Oxirgi yillarda oltin bilan nimalar bo‘ldi?
The New York Times ma’lumot berishicha, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin AQSh va Yevroittifoq davlatlari Rossiya Bankining asosan dollar va yevroda joylashtirilgan qariyb 300 milliard dollarlik zaxiralarini muzlatib qo‘ygan. WGC ma’lumotlariga ko‘ra, buning ortidan 2022–2024 yillarda markaziy banklar o‘z zaxiralariga har yili 1000 tonnadan ortiq oltin qo‘shib borgan.

2026 yil yanvarida oltinning bir unsiyasi 5405 dollargacha ko‘tarilib, tarixiy maksimumga yetdi, birinchi chorak bo‘yicha o‘rtacha narx esa 4873 dollarni tashkil etdi - bu rekord darajadagi choraklik ko‘rsatkich hisoblandi. May oyi boshlariga kelib narxlar bir unsiya uchun 4500 dollar atrofida bo‘ldi.

Gold Demand Trends Q1 2026 hisobotiga ko‘ra, jahonda oltinga bo‘lgan umumiy talab (birjadan tashqari bozorni ham hisobga olganda) o‘tgan yilga nisbatan 2% ga oshib, 1231 tonnani tashkil etdi. Pul ifodasida esa umumiy talab 193 milliard dollarga yetdi.
Nega markaziy banklar oltin ulushini oshirmoqda
Rossiya valuta zaxiralarining bir qismi muzlatib qo‘yilishi markaziy banklarning xorijda joylashtirilgan valuta aktivlari sanksiyalar orqali bloklanishi mumkinligini ko‘rsatdi. WGC tahlillari va The New York Times nashri materiallarida oltin boshqa bir davlat yoki bankning majburiyati hisoblanmaydigan aktiv deb ta’riflanadi, shuning uchun u bunday xatarlarga kamroq duchor bo‘ladi.
2010 yildan boshlab markaziy banklar umumiy hisobda oltinning netto-xaridorlariga aylanib, uning zaxiralardagi ulushini oshirib borishdi, 2022 yildan keyin esa bu jarayon yanada tezlashdi. WGC ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda Yaqin Sharqdagi urush qo‘shimcha omil sifatida ta’sir qildi: 28 fevralda AQSh va Isroilning Eronga zarbalari ortidan oltin narxi tarixiy maksimumlarni yangiladi.










