Jamiyat | 15:21 / 15.06.2021
29057
3 daqiqa o‘qiladi

Ishtixonda hokimlik matbuot xizmati xodimi jurnalist kamerasining xotira kartasini «yeb qo‘ygani» aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati xodimi shu tumanga borgan jurnalistlarning kamerasiga tashlanib, undagi xotira kartasini chaynab, yo‘q qilgani haqida xabar tarqaldi.

Ma'lum bo‘lishicha, 14 iyun kuni «My5» telekanali «Markaziy studiya» ko‘rsatuvi xodimlari Ishtixon dehqon bozoridagi oziq-ovqat rastalarida sodir bo‘lgan yong‘in tafsilotini yoritish uchun voqea joyiga borgan. Ammo bu yerda jurnalistlar tuman hokimligi axborot xizmati xodimi Ilhom Boboyevning qarshiligiga uchragan. Tarqalgan videolarda voqealar tasvirga olinayotgan vaziyatda axborot xizmati xodimi kamera xotira kartasini sug‘urib olayotgani ham tushib qolgan.

«My5» muxbirining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ijodiy guruh yong‘in sodir bo‘lgan hududga borganida, mahsulotlari yonib kul bo‘lgan tadbirkorlar bilan suhbatlashayotgan tuman hokimini uchratgan va holat bo‘yicha qisqacha izoh ham olgan.

«Biroq hokimlik axborot xizmati aynan yong‘in joyidan tasvirlar olishimizga qarshilik ko‘rsatib, muammo hal bo‘lganini ayta boshladi. Biz hech qanday muammoni emas, bo‘lgan voqeani yoritmoqchimiz, deyishimizga qaramasdan qarshilik ko‘rsatishda davom etdi. Keyin esa to‘satdan kameramizdan xotira kartasini olib qo‘ydi.

Sheriklarim uning kartani og‘ziga solib chaynab yuborganini aytmoqda. Axborot xizmati xodimi kartani chaynab yo‘q qildimi, yutib yubordimi, nima qildi, aniq bilmayman. Ammo unda juda muhim ishlarimiz bor edi.

Tezda vaziyatga IIB xodimlari aralashib, Ilhom Boboyevning bizga qarshiligini to‘xtatdi, ammo baribir xotira kartasiz qoldik», deydi muxbir.

Kun.uz Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati rahbari bilan bog‘landi.

«Bozordagi holatni o‘rganish uchun kechasi soat 01:00da borgandik. Tushga yaqin endi odamlarni tinchlantiray deganimizda hammasi qaytadan boshlandi. Fuqarolardan intervyu olishlari jarayonida yana odam yig‘ilib ketdi. Odamlar jazavada ekanini bir necha bor tushuntirdim, odamlar, ayollar yana urishib ketishdi. Xullas, tushunmovchilik bo‘ldi», deydi hokimlik axborot xizmati rahbari.

Hokimlik axborot xizmati bu borada tez orada rasmiy ma'lumot berilishini bildirdi.

Mavzuga oid