Sport | 08:30 / 31.08.2019
77652
2 daqiqa o‘qiladi

Bektemir Meliqo‘ziyev meksikalik raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi

Foto: Twitter/@GoldenBoyBoxing

Professional boksning super o‘rta (76,2 kg) vazn toifasida faoliyatini davom ettirayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev (2-0, 2 KO) navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Kaliforniyada o‘tkazilgan jangda o‘zbekistonlik bokschi meksikalik Rikardo Luna Flores (22-7-1, 14 KO) bilan bahslashdi. Jang sakkiz raundga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, birinchi raunddayoq nihoyasiga yetdi. 

Bektemir Meliqo‘ziyev Rikardo Luna Floresni qator aniq zarbalar bilan qulatdi. Jang hakami raund yakuniga 56 soniya vaqt qolganida nokaut holatini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Bektemir Meliqo‘ziyev joriy yilning 14 iyun kuni Los-Anjyelesda, Hollivuddagi The Avalon saroyida professional boksdagi ilk jangida shu vaqtga qadar professional ringda 46 jang o‘tkazgan argentinalik Martin Fidel Riosga (23-20-4, 13 KO) qarshi ringga ko‘tarilgandi. 6 raundga mo‘ljallangan jangning birinchi raundidayoq profi-boksdagi faoliyatini «bezori» (Bully) laqabi bilan boshlagan o‘zbekistonlik sportchi tomonidan berilgan dastlabki kuchli zarba Riosni yerga qulatdi va hakam sof nokaut qayd etdi.

Bektemir Meliqo‘ziyev shu yilning aprelidan buyon Amerikada «Mir boksa» promouterlik klubi tarkibida mashg‘ulotlarda ishtirok etib kelmoqda. Uning murabbiylari Joel Dias va Antonio Dias hisoblanadi.

Mavzuga oid