Jahon | 17:31 / 10.08.2025
12492
10 daqiqa o‘qiladi

Urush taqdiri Alyaskada hal bo‘ladi – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 10 avgust, yakshanba. Odatdagidek, haftaning muhim voqealarini siz bilan birga eslaymiz. Bugungi haftalik dayjestni asosan Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan muzokaralarga bag‘ishlaymiz. Chunki hafta davomida bu borada yaxshigina oldinga siljish kuzatildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp va Putin ko‘rishadi

Haftaning eng muhim voqeasi Tramp va Putin uchrashuv bo‘yicha kelishib olgani bo‘ldi. Bu ikki prezidentning Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyingi ilk uchrashuvi bo‘ladi. Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Putin bilan olti marta telefonda gaplashdi, lekin ko‘rishgani yo‘q.

Uchrashuv joyi sifatida ikki davlat chegarasidagi, Amerika bir vaqtlar ruslardan sotib olgan Alyaska shtati tanlandi. Ya’ni Putin Amerikaga boradi. Rossiya prezidenti oxirgi marta AQShga 2015 yil borgandi. O‘shanda BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlagan Putin mezbon Barak Obama bilan ko‘rishadi.

Oxirgi uchrashuvdan o‘n yil o‘tdi. Bu vaqt ichida «Putinning keyingi tashrifi Alyaska mavzusida bo‘ladi» degan hazil gaplar ham tarqaldi. Buni qarangki, chindan Putinning o‘n yil ichidagi ilk tashrifi aynan Alyaskaga amalga oshiriladi.

AQShdagi uchrashuvda Tramp va Putindan tashqari Zelenskiy ham qatnashishi mumkin. Amerika nashrlari bu haqda turli xabarlar tarqatdi, lekin anig‘ini 15 avgust kuni bilib olamiz. Katta ehtimol, bu uchrashuvda urushni muzlatish masalasi muhokama qilinadi, chunki ikki tomon ham chekinadiganga o‘xshamaydi.

«Biz yerimizni bermaymiz»

Tramp Putin bilan Alyaskada uchrashishi haqida 9 avgustga o‘tar kechasi xabar qildi. Zelenskiy esa mamlakat bir qarich yerini ham Rossiyaga topshirishga rozi bo‘lmasligini aytdi.

«Ukraina o‘ziga tegishli bo‘lgan yerlarni himoya qilmoqda. Rossiya tomonda bo‘lganlar ham u zulm qilayotganini biladi. Ukrain xalqi tinchlikka munosib. Rossiya urushni boshladi, Rossiya uni tugatishi kerak. Hududiy masala bo‘yicha savolga javob Ukraina konstitutsiyasida bor. Ukraina o‘z yerini bosqinchilarga bermaydi», dedi Zelenskiy.

Ko‘p o‘tmay Amerika nashrlarida Zelenskiyning bu chiqishi Trampning jahlini chiqarishi mumkinligi haqidagi xabarlar chiqdi. Aftidan, amerikaliklar Kiyevni muzokaralar tafsilotidan boxabar qilgan va unda Ukraina o‘z yerlarini berishi kerakligi qayd etilgan ko‘rinadi. Zelenskiyning jahl bilan qilgan bayonotini boshqacha izohlab bo‘lmaydi.

Agar chindan Tramp Ukraina yerlarini Rossiyaga olib berish evaziga sulh imzolashga urinayotgan bo‘lsa-yu, Zelenskiy bunga qarshilik qilsa, ana shunda Ukraina uchun chinakam qiyin kunlar boshlanadi.

Uitkoff Moskvaga bordi

Haftaning eng muhim voqeasi bo‘lmish Tramp va Putin uchrashuvi bo‘yicha kelishuvga AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Moskvaga borganidan keyin erishildi. Janob Uitkoff Putin bilan oltinchi marta ko‘rishdi. Qizig‘i, Tramp olti oy ichida Putin bilan olti marta telefonda gaplashdi, hamma yer olti – har bir uchrashuvga bitta telefon suhbati.

Bu uchrashuvda Uitkoff AQShning jiddiy shartini yetkazgan ko‘rinadi, aks holda Putin Tramp bilan ko‘rishishga rozi bo‘lmasdi. Esingizda bo‘lsa, milliarder Uitkoff o‘tgan gal Putin bilan uchrashuvga tarjimonsiz borgani uchun AQShda tanqidga uchragandi. Axir protokol bo‘yicha amerikalik diplomatlar boshqa davlat tarjimonlariga ishonishi mumkin emas, ularning o‘z tarjimoni bo‘lishi shart.

Germaniyaning Bild nashri ukrainalik mulozimlarga tayanib yozishicha, Uitkoff Putin bilan uchrashuv vaqtida uni tushunmagan. Ya’ni Putin ukrainlar Xerson va Zaporijjyadan chiqishi kerak, degan gapini Rossiya bu ikki ukrain viloyatidan chiqmoqchi, deb tushungan. Ma’lum bo‘lishicha, yevropaliklar Uitkoffning Putin bilan uchrashuvidan keyin o‘zaro muloqot o‘tkazib, amerikaliklar nima istayotganini tushunmayapti degan xulosaga kelgan.

Aliyev va Pashinyan Vashingtonda ko‘rishdi

Haftaning eng muhim voqealaridan biri Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning AQShda uchrashgani bo‘ldi. Donald Tramp ishtirokidagi uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tinch munosabatlar deklaratsiyasi imzolandi. Aslida bu kelishuv har ikki tomonni ham hech nimaga majbur qilmaydi, lekin ramziy ko‘rinishdagi hujjat amalda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlikka yo‘l ochadi.

Hujjatning eng muhim bandi unda Ozarboyjonning asosiy qismidan Naxichevonga koridor ochish muhimligi qayd etilgani bo‘ldi. Kelishuv imzolangach, Aliyev va Pashinyan tantanali ko‘rishdi, Tramp ham ularning qo‘lini siqib qo‘ydi.

Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvda Aliyev va Pashinyan inglizcha nutq so‘zladi. Armaniston bosh vaziri nutqini o‘qib berdi, lekin Aliyev inglizchada ravon gapirib, Donald Trampni tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga tavsiya qildi.

Maduro uchun 50 million dollar

AQSh hukumati Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun mukofotni ikki baravar oshirdi. Endi bunday ma’lumot yetkazgan odam 50 million dollarni qurtday sanab oladi. Bu haqda AQSh bosh prokurori Pem Bondi ma’lum qildi. «U dunyodagi eng katta narkotik sotuvchilaridan bo‘lib, milliy xavfsizligimiz uchun xavfli hisoblanadi», degan AQSh bosh prokurori.

Venesuela adliya vaziri Ivan Xil Pinto bunga munosabat bildirib, AQShning bayonotini propaganda deb atadi. Amerika Maduroni qo‘lga olish imkonini beradigan ma’lumot uchun 25 million dollar mukofotni yanvarda e’lon qilgandi. Qiziq, aynan qanday ma’lumot uchun pul to‘lanarkin, Maduroning qayerda yashashi, manzili hammaga ma’lum bo‘lsa.

Sinior Maduro, xavotir olmang, bu amerikaliklar Suriya prezidenti ash-Shar’aning kallasi uchun ham mukofot e’lon qilgandi. Keyin Tramp borib ash-Shar’a bilan ko‘rishib ham keldi.

Londonda uchrashuv

Amerika nashrlarining yozishicha, Britaniyada AQSh, Ukraina va Yevropa vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Manbalar uchrashuvda yuqori martabali mulozimlar qatnashishiga urg‘u bergan. Tomonlar Donald Tramp va Vladimir Putin ishtirokidagi uchrashuvni muhokama qiladi. Ya’ni amerikaliklar muzokarada Yevropa va Ukraina nimalarni ilgari surishni istashi borasida bir to‘xtamga keladi.

Kiyev va Boltiqbo‘yi davlatlari xavotirda

Aftidan, Donald Tramp Putin bilan uchrashuvda nima qilib bo‘lsa ham urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi. Hatto Ukraina yerlarini Rossiyaniki deb tan olish evaziga bo‘lsa ham. Zelenskiy va Boltiqbo‘yi davlatlaridan yangrayotgan bayonotlarga qaraganda, bunday ssenariy ehtimoli yuqori. Zelenskiy o‘z sahifasida chiqish qilib, Ukraina Amerika Putin bilan kelishishi uchun o‘z yerlarini topshirmasligini aytib bo‘ldi.

Estoniya tashqi ishlar vaziri ham shunga o‘xshash gap aytdi. «Chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish mumkin bo‘lsa, hech kim o‘zini xavfsiz hisoblay olmaydi. Hududiy yaxlitlik global stabillik asosidir. Biz Ukrainada yoki boshqa yerda bo‘ladigan agressiyaga toqat qilolmaymiz», dedi Margus Sakna.

Financial Times'ning yozishicha, Boltiqbo‘yi davlatlari Tramp Putin bilan Rossiya istagan shartlarda kelishuvga erishsa, ular keyingisi bo‘lishidan xavotirda. Ularning xavotirida jon bor. Anig‘i shuki, Rossiya Boltiqbo‘yida Ukrainada bo‘lgani kabi jiddiy qarshilikka uchramaydi. Bu uch davlatni Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan osongina uzib qo‘yish mumkin, ularning armiyasi ham ojiz.

Bu davlatlar NATO a’zosi ekani ham kamida Tramp hukmronligi davrida hech nimani anglatmaydi, chunki Tramp amalda AQSh alyansning boshqa davlatlari uchun turib bermasligini tushuntirib qo‘ydi. Ya’ni NATOning 5-moddasi shunchaki quruq hujjat xolos. Kamida Tramp davrida.

Bizda hozircha shular, azizlar. Keyingi hafta voqealarga boy bo‘ladi. Tramp Putin bilan ko‘rishib yoki urushni muzlatishga kelishadi yoki Zelenskiy Ukraina yerlarini bermasligini aytib kelishuvni buzadi va jang maydonida chinakamiga yolg‘iz qoladi. Balki Tramp Rossiyaga sanksiya kiritar, lekin bunga endi hech kim ishonmaydi. Balki hech kim taxmin qilmagan boshqa ssenariy bo‘lar. Bu borada muhim voqealardan bexabar qolmaslik uchun Kun.uz'ning sahifalariga obuna bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid