Jahon | 07:33 / 09.10.2025
3428
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Isroil va HAMAS G‘azo bo‘yicha kelishuvning birinchi bosqichini imzoladi

HAMAS isroillik garovga olinganlarni ozod qiladi, TSAHAL qo‘shinlari esa kelishilgan pozitsiyalarga chekinadi - tinchlik bitimining bu bosqichi HAMAS va Isroil vakillari tomonidan imzolandi, dedi Tramp. Tomonlar kelishuvni tasdiqladi.

Foto: AP

Isroil va HAMAS Amerika tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzoladi, deb yozdi AQSh prezidenti Donald Tramp mahalliy vaqt bilan 8 oktyabr, chorshanba kuni kechqurun Truth Social ijtimoiy platformasida. «Bu degani barcha garovga olinganlar imkon qadar tezroq ozod qilinadi va Isroil mustahkam va doimiy tinchlik yo‘lidagi dastlabki qadamlar sifatida o‘z kuchlarini kelishilgan chegaralarga olib chiqadi. Barcha tomonlarga adolatli munosabatda bo‘linadi!» - deyiladi uning postida.

Tramp o‘z bayonotida «ushbu tarixiy va misli ko‘rilmagan voqeani amalga oshirishda» Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilgan Qatar, Misr va Turkiya vositachilariga minnatdorchilik bildirdi.

Tramp kelishuv imzolanishiga guvoh bo‘lish uchun 12 oktyabrgacha Yaqin Sharqqa uchib ketishga tayyor, dedi u avvalroq Oq uydagi matbuot brifingida. «Ehtimol, men u yerga shu hafta oxirida, balki yakshanba kuni boraman — ko‘ramiz», — dedi Amerika rahbari.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu X ijtimoiy tarmog‘idagi postida 9 oktyabr kuni kelishuvni ratifikatsiya qilish va garovga olinganlarni qaytarish uchun hukumatni yig‘ishini yozdi. Reuters xabar berishicha, HAMAS ham Isroil bilan kelishuvni tasdiqlagan. Keyinchalik, AFP guruhga tayanib, tirik garovga olinganlar kelishuvdan keyin 72 soat ichida 2000 ga yaqin falastinlik mahbuslarga almashtirilishini xabar qildi.

«Vositachilar bugun kechqurun G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha barcha shartlar va mexanizmlar bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi, bu esa urushni to‘xtatish, isroillik garovga olinganlar va falastinlik asirlarni ozod qilish hamda insonparvarlik yordami oqimiga olib keladi», deb yozdi Qatar TIV vakili Majyed al-Ansoriy.

Mavzuga oid