Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Havo ifloslanishi kelgusi hafta oxirigacha saqlanib qoladi
Oldinroq havo ifloslanishini kuchaytirgan harorat inversiyasi 24 noyabrdan keyin chekinishi kutilayotgani xabar qilingandi. Endi bu prognoz o‘zgardi.
Foto: Kun.uz
24 noyabrdan keyin ortga chekinishi kutilgan havo ifloslanishini kuchaytiruvchi inversiya jarayoni kelgusi hafta oxirigacha saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Juma kuni agentlik direktori Sherzod Habibullayev so‘nggi kunlarda Toshkent va uning atrofidagi hududlarda havo ifloslanishining kuchayishiga bir vaqtning o‘zida bir qancha tabiiy omillar, xususan, harorat inversiyasi, yog‘ingarchilikning yo‘qligi va qurg‘oqchilik sabab bo‘lganini hamda inversiya 24 noyabrgacha davom etishi mumkinligi haqida gapirgandi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, havo qatlamlarining aralashishiga to‘sqinlik qilayotgan ob-havo sharoiti kelayotgan haftaning oxirigacha saqlanib turishi mumkin. Bu davrda havo sifati nobarqaror bo‘lishi tabiiy hol bo‘lib, ko‘rsatkichlar kun davomida o‘zgarib turadi.
Havo sifatining yaxshilanishi havo massalarining almashishi, shamolning kuchayishi yoki yog‘ingarchilik tushishi bilan bog‘liq bo‘ladi, deyiladi bayonotda.
«Kuzatilayotgan holat – tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayon. Vakolatli davlat organlari vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda va zarurat tug‘ilganda tezkor choralar ko‘rmoqda», – deyiladi agentlik hisobotida.
Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi avtomatik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, 23 noyabr kuni soat 09:00 holatida Toshkent shahrining atmosfera havosidagi PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 181 mkg/m3 ni tashkil etdi. Bu ruxsat etilgan me’yorlardan (60 mkg/m3) 3 marta oshganini ko‘rsatadi.
«Ko‘rsatkichlarning oshishiga harorat o‘zgarishi ham sabab bo‘lgan. Haroratning keskin o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqaradi, bu esa mayda zarrachalarning to‘planishiga va atmosfera havosidagi konsentratsiyasining oshishiga olib keladi», – deyiladi xabarda.
O‘zgidromet respublika aholisi hamda mehmonlaridan ehtiyot choralarini ko‘rishlarini so‘ragan, ochiq havodagi faoliyatlarini qisqartirishlari, tashqariga chiqqanda niqob taqishlarini tavsiya etgan.