O‘zbekiston | 08:56 / 04.12.2020
9525
2 daqiqa o‘qiladi

Orol dengizi va Orolbo‘yi hududlarida o‘rmonzor barpo etiladigan maydon belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Respublika hududlarida o‘rmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolbo‘yi hududlarida «Yashil qoplamalar» barpo etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning 2020 yil 6 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-4850-son qarori ijrosini ta'minlash doirasida 2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlari kesimida «yashil qoplamalar» barpo etish hajmlari belgilangan.
 
Bunda jami rejalashtirilgan 560 ming gektar yer maydonining 375 ming gektarida o‘rmonzor barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi o‘rmon fondi yerlari va Orol dengizining suvi qurigan hududlarida, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Orolbo‘yi hududlarida 172 ming gektar hamda boshqa hududlardagi o‘rmon fondining tog‘, vodiy va to‘qay yerlarida 13 ming gektar maydonga daraxtlar ekiladi.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va DSQ huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda respublika hududlarida o‘rmonzorlar barpo etiladigan maydonlarni xatlovdan o‘tkazish va o‘rmonzorlarning xaritasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
 
O‘rmonzorlar barpo etish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha yer maydonlari doimiy foydalanish huquqi asosida davlat o‘rmon fondiga beriladi.
 
Quyidagilar moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari mahalliy budjetlarining prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismi hisobiga ajratiladigan mablag‘lar;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari;
  • Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi (BMT) mablag‘lari.
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Hujjat 26.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid