Iqtisodiyot | 14:33 / 22.07.2024
9470
5 daqiqa o‘qiladi

Gaz sotish 24 barobarga oshdi, oltin eksporti to‘xtadi, Rossiya va Xitoyga bog‘liqlik ortib boryapti – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

2024 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi qariyb 32 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi 18,5 foiz, Rossiyaning ulushi esa 18,1 foiz. Hisobot davrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasiga eksport sezilarli darajada qisqargan. Iyun oyida 181,5 mln dollarlik gaz sotilgan. Bu may oyiga nisbatan 24 barobarga ko‘p.

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-iyun oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 31,8 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 13 mlrd dollar, import hajmi esa 18,8 mlrd dollar. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 5,5 foizga, import hajmi 10,6 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5,8 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, bu borada Rossiyaning ulushi oshib boryapti. Hisobot davrida Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5,9 mlrd dollarga, Rossiya bilan 5,7 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining mos ravishda 18,5 va 18,1 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Qozog‘iston (6 foiz), Turkiya (4,5 foiz) va Janubiy Koreya (3,4 foiz) bilan qayd etilgan.

2024 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan Top-10 davlat:

  • Xitoy – 5,89 mlrd dollar;
  • Rossiya – 5,75 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 1,91 mlrd dollar;
  • Turkiya – 1,43 mlrd dollar;
  • Koreya – 1,06 mlrd dollar;
  • Turkmaniston – 614 mln dollar;
  • Fransiya – 563 mln dollar;
  • Germaniya – 506 mln dollar;
  • AQSh – 463 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 461 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan to‘rtta mamlakat – Fransiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 16 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

E’tiborga molik jihati yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada ko‘paygan: Rossiyaga (1,3 mlrd dollardan 1,73 mlrd dollarga), Fransiyaga (196 mln dollardan 385 mln dollarga), Afg‘onistonga (368 mln dollardan 448 mln dollarga), AQShga (78 mln dollardan 110 mln dollarga). Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasiga mahsulot yetkazib berish qisqargan:

  • Qozog‘istonga (701 mln dollardan 620 mln dollarga);
  • Qirg‘izistonga (351 mln dollardan 270 mln dollarga);
  • Tojikistonga (285 mln dollardan 240 mln dollarga);
  • Turkmanistonga (86 mln dollardan 60 mln dollarga).

Shuningdek, eksport hajmi Xitoyga ham 1,06 mlrd dollardan 994 mln dollargacha qisqargan. Taqqoslash uchun, 2022 yilning mos davrida Xitoyga 1,25 mlrd dollarlik maxsulotlar eksport qilingan (joriy yilning mos davrida 994 mln dollar) bo‘lsa, 3,28 mlrd dollarlik tovarlar (joriy yilda 4,9 mlrd dollar) import qilingan. Ikki yil ichida eksport 25,7 foizga kamaygan holda, import 49,3 foizga oshgan.

Eksport

6 oy davomida oltinsiz eksport 10,9 foizga o‘sib, qariyb 8,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda oltinning umumiy eksportdagi ulushi 32,3 foiz yoki 4,2 mlrd dollar bo‘ldi.

Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 17,3 foizdan 15,9 foizga, oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 7,1 foizdan 6,6 foizga, transport asbob-uskunalarining ulushi 4,9 foizdan 4,6 foizga kamaygan.

O‘z navbatida, kimyoviy vositalarning ulushi 4,7 foizdan 5,9 foizga, mineral yoqilg‘ilarning ulushi 3,5 foizdan 4,6 foizga oshgan.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (36,1 foiz), sanoat tovarlari (15,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,2 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 809 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 5 barobarga ko‘p. O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 8,3 foizga yoki 241 mln dollargacha qisqargan. Ammo birgina iyun oyida 181,5 mln dollarlik gaz sotilgan. Bu may oyiga nisbatan 24 barobarga ko‘p.

Shuningdek, 6 oy davomida 84,6 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 foizga ko‘p. 

Yanvar-iyun oylarida 78,8 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 8,7 foiz) va 66 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 43,2 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 2,5 barobarga oshib, 285,4 mln dollarni, importi esa 24 foizga ko‘payib, 1 mlrd 148,4 mln dollarni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid