Jahon | 17:10 / 07.11.2025
5977
7 daqiqa o‘qiladi

«Xotiralar va xaritadagi G‘azo endi yo‘q» – xalqaro jurnalistlar Isroil nazorati ostida G‘azoga bordi

«Shimoliy G‘azoning bu keng hududida faqat bir necha binolar tik qolgan. Bu yerdagi gavjum bo‘lgan shahar mahallalari butunlay vayronaga aylantirilgan», deydi G‘azodagi Shejaiya mahallasida bo‘lgan AP muxbiri. BBCʼning yozishicha, bu qisqa tashrif – qat’iy nazorat ostida bo‘lgan va jurnalistlar hech kim bilan gaplasha olmagan.

G‘azo xarobalari – 5 noyabr,2025 yil. Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Pres

5 noyabr, chorshanba kuni uzoq vaqt yopiqlikdan keyin Isroil mudofaa kuchlari hamrohligida cheklangan xorijiy jurnalistlar guruhi G‘azoga kiritildi. Isroil G‘azo shahrining sharqiy chekkasidagi Shejayiya mahallasini – Hamasning tayanch bazasi bo‘lgan deb ta’riflagan. Shu vaj bilan hududdagi infratuzilma va binolar yer bilan yakson qilingan.

Associated Press, CBS News, BBC va France24 kabi nashrlar jurnalistlari IDF hamrohligida aynan shu hududga olib borilgan.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

«Shimoliy G‘azoning bu keng hududida hanuz tik turgan ozgina binolar yer bag‘ridan chiqib turgan singan suyaklarga o‘xshaydi. Ularning atrofida ilgari zich, gavjum bo‘lgan shahar mahallalari portlatilib, qulatilib yoki butunlay chang va vayronaga aylantirilgan», deb yozdi ikki yillik vayronalardan qolgan hududni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan AP muxbiri.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

Bu joylar urushning dastlabki haftalarida Isroil piyoda qo‘shinlari kirib borgan birinchi hududlardan edi.

«Bu yerda bizning maqsadimiz – hududni Hamasda butunlay tozalash, ular bu yerga qaytmasligiga ishonch hosil qilishdir», – dedi harbiy matbuot kotibi podpolkovnik Nadav Shoshani.

Associated Press fotomuxbiri Ohad Zvigenberg G‘azo vayronalaridan olgan rasmlarini e’lon qildi.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

Hududga kirgan BBCʼning Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri Lucy Villiamsonning aytishicha, G‘azo shahriga qaragan tepalikdan turib, bu urush nimalarga olib kelganini yashirishning iloji yo‘q.

«Xaritadagi va xotiralardagi G‘azo endi yo‘q — uning o‘rnini 180 daraja kenglikda Beyt Hanundan tortib G‘azo shahrigacha cho‘zilgan, bir xil kulrang vayronalar manzarasi egallagan.

G‘azo shahrining uzoqda hanuz tik turgan binolari ortida endi na yo‘nalish, na manzilni aniqlaydigan belgilar qoldi — ilgari o‘n minglab odamlar yashagan mahallalar butkul yo‘q bo‘lgan», deydi u.

 Foto: BBC

Isroil ikki yillik genotsid ko‘rinishiga olib kelgan urushi davomida mustaqil G‘azodan xabar berib borishni OAVlarga taqiqlab qo‘ygan. Bundan tashqari, urush davomida 250 dan ortiq media xodimlarini o‘ldirgan.

«Bu qisqa tashrif qat’iy nazorat ostida bo‘lib o‘tdi, jurnalistlarga na falastinliklar bilan, na boshqa hududlar bilan aloqa qilishga ruxsat berildi. Isroilda harbiy senzura qonunlariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar material nashr qilinishidan oldin uni ko‘rib chiqdi. BBC esa bu reportaj ustidan to‘liq tahririy nazoratni saqlab qoldi», deyiladi xabarda.

 Foto: BBC

Nashrning yozishicha, Isroil harbiy bazasi – Donald Trampning tinchlik rejasida belgilangan «sariq chiziq»dan bir necha yuz metr narida joylashgan. Bu chiziq G‘azoning Isroil nazoratidagi qismlarini Hamas nazoratidagi hududlardan ajratib turadi. Isroil armiyasi ushbu sariq chiziqni yerda tosh bloklar bilan belgilab bormoqda. Bu Hamasga ham, tinch aholiga ham ogohlantirish.

Ushbu guruh bilan G‘azoga kirgan France 24 muxbiri Noga Tarnopolski bu safarni «nihoyatda cheklangan va qat’iy nazorat ostidagi tashrif» deb ta’rifladi.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

Quddusda faoliyat yurituvchi Tarnopolskining aytishicha, jurnalistlar 2023 yil oktyabrda Hamas kesib o‘tgan ayni to‘siqdan o‘tkazilgan va G‘azo shahrining chekkasida joylashgan, yaqinda tashkil etilgan IDF bazasiga olib borilgan.

«Bizni bu harbiy lager atrofidagi qum tepaligiga olib chiqishdi va u yerdan atrofdagi vayronalarni ko‘rishga ruxsat berishdi. Ko‘zingizga tashlanadigan manzara bu – butunlay qum va vayronalar bilan qoplangan cho‘l. E’tiborimni tortgan narsa – havodagi chang edi. U yerdagi havo butunlay boshqacha. Bunga sabab faqat vayronagarchilik emas, shamolni to‘sadigan binolar endi yo‘q. Siz chang buluti ichida turibsiz», deydi u.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

Tarnopolski ham sulh doirasida chizilgan «sariq chiziq»ni aniqlash qanchalik mushkul ekanini aytgan.

«Bugun juda yaqqol ko‘rdikki, bu chiziqni aniq ko‘rish deyarli imkonsiz», — dedi Tarnopolski.

«Sulh kuchga kirganidan beri shu chiziq atrofida qariyb 200 kishi halok bo‘lgan. Harbiylarning o‘zi ham bu chiziq qayerdaligini to‘liq aniqlay olmaydi. Ishonchim komilki, na G‘azo aholisi, na qurolli guruhlar bu joyni aniq bilishadi. Shu bois, «ko‘rinmas chiziqni» kesib o‘tib o‘layotgan g‘azoliklarga oid xabarlar yaqin kunlarda yanada ko‘proq dolzarb mavzuga aylanishi aniq», deb yozgan France 24 muxbiri.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

Sulhga deyarli bir oy bo‘lgan bo‘lsa-da, Isroil kuchlari hali ham «sariq chiziq» bo‘ylab Hamas bilan deyarli har kuni to‘qnashayotganini aytmoqda. Hamas esa Isroilni «yuzlab marotaba sulhni buzganlikda» aybladi. Guruh nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulhdan keyingi Isroil zarbalari oqibatida 240 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

AQSh boshchiligidagi rejaning keyingi bosqichi Hamasning qurolsizlanishini va hokimiyatni xalqaro arboblar, jumladan, prezident Tramp ishtirokidagi falastinlik texnokrat qo‘mitaga topshirishni nazarda tutadi.

Foto: Ohad Zvigenberg / Associated Press

AQSh bu beqaror qarama-qarshilikdan barqaror tinchlik sari o‘tishga urinmoqda. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashiga yuborilgan rezolyutsiya loyihasida G‘azoning xavfsizligini ta’minlash va Hamasni qurolsizlantirish uchun ikki yillik xalqaro barqarorlashtirish kuchi joylashtirish taklif qilingan.

Biroq bu bosqich tafsilotlari aniq emas: G‘azoni himoya qilish uchun qaysi davlatlar qo‘shin yuboradi, Isroil qo‘shinlari qachon chiqadi va falastinlik texnokrat ma’muriyat a’zolari qanday tayinlanadi — noma’lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid