O‘zbekiston | 23:58 / 05.08.2025
15303
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasi portladi

So‘nggi 20 kun ichida bu ikkinchi holat. Yong‘in oqibatida avtosisterna haydovchisi yengil kuyish tan jarohati olgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumanida 5 avgust kuni gaz to‘ldirish shoxobchasida yong‘in va portlash yuz bergani haqida xabarlar tarqaldi.

FVV xabariga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasi «Oltindala» mahallasida joylashgan. 

Uning hududida propan suyultirilgan gaz tashuvchi avtosisternadan propan saqlash rezervuariga yoqilg‘i quyish vaqtida chaqnash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqan.

5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 22:22 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 22:30 da qurshab olingan va soat 22:50 da o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida 1 ta avtosisterna va 10 kub propan suyultirilgan gaz saqlash rezervuari yonib ketgan.Avtosisterna haydovchisi yengil kuyish tan jarohati olgan.

Hodisa joyiga viloyat FVB va tuman FVB rahbar xodimlari yetib borgan.

16 iyul kuni Ko‘kdala tumanida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi gaz to‘ldirish stansiyasi hududida yoqilg‘i saqlash rezervuarida portlash va yong‘in sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro halok bo‘ldi.

Mavzuga oid