Jamiyat | 13:23 / 18.05.2017
13310
2 daqiqa o‘qiladi

Zangiotada mashhur yorliqdagi soxta mahsulotlar fosh etildi

Foto: Getty Images

Surxondaryolik Rustam Nizomov hamda buxorolik Jamshid Topilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zaro til biriktirib, Zangiota tumanining Erkin mahallasidan ijaraga uy olishadi va yashirin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadilar, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ular turli joylardan qoplardan kir yuvish va bolalar iste'mol qiladigan kasha tayyorlanadigan kukunlarni olib kelib, ularni turli mashhur yorliqlar ostida qadoqlashadi. Achinarlisi, bu kimsalar go‘daklar iste'mol qiladigan mahsulotni sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga javob bermaydigan sharoitlarda sotuvga tayyorlaydilar. Yaxshiki, ular niyatlariga yeta olishmadi. SVOJJDLQK departamentining Zangiota tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda R.Nizomov va J.Topilovning qilmishlari fosh etildi. Ular tomonidan sotish uchun qadoqlab qo‘yilgan 4380 quti kir yuvish kukuni hamda 220 kilogramm kasha mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining xulosasiga ko‘ra, ushbu kimsalardan olingan mahsulotlar iste'molga yaroqsiz ekanligi, inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi ma'lum bo‘ldi.

R.Nizomov va J.Topilovning mazkur qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida ko‘rib chiqilib, ayblanuvchilarga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

 

Mavzuga oid