Eron prezidentining halokati: birlamchi mulohazalar
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi doimiy kolonkasida Erondagi aviahalokat Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat fonida qasddan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar nima uchun asossiz ekani borasida so‘z yuritdi.
Kecha, 19 may kuni Eron prezidenti boshchiligidagi davlat delegatsiyasi qo‘shni Ozarboyjonga borgan va davlat ahamiyatidagi yirik kelishuvlarni muvaffaqiyatli yakunlab, qaytish jarayonida aviahalokatga uchragan. Eron prezidenti korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lgan. Qolgan ikki vertolyot manzilga yetib borgan, faqatgina prezident Ibrohim Raisiy o‘tirgan vertolyot halokatga uchragan. Vertolyotda jami 9 kishi bo‘lgan. Eron tashqi ishlari vaziri Hussayn Amir Abdullahiyan ham shular jumlasidan.
Ibrohim Raisiy 1960 yilda Eronning diniy muqaddas shaharlaridan biri Mashhadda, diniy olimlar oilasida dunyoga kelgan. Asli yurist bo‘lgan Raisiy 2021 yilda prezident bo‘lib saylanishidan oldin, Eronning sud hokimiyatida rahbarlik qilib kelgan.
Eron – geosiyosiy juda muhim davlatlardan biri. Bu davlatda 1979 yilda islom inqilobi amalga oshirilgach, Eron Islom Respublikasining AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb davlatlari bilan munosabatlari juda ziddiyatli yoki salbiy darajada bo‘lib kelyapti. AQSh bilan haliga qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik aloqalarga ega emas. AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisi Isroil esa Eronni o‘zi uchun dunyodagi eng katta dushman deb biladi. Eron ham Isroilni “Falastin hududlarini bosib olgan bosqinchi davlat”, “terrorchi davlat” deb biladi va Falastin hududlarida yagona Falastin davlati bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
Shuning uchun ham Eron prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchrashi va prezident vafot etishi ko‘plab ekspertlar va keng jamoatchilik tomonidan har xil shubha va gumonlarga sabab bo‘lishi – tabiiy. Xo‘sh, Eron prezidentining halokatga uchrashi uyushtirilgan bo‘lishi mumkinmi? Bu uyushtirish orqali tashqi yoki ichki kuchlar, davlatlar qanday maqsadlarga erishishi mumkin, degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi.
Avvalo, Eron Islom Respublikasida prezidentning maqomi, hokimiyat iyerarxiyasidagi o‘rni qanday, degan savolga javob berish kerak. 1979 yilda islom inqilobi amalga oshirilgach, inqilob rahbari Imom Humayniy boshchiligida o‘ziga xos davlat tuzilishi joriy qilindi. Eron – respublika, u xalq nomidan boshqariladi. Islomiy davlatchilikni saqlab turish uchun esa, davlatning eng oliy rahbari – oyatulloh deb belgilangan va u xalq tomonidan emas, diniy kengash tomonidan saylanadi. Saylangan imom davlatning eng muhim hokimiyat vakolatlarini idora etadi.
1979-89 yillar davomida davlat rahbari – oliy imom oyatulloh Ruhulloh Humayniy edi. 1989 yildan buyon davlat rahbari – Ali Xominaiy. O‘zbekiston davlatchiligi misolida aytadigan bo‘lsak, Erondagi prezidentlar – bizdagi bosh vazir maqomiga yaqin keladi. Ya’ni Eronda xavfsizlik, tashqi ishlar, ichki siyosatdagi eng muhim yo‘nalishlarning barchasini davlat rahbari – Imom Xominaiy belgilab beradi, prezident esa ijrochi shaxs hisoblanadi. Oliy qarorlarni imom Xominaiy qabul qiladi, prezident ularning ijrosini ta’minlaydi va imomga, diniy kengashga va parlamentga hisobot beradi.
Qolaversa, Ibrohim Raisiy – konservator siyosatchi edi. U bilan Imom Xominaiy hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi o‘rtasida tirashuvlar, to‘qnashuvlar kuzatilmagan edi.
Shundan kelib chiqib, Eronda prezidentning o‘limi – davlat siyosatini tubdan o‘zgartirmaydi. Tashqi kuchlar yaxshi biladiki, Eron prezidentining o‘limi – Eronning tashqi siyosati o‘zgarishiga olib kelmaydi. Misol uchun, Eron prezidentining o‘limi ba’zi maqsadlarga erishish imkonini berganda ham, bu ishni qilgan davlatlar – agarki shunday davlatlar bo‘lsa, tarixiy mas’uliyatdan va yomon tamg‘adan qochib qutula olmaydi.
Tabiiyki, Eron prezidenti va boshqa qudratli shaxslarning o‘limi sababli, juda kuchli tekshiruv komissiyasi tuziladi. Bu komissiya – xalqaro kuzatuv ostida bo‘ladi. Va komissiya, bir tomondan juda malakali bo‘ladi, ikkinchi tomondan bor haqiqatlarni yashira olmaydi. Demak, aslida nima bo‘lgani yaqin oylar ichida ma’lum bo‘ladi. Agar ichki yoki tashqi kuchlar aralashgan bo‘lsa, bu ma’lum bo‘lmasdan qolmaydi.
Demak, asosiy versiya shundan iboratki, Eron prezidentining o‘limi – Eron davlat siyosati o‘zgarishiga olib kelmaydi. Davlatni oliy rahbar – Imom Xominaiy boshqaradi. Shu sabab, Eron prezidentining o‘limi, juda katta ehtimol bilan, baxtsiz hodisa bo‘lishi kerak.
Siyosat – juda murakkab soha. Bunday hodisalar uyushtirilgan bo‘lishi ehtimolini to‘liq istisno qilib bo‘lmaydi. Va agarki kimdir bunday ishga qo‘l urgan bo‘lsa, ular o‘z izlarini juda chuqur yashirishga harakat qiladi. Lekin, yuqorida aytilganidek, Eron prezidentining o‘limi ichki siyosatda ham, tashqi munosabatlarda ham biror muammoga yechim bermaydi, aksincha, noaniqliklarni oshiradi.
Eron Islom Respublikasi – O‘zbekistonning muhim qo‘shnilaridan biri. Ikki davlat o‘rtasida geografik nuqtayi nazardan faqat Turkmaniston bor. Tarixan, O‘zbekiston va Eron halqlari bir madaniy makonning tarkibiy qismlari bo‘lgan. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Eron aloqalari juda ijobiy dinamika holatiga kirib kelgan edi. Eronning keyingi prezidenti ham xuddi Ibrohim Raisiy kabi ikki davlat aloqalarini ijobiy shaklda davom ettirishiga umid qilib qolamiz.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
21:37 / 31.10.2024
Germaniyada Eronning barcha bosh konsulliklari yopiladi
15:50 / 31.10.2024
Germaniya kansleri Eronni Isroil zarbalaridan so‘ng «vaziyatni keskinlashtirmaslikka» chaqirdi
14:20 / 30.10.2024
Berlin va YeI GFR fuqarosining Eronda qatl etilishiga javob berilishini va’da qildi
11:18 / 29.10.2024