O‘zbekiston | 21:57 / 26.12.2025
3104
4 daqiqa o‘qiladi

Kosmosga uchadigan o‘zbek va jinoiy to‘dalarga eslatma: prezident murojaatida nimalar dedi?

O‘zbekiston prezidentining yillik murojaatnomasi qariyb uch soat davom etdi. U davlat YaIM 145 mlrd dollarga yetgani, kelasi yilda 160 mlrd dollardan oshishini aytdi. Bundan tashqari, ilk o‘zbek kosmonavti fazoga uchirilishi e’lon qilindi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev jinoiy to‘dalar faoliyatini to‘xtatishda davlatning qudrati yetishini eslatdi, narkojinoyatlar sonidan xavotirini yashirmadi. Xo‘sh, davlat rahbari yana nimalar dedi?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

An’anaga muvofiq, prezident yangi yilga ham nom berdi. Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan 2026 yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi. 

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, 2025 yilda 1,5 million aholi kambag‘allikdan chiqqan. Iqtisodiyot texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazilmoqda. 2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi. Endi erkin iqtisodiy zonalarga mashhur brendlar jalb qilinadi. Olmaliqda qiymati 2,7 mlrd dollarlik yangi metallurgiya majmuasi qurilishi boshlanadi. Murojaatnomaning yana bir asosiy yangiligi – O‘zbekistonning ilk kosmonavti kosmosga uchirilishi haqida bo‘ldi. 

Xo‘sh, oddiy odamlar uchun qanday yangiliklar bor? 2026 yilda 140 mingta ko‘p qavatli uylar quriladi. «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun yangi liniya quriladi. Prezident bu gal ekologiya mavzusiga ham jiddiy to‘xtaldi. Mirziyoyevga ko‘ra, endi ekologiya iqtisod darajasidagi asosiy masala. Avvalo, Toshkent shahri va uni o‘rab turgan hududlardagi ko‘mir bilan isuvchi qozonxonalar ko‘chirib yuboriladi. Filtrsiz sanoat korxonalari filtr o‘rnatishi uchun kredit beriladi, bu ishlarga prezident taxminan 100 mln dollar va’da qildi. 

Endi O‘zbekiston tashqi qarz olishi uchun buni parlament tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Buni prezident xalqqa murojaati chog‘ida taklif etdi. Bundan tashqari, deputatlarning so‘rovlariga javob bermagan amaldorlar ustidan prokuratura surishtiruv o‘tkazib, ish ochadi.

 Narkomaniya va narkobiznes allaqachon O‘zbekistonda ham ko‘zga ko‘rinarli muammoga aylangan. Prezidentning ochiqlashicha, 2025 yilning o‘zida 14 mingta narkobiznes bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan. Shavkat Mirziyoyev buni aytarkan, o‘z xavotirini ham bildirdi. 

O‘zbekiston rahbari murojaatida jinoiy to‘dalar haqida ham gapirdi. Hattoki, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy to‘dalar borligi aniqlangan.

Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalarga zo‘ravonlikni qoraladi, davlat ayollarni hech qachon muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligini eslatdi. Tashqi siyosat borasida O‘zbekiston teng huquqli sub’yekt o‘laroq ishtirokini davom ettiradi. Asosiy sheriklarimiz deya prezident avvalo Rossiya, Xitoy, AQSh va keyin boshqa davlatlarni sanadi. Rasmiy Toshkent Afg‘oniston bilan ham savdodagi hamkorlikni davom ettiradi. Shavkat Mirziyoyevning yillik murojaatidan asosan shu gaplar o‘rin oldi.

Mavzuga oid