O‘zbekiston | 14:45 / 02.09.2017
19983
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi umumta'lim maktablarida Bilimlar kuni tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

2 sentabr kuni barcha maktablarda istiqlolning 26 yilligi munosabati bilan "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida "Mustaqillik darsi" hamda Birinchi Prezident Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan "Xotira darslari" o‘tkazildi. Ushbu darslarga adib va shoirlar, olimlar, ma'naviyat targ‘ibotchilari, mahalla faollari keng jalb etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 10-11-sinflar uchun yangi o‘quv reja va dasturlari ishlab chiqilib, ular asosida 18 nomdagi darsliklar yaratildi. O‘quv rejaga ko‘ra 10-sinf o‘quvchilari haftada besh kun umumta'lim fanlarini va bir kun kasbga oid fanlarni o‘rganishi belgilandi. Pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, akademik litsey va kollejlar fan o‘qituvchilarini jalb etish hamda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning dars yuklamasini oshirish hisobidan qoplanmoqda. 

Bu yil 482 ta maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari olib borildi. Maktablarni yangi o‘quv yiliga hozirlash jarayonida ulardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini puxta o‘rganish, mavjud kamchiliklarni mahalliy hokimliklar va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hal etishga jiddiy e'tibor qaratildi. 

O‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida bu yil axborot-resurs markazlari va umumta'lim maktablari kutubxonalariga 28 nomdagi 1,2 million badiiy adabiyotlar, ensiklopediyalar va rang-barang ma'rifiy kitoblar yetkazildi. 

Bu yil 1-sinflarga qabul qilingan 650 mingdan ortiq o‘quvchi uchun “Prezident sovg‘asi” – 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazildi. Ular maktabga ilk marta qadam qo‘ygan o‘g‘il-qizlarga tantanali topshirildi. 

Mavzuga oid