez sodir bo‘ladi. Ammo biz buni bugun uchun emas, kelajak uchun qilyapmiz. Bu sharafli missiya», dedi Tramp.

Bu Tramp o‘tgan yili Oq uyga qaytganidan beri AQShning Eronga qarshi ikkinchi bor zarba berishidir. Birinchi hujum o‘tgan iyun oyida bo‘lib, Vashington Eron yadroviy obektlariga qator zarbalar bergan edi. Shanba kungi zarbalar, avvalgisidan farqli ravishda, bir necha kun davomida amalga oshirilishi kutilmoqda, dedi amerikalik rasmiy.

Tramp murojaatida Eron Inqilobiy gvardiyasi a’zolari va qurolli kuchlariga qurolni tashlashni taklif qildi va ularga daxlsizlik va’da qildi. Uning aytishicha, ikkinchi variant — «muqarrar o‘lim». 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid