Iqtisodiyot | 11:47 / 09.04.2026
4666
7 daqiqa o‘qiladi

“Obnalchi” korxonaning soliq majburiyati halol tadbirkor gardaniga yuklanyapti” – tadbirkorlar Soliq qo‘mitasidan norozi

Qonunchilikka ko‘ra, korxona kirimida mavjud bo‘lmagan tovar uchun hisob-faktura rasmiylashtirish cheklanishi kerak. Bu vazifa Soliq qo‘mitasi zimmasiga yuklangan. Amalda esa “obnalchilar” o‘zida yo‘q mahsulot uchun hisob-faktura rasmiylashtiryapti, natijada ular to‘lamagan soliq majburiyatlari halol tadbirkorlar zimmasiga tushyapti.

Advokat Shokir Boqiyev / Savdo-sanoat palatasi efiridan kadr

6 aprel kuni soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 595-son qarori, xususan, uning 6-band “g” kichik bandi atrofidagi muammolar muhokama qilindi.

“Turon himoyasi” advokatlik firmasi direktori Shokir Boqiyevga ko‘ra, mazkur qaror tadbirkorlar uchun eng og‘riqli masalalardan biriga aylangan.

“595-qaror – bugun tadbirkorlar uchun eng og‘riqli nuqtalardan biri. Qarorda aniq belgilangan: agar korxona kirimida mahsulot bo‘lmasa, hisob-faktura rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak edi. Bu vazifa 2021 yilda Soliq qo‘mitasiga yuklatilgan. Lekin amalda buning aksi kuzatilmoqda”, – deydi u.

Boqiyevning ta’kidlashicha, buning oqibatida halol ishlayotgan tadbirkorlar javobgar bo‘lib qolmoqda.

“Afsuski, bugun tovarni sotgan emas, balki sotib olgan tadbirkor jazolanmoqda. “Obnal” bilan shug‘ullanuvchi korxona topiladi, u bir mardikorni rasmiylashtirib qo‘yadi – u esa qamoqda o‘tiribdi. Natijada barcha soliq majburiyatlari halol ishlayotgan korxona gardaniga tushmoqda”, – deydi mutaxassis.

Uning aytishicha, bu masala Oliy sudgacha yetib borgan.

“Kuni kecha Oliy sud qaror chiqardi. Kulgili holat – masala shu darajaga yetib bordi. Davlat xavfsizlik xizmati bilan tuzilgan ayrim shartnomalar qalbaki deb baholangan, lekin Oliy sud bunga to‘g‘ri huquqiy baho berdi. Endi savol tug‘iladi: agar hatto shu tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar haqiqiy emas deb topilsa, tadbirkor kim bilan ishlashi kerak?” – deydi Boqiyev.

Advokat ayrim tadbirkorlar oylar davomida o‘z muammolarini hal qila olmayotganini ta’kidladi.

“Bir tadbirkor bir yarim yil sudda yurdi. QQS guvohnomasini tiklash bo‘yicha sud qarori chiqqaniga 4 oy bo‘ldi, lekin hali ham tiklab berilmadi. Bunga hech kim javob bermaydi”, – deydi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham muammoning tizimli ekanini qayd etdi.

“Agar qaysidir korxona soliq to‘lamagan bo‘lsa, uning kontragenti jazolanmoqda – QQS guvohnomasi olib qo‘yilyapti”, dedi u.

Shokir Boqiyev muammo uchun Soliq qo‘mitasi javobgar ekanini bildirdi, chunki 2021 yil 1 dekabrdan boshlab qo‘mitaga aniq vazifa yuklatilgan: mahsuloti bo‘lmagan korxona hisob-faktura yozolmasligi kerak. “Oldini olish mexanizmi bor – faqat u ishlashi kerak”, – dedi u.

Soliq qo‘mitasi vakili Ravshan Imomov

Soliq qo‘mitasi vakili Ravshan Imomov esa yuqorida aytilgan vazifa ijrosi ta’minlanmayotganini rad etdi.

“Bu norma ishlamayapti deyapsizlar, lekin u ishlayapti. Faqat hozircha savdo korxonalari uchun qo‘llanmoqda. Chunki savdo korxonasi tovarni omborda saqlaydi va sotadi. Ishlab chiqaruvchi esa xomashyo olib, boshqa mahsulot ishlab chiqaradi”, – dedi u.

Soliqchi ulgurji savdo korxonalarida cheklovlar mavjudligini ta’kidladi. “Ulgurji savdo korxonalari MXIKdan foydalanganda bu taqiq ishlaydi”, – dedi Imomov.

Biroq Shokir Boqiyev bunga e’tiroz bildirdi.

“Mening qo‘limda yigirmadan ortiq jinoyat ishi bor – aynan ulgurji savdo korxonalari bilan bog‘liq holatlar. Demak, tizim ishlamayapti”, – dedi u.

Bahs davomida soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov shunday savol qo‘ydi: “2023 yildan beri savdo korxonalari o‘zida yo‘q mahsulotni sotmagan deb ayta olasizmi?” dedi u.

Imomov bunga javoban tizim imkoniyatlari cheklangan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

“Korxona yangi tashkil topgan bo‘lsa, uni darhol cheklab bo‘lmaydi”, dedi Soliq qo‘mitasi vakili.

Tadbirkor Faxriddin Ilyosov

Tadbirkor Faxriddin Ilyosov quyidagicha savolni o‘rtaga tashladi:

“Agar tizim ishlayotgan bo‘lsa, nega yo‘q tovar uchun hisob-faktura yozilmoqda? Va nega buning uchun halol tadbirkor javob beryapti?”

Ilyosov Kun.uz'ga bergan izohida aytishicha, aynan masala muhokama qilinganda soliq organi mas’uli bu tizim ishlayotgani yoki ishlamayotgani borasida asoslangan javob bera olmagan.

“Soliq inspeksiyasi o‘z vazifasini bajarmayapti. Natijada “obnal” tashkilotlar paydo bo‘lyapti. Yo‘q tovarni sotib yuboradi, keyin esa uning kontragentidan soliq undiriladi. Bu – boshqaning xatosi uchun boshqa shaxsga javobgarlik yuklash degani”, dedi Ilyosov.

U tizimdagi g‘alati holatlarni ham misol keltirdi:

“Bir kunda bitta korxona o‘sha bir kontragentga 10 ta hisob-faktura yozadi. Mahsulot o‘zgarmaydi, kontragent o‘zgarmaydi, lekin fakturalarning yarmi “qizil”, yarmi “yashil”. Bu nimani anglatadi?”

Soliq qo‘mitasi bayonoti

 

Foto: Soliq qo‘mitasi

Soliq qo‘mitasi 8 aprel kuni rasmiy munosabat bildirib, 595-son qaror talablari bosqichma-bosqich joriy etilganini bildirdi. Qayd etilishicha, hozirda cheklovlar faqat savdo korxonalariga nisbatan to‘liq ishlamoqda.

Qo‘mitaga ko‘ra, E-aktiv tizimi to‘liq joriy etilmagani sababli barcha sohalarda bu mexanizmni qo‘llash imkoniyati cheklangan.

“Mazkur tizim to‘liq ishga tushirilsa, barcha tadbirkorlik sub’yektlari uchun omborda mavjud bo‘lmagan mahsulotni realizatsiya qilish cheklanadi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida savdo korxonalari tomonidan omborda mavjud bo‘lmagan 4,6 trln so‘mlik tovarlarni realizatsiya qilish holatlariga chek qo‘yilgan.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid