Jahon | 10:15 / 30.12.2025
15999
6 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Ukrainani «Putinning qarorgohiga hujum qilish»da aybladi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Zelenskiy «bu navbatdagi yolg‘on va Kiyevga zarbalar berish uchun bahona» ekanini ma’lum qildi. Putin «bunday hujum» haqida Trampga aytib bergan. Amerika prezidenti «bu yomonligi va hozir buning mavridi emasligi»ni bildirgan.

Foto: TASS

Rossiyadagilar nima deyishdi?

RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina prezident Vladimir Putinning Novgorod oblastidagi Valday qarorgohiga dronlar bilan hujum uyushtirgani haqida gapirdi. Lavrov bu so‘zlariga hech qanday dalil keltirmagan. Bu ma’lumot mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

«2025 yil 28 dekabrdan 29 dekabrga o‘tar kechasi Kiyev rejimi RF prezidentining Novgorod oblastidagi davlat qarorgohiga 91 ta uchuvchisiz uchish qurilmasidan foydalangan holda terrorchilik hujumini amalga oshirishga harakat qildi», – degan Lavrov Moskvada jurnalistlarga. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchilar va yetkazilgan zarar haqida ma’lumot kelib tushmagan.

RF mudofaa vazirligi Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning 91 ta droni urib tushirilgani, shundan 41 tasi Novgorod oblasti osmonida, 49 tasi – Bryanskda, yana bittasi – Smolensk ustida to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Lavrov Rossiya bu hodisaga javob qaytarishini aytgan. «Bunday o‘ylovsiz harakatlar javobsiz qolmaydi. RF qurolli kuchlarining javob zarbalari beriladigan obektlar va ularni amalga oshirish vaqti belgilab olingan», – degan u.

RF TIV rahbari Rossiya muzokaralardagi o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishini ham aytgan:

Ushbu aksiya Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha Rossiya va AQSh o‘rtasidagi qizg‘in muzokaralar chog‘ida amalga oshirildi. Biz AQSh bilan muzokaralar jarayonidan chiqmoqchi emasmiz. Shu bilan birga, davlat terrorizmi siyosatiga o‘tgan jinoiy Kiyev rejimining yakuniy qayta tug‘ilishini hisobga olgan holda, Rossiyaning muzokaralar pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi.

RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Vladimir Putin 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida bu haqda AQSh prezidenti Donald Trampga ham xabar bergan. Ushakov Amerika rahbari Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilgani haqidagi ma’lumotdan shokka tushgan va g‘azab otiga minganini aytgan. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Tramp «bunday telbavor harakatlar»ni hatto taxmin ham qila olmasligi haqida gapirgan.

Ukrainadagilar nima demoqda?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Lavrovning bayonotini «RFning navbatdagi yolg‘oni» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bundan Kiyevga zarba berish uchun bahona sifatida foydalanmoqchi.

«Rossiya Federatsiyasining navbatdagi yolg‘oni. Kecha [28 dekabr kuni] Tramp bilan uchrashuvimiz bo‘lgandi. Tushunarliki, agar biz bilan Amerika o‘rtasida mojaro chiqmasa, bizda o‘sish kuzatilsa – bu ruslar ular uchun muvaffaqiyatsizlik. Chunki ular bu urushni tugatishni istamaydi. Uni faqat ularga bosim o‘tkazish orqali tugatish mumkin. Menimcha, ular tugatmaslik uchun bahona izlagan, bunga ishonchim komil», – dedi Zelenskiy jurnalistlarga.

Ukraina prezidenti Rossiyaning bayonotini «juda xavfli» deb atagan. Uning fikricha, bu Ukraina va AQShning Rossiya-Ukraina urushini hal qilish bo‘yicha barcha yutuqlarini barbod qilishi mumkin:

Rossiyaliklar go‘yoki Rossiya diktatorining qaysidir qarorgohiga zarba berilgani haqida yolg‘on hikoya o‘ylab topishdi, shunda ular Ukrainaga, xususan, Kiyevga zarba berishni davom ettirish uchun asosga ega bo‘lishadi, shuningdek, urushni tugatish uchun zarur choralarni ko‘rishdan bosh tortishadi. Ruslarning odatiy yolg‘on taktikasi. Bundan tashqari, ular allaqachon Kiyevga, xususan, Ukraina Vazirlar Mahkamasi binosiga zarba bergandi.

O‘z navbatida, Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga Rossiya bu hikoyani faqat bitta sabab bilan «to‘qib chiqargani»ni aytgan: Rossiyaning Ukrainaga keyingi hujumlari uchun bahona yaratish, shuningdek, tinchlik jarayoniga putur yetkazish va to‘sqinlik qilish».

Vazir Ukraina «Rossiyaning Ukraina bo‘ylab zarbalariga javoban faqat Rossiya hududidagi harbiy obektlarga zarba berayotgani»ni bildirgan.

AQShdagilar nima deydi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil delegatsiyasi bilan uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida shu mavzu yuzasidan fikr bildirdi. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u bu haqda Vladimir Putin bilan 29 dekabr kungi telefon muloqoti chog‘ida xabar topgan.

«Bu menga yoqmaydi. Bu yomon. Men bu haqda bugun ertalab bildim. Bu haqda menga prezident Putin aytib berdi. Erta tongda u o‘ziga hujum qilishganini aytdi. Bu yomon. Bu yomon. Yodda tuting, men [Ukrainaga] „Tomagavk“ yetkazib berilishini to‘xtatgandim, men buni xohlamagandim», – degan Tramp.

Shu bilan birga, Tramp AQSh dronlar hujumi chindan ham bo‘lganmi-yo‘qmi, bunga aniqlik kiritishini aytdi. «Siz „balki hujum bo‘lmagandir“ deyapsiz, bo‘lishi mumkin. Lekin prezident Putin bugun ertalab menga hujum bo‘lganini aytdi», – dedi Tramp jurnalist ayolning shu haqdagi savoliga javob berarkan.

AQSh prezidenti bu «nozik davrda» ro‘y berganini qo‘shimcha qilgan:

Hozir buning mavridi emas. Ular tajovuzkor bo‘lgani uchun tajovuzkor bo‘lish boshqa. Uning uyiga hujum qilish – boshqa gap. Hozir bunday ishlarning vaqti emas. Bunday qilmaslik kerak. Men buni prezident Putindan eshitdim. Men bundan qattiq g‘azablandim

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid