O‘zbekiston | 10:35 / 27.02.2026
14145
5 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimi urib ketilgan BMW'da o‘nlab qoidabuzarliklar sodir etilgan - IIBB

Toshkentda poygada qatnashib, YPX xodimini urib ketgan o‘smir va uning otasi uzr so‘radi. “Loqaydligim oqibatida o‘g‘lim qotil bo‘lib qolishi mumkin edi”, dedi ota. Ma’lum bo‘lishicha, BMW M4'ning egasi o‘z mashinasini 18 marta huquqsiz shaxslarga bergan, yana 37 marta boshqa jiddiy qoidabuzarliklarni sodir etgan.

IIBB e’lon qilgan videodan kadr

Toshkentda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan o‘smir yigit BMW M4 avtomobilida YPX xodimini urib ketgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, YTH natijasida inspektor turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning holati sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan nazoratga olingan.

Ko‘cha poygasi

Voqea 25 fevral kuni soat 21:46 da, Mirobod tumanida ro‘y bergan. 2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning Doniyor ismli 10-sinf o‘quvchisi BMW M4 avtomobilini (davlat raqami 010210OC) haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan va, rasmiy reportajdan anglash mumkinki, ko‘cha poygasida ishtirok etayotgan bo‘lgan.

“Ayrim shaxslar oxirgi vaqtlarda avtotransport vositalarini belgilangan tezlikdan keskin oshirgan holda boshqarishi, shuningdek, o‘zaro noqonuniy poygalar uyushtirishi holatlari kuzatilmoqda. Bu shunchaki tartibbuzarlik emas, bu – inson hayotiga qarshi bee’tiborlik, bu – jamoat xavfsizligiga ochiqdan ochiq tahdid”, – dedi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati boshlig‘i Muzifa Sultonova.

Ota-ona avval ham javobgarlikka tortilgan

Doniyorning ota-onasi oxirgi paytlarda ikki marta: avvaliga 2025 yil sentabrida, keyinroq 2026 yil yanvarida MJtKning 47-moddasi (bolaga tarbiya bermaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan va profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Sentyabrdagi jarimaga bolaning maktabda dars qoldirgani sabab bo‘lgan, joriy yil yanvar oyida u o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqarib, qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Bu qoidabuzarlik videosi internetda tarqalgan edi: yigit boshqa bir BMW avtomobili bilan YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan ketib qolgan.

Mashina egasi – qoidabuzar-retsidivist

Ma’lum bo‘lishicha, YPX xodimi urib ketilgan BMW M4 avtomobili 2002 yilda tug‘ilgan Atadjanova Leyla Bekzodovnaga tegishli. U 2024 yildan hozirgacha kamida 18 marta transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga haydash uchun bergan, qo‘shimcha ravishda 37 marta boshqa turdagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.

“Transport egasining mas’uliyatsizligi va qonunchilikka bepisandligi, voyaga yetmagan shaxs avtomashinani boshqarib ketishi va og‘ir YTH sodir etilishiga olib kelgan”, – dedi poytaxt IIBB axborot markazi boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Xudoyberganov.

“Loqaydligim oqibatida o‘g‘lim qotil bo‘lib qolishi mumkin edi”

Rulda bo‘lgan o‘smirning otasi – Kuchkunov Zafarjon Turg‘unovich (1979 y.t.)ning aytishicha, BMW M4 o‘g‘lining “o‘rtog‘ining mashinasi” bo‘lgan.

“O‘sha kuni o‘g‘lim o‘rtog‘ining mashinasini olib chiqib ketgan ekan, men buni bilmaganman. O‘g‘lim xodimga katta zarar yetkazgan ekan, men uning o‘zidan, oilasidan, ota-onasidan uzr so‘rayman. Xalqimdan ham uzr so‘rayman. O‘g‘lim uchun men aybdorman.

Sentyabr oyida o‘g‘lim Doniyor maktabga bormagani sababli chora ko‘rilgandi. Undan keyin yanvar oyida ikkinchi marta chora ko‘rishganida ham qattiq ogohlantirish berishgan, men bilan profilaktik suhbat o‘tkazishgandi. Shunda xulosa chiqarmabmiz. O‘g‘limga yaxshi qaramaganligim, e’tibor bermaganligim sabab tergovning kursisida o‘tiribmiz. Mening loqaydligim oqibatida o‘g‘lim qotil bo‘lib qolishi mumkin edi”, – degan Zafarjon Kuchkunov.

“O‘tgan safar xodimlar ogohlantirgan edi. Mashina haydamayman, deb va’da bergan edim. Yana sho‘xlik qilib, haydab qo‘ydim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Men urib yuborgan xodimdan, oilasidan kechirib so‘rayman, ming bor uzr”, – degan Doniyor.

“Biz ham ming pushaymonmiz, GAI xodimining o‘zidan ham, oilasidan ham uzr so‘raymiz. Qilgan ishim noto‘g‘ri”, – degan panjara ortidagi boshqa bor yigit.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Holat yuzasidan Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport qoidalarini buzish oqibatida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев

Mavzuga oid