Jahon | 10:34
2040
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari Rossiya neft sanoatiga hujumlarni davom ettirmoqda

Vantor / Reuters / Scanpix / LETA

18 aprelga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiya neft sanoatining to‘rtta obektiga hujum qildi.

Shundan ikkitasi Samara oblastida joylashgan – bular Novokuybishevsk va Sizrandagi neftni qayta ishlash zavodlaridir. Astra nashri guvohlar tomonidan e’lon qilingan suratlarni o‘rganish orqali «Rosneft»ga tegishli bo‘lgan Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodida yong‘in yuzaga kelganini xabar qilgan. Ukraina dronlari bu korxonaga 2025 yil kuzida ham hujum qilgandi. Sizrandagi neftni qayta ishlash zavodi ham «Rosneft»ga tegishli hisoblanadi va u ham 2025 yil noyabr va dekabr oylarida ukrain dronlari nishoniga aylangandi.

Samara oblastidagi neftni qayta ishlash zavodiga zarbadan keyingi yong‘g‘in. 2026 yil 18 aprel
Exilenova+
Sizrandagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba. 2026 yil 18 aprel
Exilenova+

Bundan tashqari, dronlardan biri Novokuybishevskda qurilayotgan uyga tushgan. «Trayektoriyasiga ko‘ra, dron mo‘ljalda adashgan va korxona yonidan o‘tib ketgan», – deya yozadi guvohlarning foto va videolari geolokatsiyasini aniqlagan Astra nashri.

Samara oblasti gubernatori Vyacheslav Fedorishchev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida regionga dronlar hujumi haqida xabar bergan. Uning yozishicha, dronlardan biri «Novokuybishevskdagi tug‘ruqxona yaqiniga qulagan». Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, bino derazalari to‘kilib ketgan.

Novokuybishevskdagi tug‘ruqxonada dron zarbasi oqibatlari. 2026 yil 18 aprel
Novokuybishevskdagi tug‘ruqxona
Novokuybishevskdagi tug‘ruqxona

Fedorishchev «Novokuybishevsk va Sizrandagi sanoat korxonalariga zarbalar kelib tushgani» haqida ham aytgan, ammo aynan neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilinganiga to‘xtalmagan. U hujumlar oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Krasnodar o‘lkasida esa 18 aprelga o‘tar kechasi Tixoretskdagi neft baza yonib ketgan. Mahalliy rasmiylar yong‘in sababiga oydinlik kiritmagan, faqat uni o‘chirishga 200 dan ortiq kishi va 56 ta texnika jalb etilganini ma’lum qilgan. Rasmiy xabarga ko‘ra, yong‘in to‘qqiz soat o‘tib o‘chirilgan.

Shuningdek, 18 aprelga o‘tar kechasi Leningrad oblastining Visotsk porti hududida dronlar hujumi oqibatida yong‘in chiqqan – bu Rossiya nefti eksport qilinadigan nuqtalardan biri hisoblanadi. Hudud gubernatori Aleksandr Drozdenkoning telegram-kanalidagi kadrlarga ko‘ra, yong‘inni o‘chirishga bir necha soat vaqt ketgan. Drozdenko hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo‘qligini qayd etgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya neft obektlariga zarbalar yo‘llanganini tasdiqlab, bu obektlarning barchasi «Rossiya qurolli kuchlari ta’minotida foydalanilishi»ni qayd etgan.

RF mudofaa vazirligi esa 17 aprel kuni soat 20:00 dan 18 aprel kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida navbatchilikdagi havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning 258 ta dronini to‘xtatgani va yo‘q qilgani, jumladan, Samara va Leningrad oblastlarida, shuningdek, Krasnodar o‘lkasida hujumlar qayd etilganini ma’lum qilgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid