Jahon | 17:12 / 19.04.2026
4362
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Taganrogdagi dronlar zavodiga raketa zarbasi yo‘lladi

Rossiya esa Chernihiv va Sumi oblastlari bo‘ylab dronlar hujumi uyushtirgan.

Foto: ASTRA

Rossiyaning Rostov oblasti Taganrog shahridagi «Atlant Aero» zavodi Ukraina qurolli kuchlari hujumiga uchradi, korxona hududida yong‘in chiqqan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 19 aprel tongida bergan ma’lumotga ko‘ra, zavodga «Neptun» raketasi orqali zarba berilgan. Mahalliy rasmiylar hujum oqibatida uch kishi yaralanganini xabar qilgan.

Ukraina harbiy-dengiz kuchlari «Atlant Aero» zavodini Rossiya harbiy-sanoat kompleksining muhim qismi deb atagan. Ushbu korxonada «Molniya» tipidagi zarbdor-razvedkachi dronlar yig‘iladi, shuningdek «Orion» dronlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqiladi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi qayd etishicha, ushbu zavodga zarba berilishi «dushmanning uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish qobiliyatini pasaytiradi va Rossiyaning Ukraina hududidagi fuqarolik obektlariga zarba berish imkoniyatlarini zaiflashtiradi».

Chernihivda dronlar hujumi oqibatida bir o‘smir halok bo‘ldi

Rossiya qurolli kuchlari 19 aprelga o‘tar kechasi Chernihivga dronlar bilan keng ko‘lamli zarba berdi.

Hudud harbiy ma’muriyati boshlig‘i Vyacheslav Chausning so‘zlariga ko‘ra, sanoat obekti, xususiy turar joy binolari, litsey va 2022 yildan buyon ishlamay turgan tibbiyot muassasasi hujumga uchragan. Chernihiv shahri harbiy ma’muriyati boshlig‘i Dmitro Brijinskiyning aniqlik kiritishicha, yong‘in natijasida uchta turar joy binosi vayron bo‘lgan, bundan tashqari, ma’muriy binoga zarar yetgan.

Hujum oqibatida 16 yoshli o‘smir halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar xarobalarni tozalash vaqtida uning jasadini topishgan. Yana to‘rt kishi yaralangan.

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabariga ko‘ra, 19 aprel kuni tongida Rossiya dronlari Xersonda ham avtomobilga hujum qilgan. Qutqaruvchilar mashina ichidan haydovchining jasadini chiqarib olishgan. Yana ikki kishi yaralangan.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlariga ko‘ra, RF qurolli kuchlari tun bo‘yi va tongda Ukraina bo‘ylab 236 ta dron uchirgan (shundan 150 ga yaqini zarbdor Shaheed dronlaridir). 18 ta nuqtada 32 ta zarbdor dron zarbasi qayd etilgan.

Sumi oblastining Shostka shahri Rossiya dronlari hujumidan keyin

RF qurolli kuchlari 19 aprelga o‘tar kechasi Sumi oblastining Shostka shahriga dronlar bilan hujum qildi. Turar joy binolari zarba ostida qolib, yirik yong‘inlar kelib chiqqan. Takroriy zarbalar xavfm tufayli qutqaruvchilar bir necha bor ishni to‘xtatishiga to‘g‘ri kelgan.
Francisco Richart / Anadolu / Getty Images
Francisco Richart / Anadolu / Getty Images
Francisco Richart / Anadolu / Getty Images
Francisco Richart / Anadolu / Getty Images
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid