Jahon | 07:52
1471
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «Ozodlik loyihasi» to‘xtatilishini ma’lum qildi

Oq uy rahbari bu qaror «ulkan harbiy muvaffaqiyatlar» va Eron bilan tinchlik kelishuviga erishishda «sezilarli yutuq» tufayli qabul qilinganini yozdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan tinchlik bitimi tuzish imkoniyatini baholash uchun Fors ko‘rfazida qolib ketgan kemalarni kuzatib borish operatsiyasi «qisqa muddatga» to‘xtatilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 4 may kuni boshlangan «Ozodlik loyihasi» muzokaralarda vositachilik qilayotgan Pokiston va boshqa davlatlarning iltimosiga ko‘ra to‘xtatiladi.

Tramp bu qaror «ulkan harbiy muvaffaqiyatlar» va Eron bilan tinchlik kelishuviga erishishda «sezilarli yutuq» tufayli qabul qilinganini yozdi.

«Qamal davom etar ekan, «Ozodlik loyihasi» (Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarni o‘tkazish) kelishuvni yakunlash va imzolash imkoniyati bor-yo‘qligini aniqlash uchun qisqa muddatga to‘xtatiladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Eron davlat ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, bu holat Trampning jahon kemachiligi uchun muhim bo‘lgan suv yo‘lini blokirovkadan chiqarishga urinishlarida «bir qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng ortga chekinganini» ko‘rsatadi.

Trampning bayonoti AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Oq uyda o‘tkazilgan brifingda fevral oyi oxirida boshlangan «Epik g‘azab» operatsiyasi o‘z maqsadlariga erishganini va Vashington keyingi bosqichga, ya’ni «Ozodlik loyihasi»ga o‘tayotganini aytganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilindi.

«Biz tinchlik yo‘lini afzal ko‘rgan bo‘lardik. Prezident kelishuv tuzishni afzal ko‘radi», dedi Davlat departamenti rahbari 5 may kuni kechqurun.

Loyiha haqida gapirar ekan, Rubio uning faqat mudofaa xarakteriga ega ekanini ta’kidladi. «Bizga birinchi bo‘lib o‘q uzilmaguncha otishma bo‘lmaydi», deb qo‘shimcha qildi u.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid