O‘zbekiston | 11:46 / 08.09.2022
37961
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT sammitiga kimlar kelishi ma’lum bo‘ldi

Kelgusi haftada Samarqand Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashi majlisiga mezbonlik qiladi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tadbir ShHT yetakchilarining 2019 yildan buyon birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi va O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligiga yakun yasaydi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy raisi Si Tszinpin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etadi. 

Rasmiy xabarda O‘zbekiston raisligi davrida asosiy e’tibor tashkilot doirasidagi hamkorlik savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini ilgari surish, transport-kommunikatsiya o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish, raqamli transformatsiya va "yashil" iqtisodiyot, ShHT xalqaro nufuzini mustahkamlash kabi eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga qaratilgani aytiladi.  

Mavzuga oid