O‘zbekiston | 16:57 / 06.10.2025
4367
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellektni qo‘llash uchun superkompyuter klasteri tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini yaratish, data-markazlar qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhit yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 mln dollar ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirilgan.

Hozirda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

“Sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilg‘or, o‘zini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak”, – dedi prezident.

Taqdimotda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini o‘zimizda yaratish, ma’lumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Sun’iy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida 2027 yilga qadar 1 million nafar yosh sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sun’iy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. Shu kunlarda Nukus shahrida sog‘liqni saqlash bo‘yicha “HealthTech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu tajribani kengaytirib, ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida ham o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili O‘zbekistonda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid