O‘zbekiston | 16:48 / 06.03.2024
23862
7 daqiqa o‘qiladi

Boshog‘riq ma’lumotlar bazasi: yo‘q uyga soliq to‘laysan, uyingda begona odam propiskada

Respublikamizda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari joylashtirilgan ma’lumotlar bazasi bilan bog‘liq noaniqliklarni nimadir qilish kerak. Bu fuqarolarimizga qo‘shimcha tashvish olib kelib, qo‘shimcha to‘lovlar to‘lashiga sabab bo‘lmoqda.

Shaxsan o‘zim mana shunday noaniqliklarga duch kelib, qanday to‘g‘rilashni bilmay turibman. Keling, bir boshidan hikoya qilib beray.

2018 yilda Samarqand viloyati «Po‘latdarxon» MFYda joylashgan namunaviy loyiha asosida qurilgan kottejimni sotdim. Bankdagi kreditlarini so‘ndirib, taqiqdan chiqarib, Loyish shaharchasidagi davlat notarial idorada yangi egasiga rasmiylashtirib berdim.

Bugungi kunga kelib, o‘sha uy uchun mendan mulk va yer solig‘i talab qilinmoqda. Holbuki, bu uyga endilikda egalik huquqiga ega emasman.

Soliq ilovasida endilikda menga tegishli bo‘lmagan obekt uchun hisoblangan soliq miqdori

Uyni mendan xarid qilgan inson kadastr idorasida uni nimaga rasmiylashtirib, ro‘yxatdan o‘tkazmadi ekan, degan xayolga ham bordim.

Keyinchalik mendan uyni xarid qilgan odam topildi va uyni o‘z nomiga rasmiylashtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni uyning yangi kadastr raqami bo‘yicha u ham soliq va boshqa to‘lovlarni muntazam to‘lab kelayotganini ta’kidladi.

Kadastr idorasi tomonidan berilgan guvohnomalarda uyning kadastr raqami negadir ruchkada o‘zgartirilgan. Eski raqam bo‘yicha menga soliq yozilmoqda. Ya’ni men aslida yo‘q uy uchun soliq to‘layapman.

Yer uchastkasining yangi egasi nomiga rasmiylashtirilgan kadastr guvohnomasi
Uyning yangi egasi nomiga rasmiylashtirilgan kadastr guvohnomasi

Eng qizig‘i — ana shu mening egaligimda bo‘lmagan, aslida yo‘q uy uchun chiqqan soliq qarzdorligi uchun Oqdaryo tuman soliq inspeksiyasi pulni undirish maqsadida meni sudga beribdi.

Oqdaryo tuman soliq inspeksiyasining sudga da’vo arizasi

Hozir men endi tashvishga mubtalo bo‘lib, sudda uy menga tegishli emasligini isbotlashim kerak.

Bu o‘rinda soliqchilarning ham aybi yo‘qdek, ular ham kadastr bazasidagi ma’lumotlarga qarab soliq undirishadi. Kadastr bazasi esa haligi, o‘zingiz taxmin qilgandek ahvolda. U yerda ishlaydiganlar ruchka bilan ma’lumot o‘zgartiradigan, o‘zgartirgan ma’lumotni bazadan o‘chirmaydigan darajada. Kompyuterda ishlashni ham bilishmasa kerak. Tumandagilar ayniqsa.

Bu holatni kanalimda yoritganimdan keyin ancha shov-shuv bo‘ldi, bundan soliqdagilar ham, kadastrdagilar ham xabarsiz qolishmadi va kadastr idorasi soliq idorasiga xat chiqarib, xatolikni bartaraf qilishni so‘rabdi (buni maqola e’lon qilinishi asnosida bilib qoldim). Ko‘ramiz, bu xat ish beradimi yo sudlanamanmi baribir?

Oqdaryo tuman kadastr idorasining tuman soliq inspeksiyasiga xati.

Bu kadastr bazasidagi noaniqliklar edi, endi IIV tasarrufidagi propiska bazasiga o‘tamiz.

U kuni shaxsiy telegram kanalimning aloqa botiga shunday murojaat keldi:

«Buxoroda ichki ishlar tizimi propiskasi yo‘q yoki propiskasi noaniq fuqarolarni boshqa odamlarning uylariga taqsimlab kiritib yuborgan. Bu narsa ehtimol boshqa viloyatlarda ham sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Masalan, bizlarni xonadonimizga 3 ta begona fuqaro kiritilganligini chiqindi pulini so‘rab kelishgan paytda bildik. Axir bu jinoyat emasmi?!

Bunday holat bir necha tanishlarimda ham kuzatildi.

Murojaatni kanalimda e’lon qilganimdan so‘ng, izohlarda bu narsa butun respublikada kuzatilayotganini yozishdi. Ishonqiramay, o‘zim Samarqandda propiskada turgan uyimni my.gov.uz orqali tekshirdim.

Farzandlarimdan biri propiskada yo‘q, biroq uning o‘rniga bizga mutlaqo notanish, 1990 yilda tug‘ilgan ayol uyimizda propiskada turibdi.

Men turgan uyda propiskada bizga mutlaqo notanish ayol joylashtirilgan.

My.gov.uz orqali IIVga u ayolni propiskadan chiqarish bo‘yicha so‘rov tashladim. Arizamga rad javobi berildi!

Begona shaxsni uyimdan propiskadan o‘chirish bo‘yicha ariza berdim va u rad etildi.

Odamlarning yozishicha, hozir chiqindi pullari propiskada turgan odam soniga qarab yig‘ilmoqda va ko‘pchilik uyida mutlaqo begona odamlar propiskaga qo‘yilganini shu asnoda bilib qolishmoqda.

Begona, o‘zi umuman yashamaydigan odam uchun pul to‘lagisi kelmaydi-da hech kimning. Chiqindi yig‘uvchi korxonalar esa IIVning ma’lumotlar bazasi bo‘yicha odam sonini hisoblamoqda.

IIV esa noto‘g‘ri kiritilgan ma’lumotni qanday qilib o‘chirish mumkinligi haqida oson yo‘riqnoma qilmagan. My.gov.uz orqali qilingan murojaatni avtomatik rad etyapti (isbotim bor, o‘zim boshdan kechirdim).

* * *

Bunday muammolar, xatolar va tushunmovchiliklar kimlargadir mayda-chuyda ko‘rinar, lekin odamlar o‘rtasida davlat organlariga nisbatan ishonchsizlik paydo qiladi. Bu — aniq! DAVLAT IShINI EPLOLMAYaPTI, degan xulosaga kela boshlaydi odamlar. Shu ishga mutasaddi bo‘lgan, xalq hisobidan maosh olib ishlayotganlar ishni joy-joyiga qo‘yish o‘rniga laylak haydab yuribdi, degan xulosaga keladi, bunday muammoga duch kelgan har qanday odam.

Shu propiska va boshqa shu kabi bazalarni nahotki joy-joyiga qo‘yib qo‘yish shunchalik qiyin ish bo‘lsa?! Mahallalarda yettiliklar ishlayapti. Erta tongdan turg‘azib, ularga baralla madhiya ayttirish o‘rniga, bir tiyinga qimmat xatlovlar bilan sutkasiga 24 soat ishlatish o‘rniga, mana shunaqa tushunmovchiliklarni bartaraf qilishga sarflansa bo‘lmaydimi shuncha resurs?

XXI axborot asrining ham chorak qismi o‘tib bo‘ldi. Haligacha ishonchli, soatdek aniq ishlaydigan bir baza yarata olmaganimizdan hayratdaman, ochig‘i. Chunki bunday bazalar qo‘shnimning jiyani, xolamning tog‘asining o‘g‘li, ammamning pochchasi kabilarga emas, qo‘lidan haqiqiy ish keladigan dasturchilarga qildirilishi kerak. Men sanagan toifadagi insonlarga qildirilsa, jabrini mana bizga o‘xshagan qora xalq tortaveradi.

Bunday xato va tushunmovchiliklarning kelib chiqish sababi va ularni bartaraf etish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilishi haqida Davlar Kadastlar palatasi va Ichki ishlar vazirligi birrov tushuntirish berib qo‘ysa foydadan xolis bo‘lmasdi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid