Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Madagaskarda prezident ag‘darildi. U mamlakatdan qochib ketdi
Hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tgan. Bu uch haftalik ommaviy namoyishlar natijasi bo‘ldi.
Foto: Siphiwe Sibeko / Reuters / Scanpix / LETA
Madagaskarda deyarli uch hafta davom etgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng hokimiyat almashdi. Prezident Andri Radzuelin mamlakatdan qochib ketdi, harbiylar esa mamlakatga rahbarlikni o‘z qo‘liga olishini e’lon qildi.
«Biz hokimiyatni qo‘lga oldik», – deya e’lon qildi 14 oktyabr kuni tushdan keyin CAPSAT elita harbiy bo‘linmasi rahbari, polkovnik Maykl Randrianirina. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar davlat hokimiyatining aksariyat institutlari, jumladan, senat, konstitutsiyaviy sud va saylov komissiyasi faoliyatini to‘xtatmoqda.
Milliy majlis (parlamentning quyi palatasi) esa hozircha o‘z ishini davom ettiradi. Harbiylar hokimiyatni egallab olganini e’lon qilishidan bir necha daqiqa oldin milliy assambleya prezident Andri Radzuelinning impichmentini yoqlab ovoz bergandi. Bu qarorning qonuniyligi shubhali – bir kun oldin rasman hali ham prezident lavozimida bo‘lgan Radzuelin o‘z farmoni bilan parlamentni tarqatib yuborgandi. Deputatlar, o‘z navbatida, bu qarorni e’tiborsiz qoldirishdi.
Radzuelinning o‘zi dushanba kuni mamlakatni tark etdi, u buni o‘z hayoti xavf ostida qolgani bilan izohlagan. U millatga murojaatida «xavfsiz joyda» ekanini aytdi va «Madagaskarning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi»ni ta’kidladi. U hozir qayerda ekani aniq emas. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Radzuelin Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning roziligi bilan Fransiya harbiy samolyotida mamlakatdan olib chiqilgan.
Fransiya – Madagaskarning sobiq metropoliyasi hisoblanadi, orol 1960 yilda mustaqillikka erishgan. Makron Madagaskardagi voqealarga izoh berarkan, konstitutsiyaviy tartibni saqlab qolish zarurligini aytdi va «Fransiya yoshlarning noroziligini tushunsa-da», harbiylar undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinmasligi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Parijdagilar vaziyatga bevosita aralashish niyatida emasliklarini ta’kidladi.
Madagaskarda norozilik namoyishlari 25 sentabr kuni boshlangandi. Dastlab namoyishchilar surunkali elektr energiyasi va suv tanqisligidan norozilik bildirgandi, biroq tez orada ularning talablari siyosiy talablarga – hukumat va prezidentning iste’fosiga o‘zgardi.
Namoyishlar boshlanganidan bir necha kun o‘tgach, Radzuelin hukumatni iste’foga chiqardi va namoyishchilar bilan muloqot qilishga tayyorligini aytdi, shuningdek, mamlakat poytaxti Antananarivuda bir oy ichida elektr ta’minotidagi uzilishlar to‘xtatilmasa, o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etishga va’da berdi. Bu noroziliklarni to‘xtata olmadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ularni kuch bilan bostirishga urinishlar 22 kishining o‘limiga olib kelgan, rasmiylar faqat 12 nafar namoyishchining o‘limini tasdiqlagan.
Namoyishlar bilan bog‘liq vaziyat dam olish kunlari keskin o‘zgardi, namoyishchilarga CAPSAT’ning elita bo‘linmasi qo‘shildi. Maxsus kuchlar bundan buyon hukumat buyruqlarini bajarishdan bosh tortishlarini e’lon qilib, jandarmeriya va boshqa armiya bo‘linmalarini ham shunday qilishga chaqirdi. CAPSAT – Madagaskardagi eng nufuzli kuch tuzilmalaridan biri. Andri Radzuelinning o‘zi 2008 yilda CAPSAT ko‘magiga tayanib, davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyat tepasiga kelgandi.
Madagaskar dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lib, u yerdagi turmush darajasi hatto Afrika qit’asidagi aksariyat mamlakatlardan ham past. Aholining o‘rtacha daromadi yiliga taxminan 600 dollarni tashkil etadi va aholining to‘rtdan uch qismi qashshoqlik chegarasidan tashqarida (Jahon banki uni kishi boshiga kuniga 2,15 dollar deb belgilaydi) yashaydi.
Ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, Madagaskardagi norozilik namoyishlari yaqinda Nepal, Marokash va Indoneziyadagi shunga o‘xshash aksiyalardan ilhomlangan bo‘lib, ularda ham asosan yoshlar ishtirok etgan (bu norozilik namoyishlari «Z avlod namoyishlari» deb nom olmoqda). Nepalda ijtimoiy tarmoqlar bloklangani sababli norozilik namoyishlari boshlangan, namoyishchilar bosh vazirni iste’foga chiqarib, muvaqqat hukumat tuzishga muvaffaq bo‘lgandi.
Mavzuga oid
12:59 / 18.10.2025
Madagaskarda polkovnik davlat to‘ntarishidan so‘ng prezident bo‘ldi
20:23 / 12.10.2025
Madagaskarda harbiy to‘ntarishga urinish amalga oshirildi
22:06 / 26.08.2025
Fransiya bir asr oldin qatl etilgan qirolning bosh suyagini Madagaskarga qaytardi
09:35 / 30.01.2022