Maktab xodimlariga o‘z hisobidan ta'til olish so‘ralayotgani aytilmoqda. XTV izoh berdi
«Kuchaytirilgan karantin choralari davom etayotgan hozirgi paytda bizni haq to‘lanmaydigan mehnat ta'tiliga chiqish bo‘yicha ariza yozishimizni so‘rashmoqda. Vaholanki, yaqinda mehnat ta'tilidan chiqdik».
«Davlat budjetiga yuklama tushayotgani sababli noma'lum muddatgacha o‘z maoshimizning yarmidan ixtiyoriy tarzda voz kechishimizni so‘rashyapti».
Kun.uz’ga umumta'lim maktablari xodimlari tomonidan yuqoridagi mazmunda murojaatlar kelib tushmoqda.
Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning izoh berishicha, xodimning asosiy yillik mehnat ta'tili tugagach, unga belgilangan tartibda maosh to‘lanishi kerak.
«O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining 2020 yil 4 maydagi qo‘shma xatiga asosan, karantin munosabati bilan tashkilotning ish faoliyati to‘liq yoki qisman to‘xtatilishi sababli, shuningdek, xodimning lavozim majburiyatlarining xususiyatlariga yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z vazifasini masofaviy ish rejimida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlarga o‘tkazish imkoni bo‘lmagan hollarda unga asosiy lavozim maoshidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanishini ta'minlash belgilangan.
Shunga ko‘ra, karantin davrida xodimlarning asosiy yillik mehnat ta'tili davri tugagandan so‘ng ularga qo‘shma xatda ko‘rsatilgan tartibda ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi», deya ma'lum qildi vazirlik rasmiysi.
Yuqoridagi qo‘shma xatda, karantinga oid choralar amal qilish davrida budjet tashkilotlari xodimlarini – hatto masofaviy ish rejimida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan hollarda ham – ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta'tiliga yubormaslik hamda ushbu masala bo‘yicha avval qabul qilingan buyruqlarni qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
Mavzuga oid
07:22 / 12.09.2022
IIBB 142-maktabda o‘quvchilar tekshirilgani bo‘yicha izoh berdi
16:39 / 08.09.2022
Navoiyda ehtiyojmandlarga ajratilgan yordam pullari “tuya” qilinyapti
19:10 / 31.08.2022
Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar toifasi masalasida izoh berdi
20:46 / 09.08.2022