O‘zbekiston | 12:09 / 07.08.2024
13638
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Ergashev Toshkent tumani hokimi etib tayinlandi

U Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyatida xalq deputatlari Toshkent tumani kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.

Tuman hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Odil Rustamov yo‘l qo‘ygan bir qator kamchiliklari uchun lavozimidan ozod qilingan edi. Zoyir Mirzayev Toshkent tumani hokimi lavozimiga Sardor Ergashev nomzodini tavsiya qildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan so‘zga chiqqanlar, tumanda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Xalq deputatlari Toshkent tumani kengashining qarori bilan Sardor Ergashev Toshkent tumani hokimi etib tayinlandi.

U 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti - oliy, 2011 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2023 yilda Toshkent arxitektura-qurilish universitetlarini tamomlagan.

U faoliyati davomida Toshkent tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i hamda prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davomida 9 ta tuman va bir shahar hokimi ishdan olingandi.

Xususan, Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, G‘ozg‘on shahri hokimlari lavozimidan olingan, 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilgan.

Mavzuga oid