O‘zbekiston | 13:18 / 08.07.2023
11731
19 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston polietilen paketlardan voz kechmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida vaziyat qanday?

Qirg‘iziston plastik paketlardan voz kechgan Markaziy Osiyodagi ilk davlatga aylanishi mumkin. Mintaqadagi qolgan ayrim mamlakatlarda ham bu borada ilk qadamlar tashlangan, ayrim choralar ko‘rilgan. Ammo qirg‘izlardan boshqalar yelim xaltalardan foydalanishni uzil-kesil to‘xtatishga shoshilmayapti.

Foto: KUN.UZ

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonning barcha hududlarida polietilen paketlar o‘rniga qog‘oz paketlarga o‘tilishi ancha oldin rejalashtirilgandi. Ayrim hududlar bu borada qonunchilik o‘zgarishini kutib ham o‘tirgani yo‘q. Iyun oyidayoq Issiqko‘l viloyatida prezident farmoniga asosan polimer paketlarni ishlatish allaqachon taqiqlangandi.

Joriy etilgan tartibga ko‘ra, viloyat hududida plastik paketlarni ishlab chiqarish, sotish va ulardan foydalanish mumkin emas. Bundan ko‘zlangan maqsad: mashhur Issiqko‘lni saqlab qolish, ko‘l akvatoriyasida yildan yilga yomonlashib borayotgan ekologik muhitni yaxshilashdan iborat.

Mamlakat parlementi o‘tgan haftada bir martalik polietilen paketlarni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, kelgusi yildan respublikaga bunday paketlarni olib kirish, ularni ishlab chiqarish hamda sotish man etiladi.

Qonunga ko‘ra:

  • 2024 yil 1 yanvardan polietilen paketlarni ishlab chiqarish to‘xtatiladi (eksport uchun ishlab chiqarilgan yelim xaltalar, shuningdek, biologik parchalanadigan polimer materiallardan tayyorlangan hamda tutqichlari bo‘lmagan, maishiy ehtiyojlar uchun rulonlarda sotiladigan paketlar bundan mustasno);
  • 2024 yil 1 iyundan boshlab esa do‘konlarda bunday paketlarni sotish va tarqatish man etiladi.

Bundan tashqari, respublikada savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida plastik paketlarni bepul berish; yelim paketlar tannarxini sotilgan mahsulot tannarxiga kiritish; polimer plyonkali paketlarni import qilish (jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni va shaxsiy buyumlarni tashish va qadoqlashda shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan paketlar, shuningdek, muhrlangan yuk bo‘limlarida tranzit orqali tashiladigan ana shunday tovarlar bundan mustasno) cheklanadi.

Qonunga rioya qilmaganlar 3 ming som ()dan 13 ming so‘mgacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilangan.

Deputatlar ma’qullagan qonun loyihasi prezident Sadir Japarov tomonidan imzolangandan keyingina kuchga kiradi.

Qozog‘iston

Qozog‘iston 2025 yildan plastik paketlardan butunlay voz kechishi e’lon qilingan. 2019 yilda Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi, “Otamakon” tadbirkorlar milliy palatasi hamda ekologik muassasalar assotsiatsiyasi tomonidan imzolangan memorandumda polietilen paketlardan foydalanishni bosqichma bosqich qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Dastlabki bosqichda savdo markazlari tomonidan xaridorlarga yelim xaltalarning tekin berilishiga chek qo‘yish rejalashtirilgan edi. Bu vazifa allaqachon bajarilgan bo‘lib, bugungi kunda mamlakatdagi savdo shoxobchalarida plastik paketlar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan (xalqaro tajribada shu yo‘l orqali plastik paketlar iste’moli 30 foizgacha qisqargani kuzatilgan). Shu bilan birga, xaridorlarga ekologik toza mahsulotlardan tayyorlangan xaltalar taklif etiladi. Polietilen paketlarni sotib olishni istamaganlar gazlamadan tikilgan va qayta-qayta ishlatish mumkin bo‘lgan sumkalardan foydalanishlari, eng muhimi, bu orqali ekologiya muhofazasiga hissa qo‘shishlari mumkin.

Ikkinchi bosqichda yelim xaltalar realizatsiyasi butunlay taqiqlanishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda polietilen paketlarni import qilish, ishlab chiqarish, sotish va ishlatish cheklanadi. Shundan so‘ng polimer paketlar o‘rniga biologik parchalanadigan mahsulotlar ishlatila boshlaydi. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiyani asrash, biologik xilma-xillikni saqlab qolishda katta yordam beradi.

Biroq qozog‘istonlik ishbilarmonlar plastik paketlar realizatsiyasiga cheklov joriy etiladigan bo‘lsa, bu qadoqlash xarajatlari ortishiga olib kelishi, biologik parchalanadigan xomashyoga o‘tish katta moliyaviy investitsiyalarni talab qilishi, bugungi kunda polietilen mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotgan ko‘plab korxonalar bankrot bo‘lishini aytishmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda qayta ishlangan materiallardan polimer qadoqlash ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 50 dan ortiq kompaniya bo‘lib, ularning aksariyati Olmaota, Ostona, Pavlodar, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Aqto‘be, Chimkentda faoliyat yuritadi. Qarag‘andadagi bitta korxonaning o‘zida oyiga 4 mln donagacha polietilen paket ishlab chiqariladi. Mahsulot asosan Rossiya va O‘zbekiston tadbirkorlari tomonidan sotib olinadi.

Qozog‘istonda kuniga 15 millionga yaqin turli xil polietilen paketlardan foydalaniladi, ular oxir-oqibat chiqindi konteynerlariga tushadi. Chiqindixonalarga tushayotgan umumiy chiqindilarning 11-15 foizini polimerlar, jumladan, polietilen, birinchi navbatda, yelim xaltalar tashkil etadi. Polietilen mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida mamlakat hududida yiliga 5 million tonnadan ortiq zararli chiqindilar hosil bo‘ladi.

Garchi 2025 yilga borib polietilen paketlardan voz kechilishi e’lon qilingan bo‘lsa-da, Qozog‘iston bunga tayyormi yoki yo‘q, haligacha aniq emas. 2018 yilning oxirida respublika energetika vaziri o‘rinbosari Sobit Nurliboy jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’kidlarkan, ayni paytda bu masala ustida ishchi guruh ishlayotgani, bu qarorni bir o‘zi qabul qilolmasligi, plastik paketlardan to‘liq voz kechish 5 yildan 10 yilgacha cho‘zilishi mumkinligini aytgandi. Qidiruvlarimiz shundan buyon mahalliy matbuotda bu borada yangi ma’lumot berilmaganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston

2019 yil 1 yanvardan boshlab polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo‘shish, shuningdek, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish taqiqlangandi. Shundan so‘ng yetti oy ichida yelim xaltalardan foydalanish ko‘rsatkichi 20 foizga kamaygani ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish man etilgan (eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xo‘jalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlar bundan mustasno).

Biroq aholi orasida hamon polietilen paketlardan foydalanish ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda. 2019 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, respublika aholisi yillik plastik iste’moli 26,2 ming tonna plastikni tashkil etadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda plastik paketlarni ishlab chiqarish, import qilish va foydalanish hamon davom etmoqda. Qo‘nilaridan farqli o‘laroq O‘zbekiston hukumati bunday mahsulotlardan har qanday ko‘rinishda foydalanishni cheklashga shoshilmayapti.

Ekopartiya polietilen paketlar o‘rniga qog‘oz yoki matodan tayyorlangan eko-paketlardan foydalanishni ko‘paytirish tashabbusi bilan chiqqandi. Biroq o‘tgan yil ichida bu tashabbus mamlakat aholisi tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmadi, odamlar hamon plastik paketlarning faol iste’molchisi bo‘lib qolmoqda.

Kezi kelganda Ekoqo‘mga 2020 yil 1 yanvarga qadar iste’mol xususiyatini yo‘qotib, atrof-muhitga zarar yetkazuvchi ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan bir guruh tovarlar uchun ekologik to‘lovni joriy etishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Biroq ushbu topshiriq ijrosi qay darajada bajarilgani, agar hukumatga yetarlicha taklif kiritilgan bo‘lsa, nima uchun ayni yo‘nalishda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagani ma’lum emas.

2024 yil 1 yanvardan O‘zbekiston hududida qalinligi 100 mikrondan kam bo‘lgan polimer paketlarni ishlab chiqarish va sotish taqiqlanadi. Tabiat resurslari vazirligiga ko‘ra hozir aynan shunday korxonani ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu talablarni buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu cheklov plastik rulonli paketlar va biologik parchalanadigan xo‘jalik sumkalariga taalluqli emas.

Shu bilan birga, plastik paketlarga muqobil sifatida O‘zbekistonda biologik parchalanadigan paketlar ishlab chiqarilishi mumkin. Bu borada xorij tajribasini o‘rgangan polimer texnologiyasi bo‘yicha muhandis Abduforux Hidoyatovning ta’kidlashicha, biologik parchalanadigan plastmassa kraxmal, polilaktik kislota, poligidroksialkanoatlar, sellyuloza va lignindan tayyorlanadi.

“Bunday materialning barcha komponentlari biologik parchalanadi va tabiiy ravishda suv va mikrobial fermentlarga gidrolizlanadi. Reaksiyadan so‘ng molekulyar og‘irligi pasayadi va nihoyat mikroorganizmlar uchun ozuqa sifatida ishlatiladi”, deydi mutaxassis.

Biologik parchalanadigan polimerlarning xarakterli xususiyati shundaki, ular boshqa plastmassalardan farqli ravishda oson parchalanadi, natijada tabiiy muhitda mikroorganizmlar tomonidan suv va karbonat angidridga ajraladi.

O‘zbekistonda plastik paketlarni ishlab chiqarish qachondan to‘xtatilishi, shuningdek, yelim xaltalardan foydalanish to‘liq taqiqlanadimi yoki yo‘q, hozircha aniq emas. Qayd etilishicha, ayni paytda respublikada polietilen paketlarni qayta ishlovchi 101 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tojikiston

Tojikistonda ham plastik paketlarni butunlay taqiqlash masalasi muhokama qilinmoqda. Qayd etilishicha, mamlakatimizdagi eng yirik gipermarketlardan birida har oyda 1,5 tonna polietilen paket ishlatiladi. 1 kg plastmassadan taxminan 220 ta paket chiqishi inobatga olinsa, respublika aholisi bir oylik iste’moli uchun qancha plastmassa sarf bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas.

2022 yilning 17 oktabr kuni tojikistonlik ekologlar Sirdaryo qirg‘oqlaridan 50 qop chiqindi yig‘ishdi, ularning 95 foizi plastik chiqindilar edi.

“Hukumat tomonidan plastik chiqindilar oqimini kamaytirish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilmaguncha, plastmassa atrof-muhitni ifloslantirishda davom etadi va hayvonlar, qushlar va inson salomatligiga xavf tug‘diradi. Ko‘p marta ishlatiladigan tekstil-sumkalar va qog‘oz paketlar bir marta ishlatiladigan yelim paketlarga eng yaxshi muqobil bo‘la oladi, – deydi “Kichik yer” ekologik tashkiloti katta maslahatchisi Timur Idrisov.

Tojikistondagi mashhur Ashan savdo tarmog‘ida plastik paketlardan voz kechish, matodan tikilgan sumkalar va qog‘oz paketlardan foydalanishni targ‘ib qiluvchi aksiyalar muntazam o‘tkazib kelinadi. Biroq tojikistonlik ekofaollar qancha ko‘p eko-aksiyalar o‘tkazilib, plastik paketlardan voz kechish maslahat berilmasin, ularni do‘konlar va bozorlarda tekin yoki tarqatish yoki sotish davom etar ekan, odamlar yelim xaltalardan foydalanishni to‘xtatmasligi, shu sababli ham bu masala davlat darajasida tartibga solinishi kerak, deb hisoblaydi.

Shu yil fevralda Tojikiston hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi BMT bilan birgalikda plastik qadoqlarni olib kirishni taqiqlash masalasini muhokama qilgan. Muhokama yakunlariga ko‘ra qo‘mita mamlakat hukumatiga qonunchilik darajasida qalinligi 15 mikrongacha bo‘lgan polietilen paketlarni Tojikistonga olib kirish va ulardan foydalanishni taqiqlash xususida taklif kiritgani aytilgan.

OAV Tojikistonda plastik idishlar va qadoqlarni olib kirish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanish cheklanishi mumkinligi, ayni paytda Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tegishli qonunga o‘zgartirishlar kiritish ustida ishlayotgani haqida yozgan. Ammo rasmiylar plastik paketlardan voz kechilishi bo‘yicha aniq sanasini aytishdan tiyilishgan.

Markaziy Osiyoning uch davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a’zo bo‘lgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida ham 2025 yilga borib bir martalik plastik paketlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilgan. Biroq ittifoqqa a’zo boshqa bir davlat – Rossiya Sanoat va savdo vazirligi mamlakat hududi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi miqyosida yelim paketlarning taqiqlanishiga qarshi chiqqan. Shundan buyon bu mavzu qayta ko‘tarilgani yo‘q.

Turkmaniston

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmanistonda ekologik tashkilotlar va ko‘ngillilar tomonidan fuqarolar sayr qilish uchun boradigan tabiiy hududlarda plastik chiqindilarni yig‘ish bo‘yicha aksiyalar o‘tkazib kelinadi.

Shu bilan birga, mamlakatda oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash va tashish uchun ishlatiladigan plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyati kengayib bormoqda. Natijada respublikada yiliga 500 tonna chiqindini qayta ishlash zarurati yuzaga kelgan, ularning katta qismi polietilendan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning chiqindilaridan iborat. Shu sababli Turkmanistonda Chiqindilar bilan ishlash sohasida milliy strategiya ishlab chiqilgan.

Ammo hukumat plastik paketlarni import qilish, ishlab chiqarish yoki foydalanishni taqiqlash bo‘yicha hech qanday harakat ko‘zga tashlanmaydi. Faqatgina ekofaollar bu borada tashabbus ko‘rsatayotganini ta’kidlash kerak. Biroq Turkmaniston anchayin yopiq mamlakat bo‘lgani, ijtimoiy fikr shakllanadigan onlayn platformalar kuchli nazorat qilinishi ortidan atrof-muhit himoyasiga qaratilgan kamsonli takliflar yetarlicha qo‘llab-quvvatlanyapti deb bo‘lmaydi.

Bu nega muhim

Plastik paketlar polipropilendan tayyorlangan va polipropilen qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslar – neft, ko‘mir va tabiiy gazdan olinadi. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlarni qazib olish va ishlab chiqarish jarayonida iqlim o‘zgarishiga olib keluvchi zararli kimyoviy moddalar atmosferaga chiqariladi. Bitta polietilen paket ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan neft miqdori avtomobilga 11 metr masofani bosib o‘tish imkonini beradi. Yelim paketlarni tayyorlash uchun yiliga 4,3 milliard gallon neft xomashyosi ishlatiladi.

Dunyo bo‘ylab har soniyada 160 mingta plastik paket chiqitga aylanadi. Bir yil ichida bu ko‘rsatkich deyarli besh trillion dona yoki uch trillion tonnaga yetadi. Agar biz dunyodagi barcha yelim xaltalarni bir joyga qo‘ysak, ular yer sharini 4200 marta aylanib chiqadi.

Polietilen paketlar shamol va suv orqali boshqa joylarga osongina uchib yoki suzib borishi, atrof-muhitni ifloslantirishi mumkin. Tinch okeanining eng chuqur joyi – o‘n bir ming metrlik chuqurlikdagi Mariana botig‘idan ham yelim xaltalar topilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 8 million tonna plastik chiqindilar okeanlarga tushadi. Yer yuzidagi suv sathining chorak qismi suzuvchi plastik chiqindilar bilan qoplangan. Tinch okeanida allaqachon chiqitlar oroli paydo bo‘lgan.

Ayni paytda okeanlarda suzib yurgan chiqindilarning 80 foizini polietilen mahsulotlar tashkil etadi. Jahon iqtisodiy forumi prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo okeanidagi plastik miqdori baliqlar sonidan ko‘proq bo‘ladi.

Polietilen paketlar har yili millionga yaqin qushlar, dengizdagi 100 minglab sutemizuvchilar va milliardlab baliqlarni nobud qilmoqda. Dengiz va okeanlardagi plastik chiqindilar ta’sirida 267 xil jonzot biologik tur sifatida yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Bitta yelim xalta o‘rtacha 15-20 daqiqa davomida ishlatiladi xolos. Shundan so‘ng u odatda tashlab yuboriladi. Shu bois ham dunyo miqyosida maishiy chiqindilarning to‘qqiz foizini polietilen paketlar tashkil etadi. Ular 15 million kvadrat kilometrgacha maydonni ifloslantiradi.

Ekologlarning fikriga ko‘ra, Yer yuzida plastik paketlarning bor-yo‘g‘i 1-3 foizi qayta ishlanadi. Bir tonna paketni qayta ishlash uchun taxminan to‘rt ming dollar kerak bo‘ladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish bilan shug‘ullanuvchi ConservingNow tashkiloti hisobotida qayd etilishicha, o‘rtacha 200 ta yelim xaltadan faqat bittasi qayta ishlanadi. Ularni yoqish mumkin emas, chunki bu ozon qatlamini buzadigan uglerod oksidi va zararli kanserogenlarning tarqalishiga olib keladi. Ko‘mish suv va tuproqning zaharlanishiga olib keladi.

Yelim xaltalar ishlatilgan mahsulotiga qarab o‘rtacha 300-700 yil ichida chiriydi. Hatto to‘liq chiriganidan, ya’ni taxminan 1000 yildan keyin ham plastik paketlar yo‘q bo‘lib ketmaydi, faqat mayda zarrachalarga bo‘linib, atrof-muhitni ifloslantirishda davom etadi.

Ekologiyaga salbiy ta’siridan tashqari, polietilen paketlar inson salomatligi uchun ham zararli. Ularda qo‘rg‘oshin, yelim va bo‘yoq mavjud. Bunday xaltalarda mahsulotlarni saqlashda ko‘pincha mog‘or va qo‘ziqorin paydo bo‘lishi aniqlangan. Qolaversa, past haroratda polietilendan toksinlar, yuqori haroratda esa formaldegid, chirish jarayonida dioksin va furan singari zararli moddalar atmosferaga chiqadi, bu esa inson organizmida saraton kasalligini keltirib chiqaradi.

Shu bois ham dunyoning oltmishdan ziyod davlatida bir martalik polietilen paketlardan foydalanishni qisqartirish uchun u yoki bu shaklda taqiq joriy etilgan. Jumladan, Bangladesh 2022 yildayoq yelim xaltalarni ishlab chiqarish va sotishdan voz kechgandi. Yangi Zelandiyada shu yil 1 iyuldan qalinligi 70 mikrondan kam bo‘lgan plastik paketlar sotuvi to‘xtatilgan.

Italiya, Belgiya, Fransiya, Irlandiya, Gruziya, Marokash, Pokiston, Keniya va Moldovada yelim xaltalardan foydalanish, ularni ishlab chiqarish, sotish va import qilishga nisbatan cheklov joriy etilgan.

Germaniya, Daniya, Chexiya, Litva, Ruminiya, Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Isroil va Armanistonda xaridorlarga plastik paketlarni tekin berish man etilgan. Avstraliya, Xitoy va AQShning ayrim shtatlarida yelim xaltalarga doir turlicha cheklovlar belgilangan.

Bu boradagi tartib-qoidalarga amal qilmaganlarni javobgarlikka tortish masalasiga ham har yerda turlicha yondashilgan. Misol uchun, Keniyada mamlakatga plastik paketlarni olib kirganlik uchun (u mamlakat aeroportidagi Duty Free’dan sotib olingan bo‘lsa ham) 19 mingdan 38 ming dollargacha jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi. Qoidani takroran buzganlar to‘rt yilgacha qamalishi ko‘zda tutilgan.

Avstraliyaning Kvinslendida plastik paketdan foydalanganlarga 4600 dollar jarima belgilangan. Garchi yelim xaltalarni olib kirishga hech qanday cheklov bo‘lmasa-da, Janubiy Afrika Respublikasida polietilen mahsulotlarni sotish taqiqlangan, bunga amal qilmaganlar 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi. Tanzaniyada plastik paketlarni ishlab chiqarish, import qilish yoki sotish uchun 2000 dollar jarima yoki bir yillik qamoq jazosi belgilangan.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid