O‘zbekiston | 17:59 / 01.04.2020
32526
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatiladi

O‘zbekistonda Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra 1 apreldan joriy etilayotgan yangi karantin choralari doirasida yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatiladi.

Bundan maqsad keksa yoshdagi fuqarolarni ehtiyotlash hisoblanadi.

«Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash fonida ko‘plab yurtdoshlarimiz va qator jamoat tashkilotlari shaxsiy tashabbus ko‘rsatib, turli xayriya aksiyalarini uyushtirmoqda. Ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamiga muayyan turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Jamiyatning birdamligi ortib, fuqarolarning bir-biriga mehr-oqibat va muruvvat ko‘rsatayotgani quvonarli hol.

Lekin mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu turdagi aksiyalar davomida COVID-19 virusining yanada keng tarqalish xavfi juda yuqori. Bundan tashqari, butun dunyo bo‘yicha ushbu infeksiyani yuqtirib vafot etayotganlar orasida asosan yoshi ulug‘ insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Mamlakatdagi epidemiologik holatni inobatga olib aytish mumkinki, sanitariya-gigiyena qoidalari va karantin talablarini chetlab o‘tib, yakka tartibda xayriya tadbirlarini amalga oshirish aholi, ayniqsa nuroniylar hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi.

Mazkur jarayonda yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini joriy yilning 1 aprelidan e'tiboran vaqtincha to‘xtatish maqsadga muvofiqdir», deyiladi komissiya axborotida.

Endilikda xayriya yordamlari muvofiqlashtiriladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi. Respublika maxsus komissiyasi axborotida qayd etilishicha, ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli yetkazilishida ko‘maklashish uchun bunday tadbirlar quyidagi markazlashgan tartibda amalga oshiriladi:

  • Toshkent shahrida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazma majmuasi tarkibidagi pavilonda tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida shunday mexanizm joriy etiladi;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘limlari joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi ma'lumotni hududiy tegishliligi bo‘yicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning beg‘araz yordamlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali santitar-gigiyenik talablarga muvofiqligi ko‘rikdan o‘tkazilib, karantin talablariga qa'tiy rioya etilgan holda (maxsus kiyim bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan holda) ehtiyojmandlarga yetkazib beriladi;
  • aholining yordamga muhtoj qatlamiga xayriya yordamlarini shaxsan yetkazish istagida bo‘lgan nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari hamda saxovatpesha insonlar va ko‘ngillilar ushbu xayriya tadbirlarida yaqindan hamkorlik qilish va jarayonda qatnashishga taklif etiladi;
  • ehtiyojmand oilalarga berilgan xayriya yordamlari haqidagi ma'lumotlar jamoatchilikka mentazam yetkazib boriladi.

Pul ko‘rinishidagi mablag‘larni «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazish tavsiya qilinadi.

Ushbu tartibga qat'iy amal qilinishi talab etiladi.

Mavzuga oid