Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JCh-26 qur’asi haqida barcha ma’lumotlar: O‘zbekiston ham bugun raqiblarini bilib oladi
Bu safargi qur’ada ilgari hech qachon bo‘lmagan qoidalar va cheklovlar bo‘ladi.
Foto: Global Look Press
5 dekabr kuni, Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da JCh-2026 uchun qur’a tashlash marosimi boshlanadi. Marosim Vashingtonda bo‘lib o‘tadi va uning yakunlariga ko‘ra 12 ta guruh tarkibi, jumladan, o‘z tarixida ilk bor mundialga chiqqan O‘zbekistonning ham guruh bosqichidagi raqiblari aniq bo‘ladi. 6 dekabr kuni taqvim – o‘yinlar o‘tkazilish joyi va vaqti ham e’lon qilinadi.
Bu safargi jahon chempionatida ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. Guruhlardan oldingidek faqat 1 va 2-o‘rin egalari emas, uchinchi o‘rin egalari orasidan nisbatan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega sakkiz jamoa ham pley-offga yo‘l oladi, pley-off bosqichi oldingidek 1/8 finaldan emas, 1/16 finaldan start oladi. Butun turnir 39 kunga (11 iyundan 19 iyulgacha) cho‘ziladi.
Hali turnir ishtirokchilari ro‘yxati to‘liq shakllanmagan, JCh-2026 yo‘llanmasini faqat 42 jamoa hal qilgan. Yana olti jamoa nomi 2026 yil martidagi o‘tish o‘yinlari orqali ma’lum bo‘ladi.
Barcha jamoalar to‘rt savatchaga ajratilgan. Turnir mezbonlari bo‘lgan uch milliy jamoa avtomatik ravishda birinchi savatchadan o‘rin olgan, qolgan 39 jamoa esa FIFAning noyabr oyi reytingidagi o‘rinlar bo‘yicha taqsimlangan. O‘tish o‘yinlari orqali yo‘llanma oladigan olti jamoa to‘rtinchi savatchaga tushadi.
Yevropada o‘tish o‘yinlari quyidagicha kechadi: Italiya – Shimoliy Irlandiya juftligi g‘olibi Uels – Bosniya va Gersegovina juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi; Ukraina – Shvetsiya juftligi g‘olibi Polsha – Albaniya juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi; Slovakiya – Kosovo juftligi g‘olibi Turkiya – Ruminiya juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi; va nihoyat, Daniya – Shimoliy Makedoniya juftligi g‘olibi yo‘llanma uchun hal qiluvchi bahsda Chexiya – Irlandiya juftligi g‘olibi bilan to‘qnashadi.
Yevropadan tashqaridagi o‘tish o‘yinlari esa quyidagicha o‘tkaziladi: Yangi Kaledoniya – Yamayka juftligi g‘olibi Kongo DR bilan, Boliviya – Surinam juftligi g‘olibi Iroq bilan o‘ynaydi.
Shu tariqa, savatchalar tarkibi quyidagicha ko‘rinish oladi:
1-savatcha: Kanada, Meksika, AQSh, Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya.
2-savatcha: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveytsariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya.
3-savatcha: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, O‘zbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, JAR.
4-savatcha: Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Haiti, Yangi Zelandiya; Yevropa pley-offi hamda qit’alararo o‘tish o‘yinlari orqali chiqadigan jamoalar.

Qur’a 1-savatchadagi barcha jamoalarni A guruhidan L guruhigacha taqsimlash orqali boshlanadi. Keyin navbati bilan guruhlarning 2,3 va 4-jamoalari aniqlanadi.
Muhim jihatlar
Qur’adan keyinoq jamoalar o‘yinlar o‘tkazilish joyi va vaqtini bilib oladi. Hozircha faqat mezbonlar qarshi guruhlarda bo‘lishi aniq: 1-savatdagi Meksika, Kanada va AQSh mos ravishda A, B va D guruhlariga joylashtiriladi, 1-savatdagi qolgan jamoalar o‘z guruhida 1-o‘rinlarga joylashtiriladi. Ochilish o‘yini 11 iyun kuni «Atstek» o‘yingohida (87,5 ming tomoshabin sig‘adi) A guruhidagi Meksika va guruhga 3-savatchadan tushadigan jamoa o‘rtasida o‘tkaziladi.
Bitta konfederatsiya vakillari bir guruhdan joy olishi mumkin emas, bunda faqat 16 yo‘llanma berilgan UYeFA vakillari mustasno: 12 guruhning barchasida kamida bittadan, to‘rttasida ikkitadan Yevropa vakili bo‘ladi. Ya’ni, birinchi savatchadagi Germaniya va ikkinchi savatchadagi Xorvatiya bir guruhdan joy olishi mumkin. Boshqa holatlarda esa alohida jamoalar oldindan boshqa boshqa guruhlarda bo‘lishi belgilanmaydi: masalan, AQSh va Eron bitta guruhga tushishiga cheklov yo‘q.
Favoritlar pley-offda haddan tashqari erta uchrashib qolishi ehtimolini kamaytirish uchun FIFA reytingida eng yuqorida joylashgan to‘rt jamoa – Ispaniya, Argentina, Fransiya va Angliya turli guruhlarga tushadi hamda yarimfinalgacha o‘zaro uchrashmasligi ta’minlanadi. Ispaniya va Argentina esa finalgacha o‘zaro to‘qnashmaydi. Buning uchun, ushbu jamoalar o‘z guruhlarida g‘olib chiqishi talab etiladi. Bu qoida katta ehtimol bilan, oxirgi jahon chempionatida Fransiya va Angliya chorakfinaldayoq to‘qnashgani ortidan joriy etilgan.
Mavzuga oid
17:16 / 07.12.2025
JCh-2026 qur’asi: raqiblar, taqvim va Ronaldu haqida
23:18 / 06.12.2025
O‘zbekiston MTJning JCh-2026 guruh bosqichidagi taqvimi ma’lum bo‘ldi
11:28 / 06.12.2025
JCh-2026 qur’asi: Ermatov, Masharipov va Martines qanday fikrda?
00:07 / 06.12.2025