Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xalqni qo‘rqitishga asoslangan boshqaruv – davlatni zaiflashtiradi
O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati: “Qattiqqo‘l bo‘lmasam, xalqni tiyib turolmayman” deb hisobladi. Surunkali qatag‘onlarga uchragan jamiyat esa davlatga ishonmay qo‘ydi. Davlat va jamiyat bir-biridan qo‘rqib yashadi: na xalqda, na hokimiyatda halovat bor edi... “5 daqiqa”ning bu sonida taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning “Erkin millat poydevori” asari haqida gaplashamiz.
“So‘z va fikr erkinligi har qanday hukumatga real vaziyatni bilib turish imkonini beradi. Hokimiyatlar, amaldorlar: “Biz so‘z erkinligisiz ham vaziyatni yaxshi bilamiz”, deyishi mumkin, lekin bunday fikrlash xato ekanini yaqin tarix juda ko‘p marta isbotladi. So‘z va fikr erkinligi har kuni o‘nlab, balki yuzlab qarorlar qabul qiladigan amaldorlarga manipulyatsiyadan qochish, axborot manbalarini diversifikatsiya qilish, vaziyatga har tomonlama nazar tashlash imkonini beradi. Jamiyatdagi muhokamalar esa g‘oya va yechimlar taqchilligining oldini oladi”, – deya yozadi Rabbimov.
Asarda bu shu kabi ko‘plab foydali mulohazalarni uchratish mumkinki, har biri kundalik hayotimizdan olingan va shunchaki, eskicha nazariy qarashlar emas, degan bo‘lardim.
Tan olish kerak, ushbu kitobga muallif bo‘lish ham, bu mavzuda oltin o‘rtaliqni topib gapirish ham oson emas. Chunki siyosatshunos ko‘pchiligimiz uchun hali sovib ulgurmagan kechagi ma’muriyat va ayni paytda biz ichida yashab turgan hukumat haqida gapirgan, juda chuqur tahlillarni bergan.
Rabbimovga ko‘ra, XX asr davomida o‘zbek xalqi bir necha bor qatag‘onga uchradi, og‘ir totalitar tajribani boshdan kechirdi. Bu fojialar asrida millat ruhiyatiga qo‘rquv chuqur singib bordi. Davlat va xalq tomonidan sodir bo‘lgan kelajak xatolarning aksariyatiga aynan o‘sha qo‘rquv sabab bo‘ldi.
Davlatdan qo‘rqish va unga ishonmaslik kayfiyati O‘zbekiston ijtimoiy tafakkurining markaziy xususiyatiga aylanib ulgurdi. Muallif bu holatni aka-ukadek bir-biriga yaxshi tanish, biroq o‘zaro ittifoqlasha olmaydigan og‘aynilarga o‘xshatadi. Bir tomondan, davlat “xalqqa ishonsam, u meni zaiflashtirishi, ag‘darishi mumkin” degan xavotirda yashagan bo‘lsa, jamiyat “davlat doimo meni bosib kelgan, uni yengmay turib, erkin bo‘lolmayman”, degan munosabat bilan shakllandi.
Biroq dunyo miqyosida ham davlat uchun eng zaif holat – bu o‘z jamiyatiga ishonmaslikdir, deydi muallif. Jamiyatidan qo‘rqadigan davlatlar aksariyat holda tashqi homiy yoki “katta og‘a”lardan tayanch izlaydi. Aksincha, jamiyatiga suyana olgan, xalq irodasiga tayangan davlatlar qudratli va barqaror bo‘ladi. O‘zbekiston misolida birinchi ma’muriyat davri aynan ishonchsizlik oqibatida zaiflashgan davlat va bo‘shashgan jamiyat manzarasini namoyon etdi.
Amaldagi hokimiyat nimaga urg‘u bermoqda, deydi Rabbimov. Masalan, odamlar vazir kim, hokim kim, taniy boshladi, prokuror yoki ichki ishlar xodimi bilan suhbatlashish mumkinligini, ularni savolga tutish ayb emasligini harqalay amalda ko‘ryapti. NKVD vorisi bo‘lgan Milliy xavfsizlik xizmati isloh qilindi, yo‘qolib qolishlar, maska-shoular kamaydi, Jasliq atalmish “qo‘rquv orolchasi” tugatildi.
O‘zbekiston dushman obrazidan voz kechdi. Yonimizdagi davlatlar do‘stimiz ekanligi, ular bilan yaxshi aloqada bo‘lish zaiflik emas, kuch sifatida baholana boshladi.
Rasmiy ommaviy axborot vositalarimiz “O‘zbekistonda qashshoqlik yo‘q”, “bizning yutuqlarimizni dunyoning o‘zi ko‘rolmayapti”, degan gaplarni deyarli to‘xtatdi.
So‘z va matbuot erkinligi sohasida ham jiddiy burilish yuz berdi. Yillar davomida muhrlangan dolzarb mavzular ommaviy muhokamaga chiqdi, internet va ijtimoiy tarmoqlar fuqarolar minbariga aylandi. Tanqid uchun ta’qiblar va tazyiqlar sezilarli darajada pasaydi – mamlakat ichida turib, eng og‘riqli muammolar haqida oshkora yozish va efirga chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi.
O‘ylaymanki, bu kitob barcha davrlarga, ma’muriyatlarga birdek tegishli.
Asarda 20 ta mavzu bor. O‘tmishdagi siyosat tahlili, davlatga ishonchsizlik ruhiyati, prezidentning kam intervyu berishi, so‘z erkinligi, ijtimoiy norozilik, davlatning tashqi qarzi, ko‘zga ko‘rinmas bosh vazir va yana shu kabi qiziq mavzular o‘rin olgan.
Tan olish kerak, kecha va bugunning xato-kamchiliklari, yutuqlari taqqoslanganda doim kuzatuvchilar ikki tomonga bo‘linadi. Bu tabiat qonuni, albatta. Biroq kitobni o‘qimasdan turib fikr bildirishga shoshilmaslik kerak.
Kitobni yosh jurnalistlar, kattayu kichik siyosatchilar, hukumat amaldorlari, tarixga qiziquvchilar, mayli, qiziqmaydiganlarga ham tavsiya qilaman. O‘qing, afsus qilmaysiz!
Mavzuga oid
17:30 / 28.03.2026
Odamzodni “mukammallashtirish” orzusi qanday yakunlandi? | 5 daqiqa
16:45 / 14.03.2026
Ikki asr avval ogohlantirilgan xavf: orzularni umringiz evaziga sotib olasiz / 5 daqiqa
11:30 / 07.03.2026
Dunyoning navbatdagi jarohati - urushlar barchani mag‘lub qiladi / 5 daqiqa
16:30 / 28.02.2026