O‘zbekiston | 16:12 / 30.01.2026
14711
8 daqiqa o‘qiladi

IIVda katta "tozalash" va korrupsiyada ayblanyotgan amaldorlar: Bu nimalarga ishora?

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov boshqaruvda shaffof mexanizmlar ishga tushirilmasa, IIV tizimidagi rotatsiyalar korrupsiyaviy holatlarni kamaytirmasligini aytmoqda. Siyosiy tahlilchi Hamid Sodiq esa bu jarayonda siyosiy elitani ham qonun doirasiga kirgazishni, parlamentni esa "jonlantirish"ni bildirdi. Xo‘sh, bu choralarni amalga oshirish qanchalik real? Kun.uz o‘tkazgan suhbatda shu masalalar muhokama qilindi.

27 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida poytaxtda xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda IIV tizimi ham qattiq tanqid qilinib, ko‘plab yuqori lavozimdagi amaldorlar talon-tarojliklar bilan ayblanyotgani ma’lum qilindi. Bir qancha rasmiylar ishdan ketdi, ayrimlari qamoqqa olindi.

Kun.uz'ning shu mavzu tahliliga atalgan suhbatida inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov hamda siyosiy tahlilchi Hamid Sodiq bu harakatlar nimani anglatishi va hukumat oldida qanday vazifalar turgani haqida fikrlarini bildirishdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.

50 dan ortiq odamlar qamoqqa olingan” – inson huquqlari faoli

Tashanov bu kartinada asosiy e’tibor qaratiladigan nuqta korrupsiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Uning ma’lumot berishicha, buning ortidan 50 nafardan ziyod odam qamoqqa olingan.

Bosh prokuraturaning korrupsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi tomonidan bir nechta jinoyat ishlari olib borilyapti. Bularning, demak, birinchisi — Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boshlig‘i Tursunovlarga oid jinoyat ishi. Mening bilishimcha, hozir 50 dan ortiq odamlar qamoqqa olingan. Demak, Ichki ishlar vazirligi, jinoiy jazolarni ijro etish, yo‘l-patrul, hatto Moliya vazirligidan va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari tizimidan bir necha mulozimlar hibsga olingan.

Umumiy keltirilgan dastlabki zararlar miqdori hozir 185 milliard so‘m haqida, ya’ni 15 million dollardan ortiq ekanligi aytilyapti. Endi bu o‘sha poytaxtda “aqlli svetoforlar” joriy etish bilan bog‘liq katta talan-tarojlik[lar bilan bog‘liq]. Endi men hozir tergov sirlari bo‘yicha, albatta, majburiyat bor, biz uni ochiqlashga haqqimiz yo‘q. Lekin aytish mumkinki, xorijdan bu narsalar import qilinishi kerak bo‘lgan, ammo o‘sha mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz qanaqadir qing‘ir yo‘llar bilan ko‘plab jinoyatlarni sodir etgan”, – deydi u.

Inson huquqlari faoli qamoqqa olinganlarning barchasi aybli ekaniga gumon qilmoqda. Tashanov jarayonda aybsizlar bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

Endi o‘zi o‘zbeklarda bir gap bor, “o‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-u quruq baravar yonadi”, deydi. Men inson huquqlari tashkilotining rahbari sifatida bitta narsani aytishim mumkin, ya’ni bizga hozir kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, jinoyatga daxli kamroq bo‘lgan yoki bo‘lmasa jinoyatda faollik ko‘rsatmagan, bekordan-bekorga qamalayotgan odamlar ham bor. Ayniqsa, mana Moliya vazirligidan bir necha shaxslarning qarindoshlari keldi, mana bizning odamlarimizga ham shunchaki tepadan bo‘lgan narsaga qo‘l qo‘ygan qarindoshlarimiz mana nima qilindi deyildi.

Va hozir matbuotga ochiqlanmayotgan narsalar bor. Ya’ni, o‘sha Kadrlar boshqarmasining boshlig‘i ishdan ketdi, bu o‘sha nufuzli shaxslardan biri edi. Hatto shunchalikkacha bordi, ya’ni bu o‘zi davr taqozosi, chunki shunga kelmasa, xalq judayam norozi edi. Va bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” idorasining o‘sha mas’ul xodimlari, u yerda ham bir necha milliardlik talan-tarojliklar kelib chiqadi. Va agar bu seriya davom etadigan bo‘lsa, albatta, juda ko‘p mulozimlar qamoqqa olinishi kerak”, – deydi suhbatdosh.

U shaffof mexanizmlar ishga tushirilmasa, korrupsiyaviy jinoyatlar davom etib, ssenariy takrorlanishidan ogohlantirdi va bunga 3 oy yetishini bildirdi.

Bu qat’iy bir qaror bilan jiddiy ma’muriy islohotlarni talab qiladigan jarayon hisoblanadi”– siyosatshunos

Hamid Sodiq esa kart-blanshlar bilan bog‘liq oldingi va bugungi vaziyatni tahlil qilishga urindi. Ta’kidlanishicha, avvalgi kuch ishlatar tizimlarning vakolati “o‘lim jazosi”ga ham qaror chiqarib, ijro etishiga olib kelgan.

Hatto shunday darajaga yetdiki, bu tizimning ichidagi hozir o‘qishni bitirib kelgan leytenantning ham joylardagi qarori muhokama qilinmas edi. Ya’ni mutlaq muhokama qilinmaydigan shunday bir tizim yaratdi. Ha, 10 - 15 yil jinoyatchilikni kamaytirib, bir barqarorlikni vujudga keltirar, lekin bu tizim tizimlashgandan keyin hatto saroyga xavf sola boshlagandan keyin ham to‘xtatib bo‘lmay qoladi. Va nafaqat, deylik, atrofdagilar, balki mana shu go‘shtqiymalagich o‘zining xodimlarini ham tortib ketganligini ko‘rdik keyinchalik. O‘zining yaratgan go‘shtqiymalagichi o‘zlarini ham tortib ketdi va shuning uchun bu butun tizimni judayam yomon ahvolga olib kelib qo‘ydi va mana shundan voz kechilgani ijobiy holat bo‘ldi”, – deydi u.

Siyosiy tahlilchi bugungi holatda qonundan tashqari rotatsiyalar tizimni balansga keltirishini, masalan, kuch ishlatar tizimlar kuchayib ketib qolmay, balki byurokratik boshqa tizimlar unga balans berayotganini, ammo bu jarayonlar shaffof bo‘lishi tarafdori ekanini qayd etdi.

Parda ortida kechayotganligi uchun bizda ma’lumot yo‘q hozir. Nima uchun olib tashaldi? O‘zi asli sababi nima edi? Nima uchun biz muhokama qila olmayapmiz degan masalalar keyinchalik Abdurahmon akam aytmoqchi bo‘lgan narsa, judayam katta vakolatlar kimda to‘planadi? Agar bunday holat davom etadigan bo‘lsa, kuch ishlatar tizimlarning qaysidir turi kuchayib ketadigan bo‘lsa, yana oldingi holatga kelishimiz mumkin. Shuning uchun bu mana shunaqa qat’iy bir qaror bilan jiddiy ma’muriy islohotlarni talab qiladigan jarayon hisoblanadi. Agar shuni amalga oshirmaydigan bo‘lsa, aynan bu jarayon men uch oy demagan bo‘lardim, olti oy, bir yilning ichida yana takrorlanishi mumkin”, – deydi Hamid Sodiq.

Shuningdek, intervyuda IIV tizimi borasida hukumatning keyingi qadamlari qanday bo‘lishi kerakligi, kadrlar siyosati, parlament kabi siyosiy institutlarni “tiriltirish” masalalari ham muhokama qilindi. Videoning to‘liq shaklini yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid