Jamiyat | 16:30 / 16.07.2017
29137
10 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi qishloqning ichimlik suvi bo‘yicha muammosi hal etilmay qolmoqda

Bloger Isroiljon Tillaboyev blogida «Suvsiz qishloq «Obod» bo‘ladimi?» sarlavhali post joylashtirilgan.

Unda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi qishloqlardan biri ko‘p yillardan buyon ichimlik suvi bilan ta'minlanmagani, tegishli idoralarga qilingan murojaatlar samarasiz qolayotgani bayon etilgan.

Muammoning muqaddimasi
2016 yil 28 sentabr kuni pm.my.gov.uz Bosh vazir elektron qabul portali yangi tashkil etilgan kunlarda Obod (qadimgi nomi «Go‘sht qishloq») qishlog‘imizning 3ta muammosiga yordam so‘rab murojaat qilgan edim. Ular: qishloqqa QVP hamda stadion qurish, shuningdek, asosiy muammo - qishloqqa toza ichimlik suvi olib kelish.

Tarixcha o‘rnida
Gap shundaki, qishlog‘imizni ichimlik suvi bilan ta'minlash biz uchun asriy orzu bo‘lib, aholi qo‘shni qishloqlardan va hovuzlarga to‘plangan suvlardan ichib chanqog‘ini qondiradi. Bu ish ikki marta davlat miqyosidagi dasturga tushirilgan bo‘lib, dastlab 2012 yilda «bizning yerimizdan yaxshi suv chiqmaydi», deya qo‘shni Jonobod qishlog‘iga quduq kavlashmoqchi bo‘lishgan, hali quduqdan yaroqli suv chiqmasdan (400 metr, eslab qoling, bunga qaytamiz) quvur yotqizishgan. Lekin u ish oxiriga yetmadi (!).

Oradan ikki yil o‘tib, qishloqqa yana Davlat dasturi ajratildi. Bu safar qishlog‘imizning o‘zidan 320 metrli quduq kavlandi. Mana shu vaqtda kelajakka ta'sir qiluvchi xatolar boshlandiki, jabrini shu kungacha tortmoqdamiz: mahalla ahli quduq kavlanayotgan vaqtda tuman «Suvoqava» rahbari bilan og‘zaki (afsuski, hech qanday yozma emas) kelishgan va 2 yil oldin qo‘shni qishloqqa biz uchun yotqizilib bekor turgan 400 metr quvurni kavlab, qishloq ichki tarmog‘iga ulagan. Bu bilan kavlanayotgan yangi suvga tayyor bo‘lib turgan. Afsuski, ming afsuski, xalq kutgan suv ichishga umuman yaroqsiz, sho‘r suv bo‘lib chiqdi. Davlat dasturi  ikkinchi bora zoye ketdi…

1. Imkon izlab
Suvimiz muammosi haqida yozgan iltimosim bo‘yicha 10 kun ichida Farg‘ona viloyati «Suvoqava» DAK xodimlari yetib kelishdi. Qishloq sharoitini tanishtirib, mavjud holatni tushuntirdik:

«Suvoqava» xodimlari ichishga yaroqsiz suv chiqqan 140 mln so‘mlik qudug‘imizda 

Mas'ullar tuman hokimligida maslahatlashib, yana o‘sha qo‘shni Jonobod qishlog‘idan ichishga yaroqli tayyor quduqni bizga berib, qishloq orasiga suv quvuri yotqizib, bizning ichki tarmog‘imizga ulab berishga kelishishdi.

Voqealar rivojlanib ketdi. Butun qishloq kelgusi yilda amalga oshadi, deya intiqib kutayotgan Dastur yangi yil kirmasdanoq ishga tushirildi. Dekabrning oxirida qishog‘imiz suvini qo‘shni qishloq qudug‘iga ulash uchun 800 metr quvur olib mutaxassislar keldi. Hash-pash deguncha yer kavlab, quvur yotqizishni boshlab yuborishdi. 

Afsuski, muammo chiqdi. Gap shundaki, yuqorida aytib o‘tganimdek, bizning aholi shu qishloq uchun berilgan 400 metr quvurni yozma ruxsat olmasdan kavlagani va bu quvur suv xaritasida haliyam joyida turgani ayon bo‘ldi. Mojaro boshlandi, men goh «Suvoqava»ga og‘zaki va yozma murojaat bilan yuguraman, goh qishloq kattalariga. Har qaysisi o‘zidan soqit qilib, aybni bir-biriga to‘nkayverdi. Hamqishloqlarimga og‘zaki ruxsat bergan boshliq allaqachon pattasini qo‘lga olib ishdan bo‘shab ketgan, yangi rahbar esa ayb o‘zlaringda, deya turib olgan… Qarang, emishki, butun boshli mahallani 1 hafta kavlab 400 metr quvurni olishsayu, bundan tashkilot yoki shu mahallada yashaydigan ishchisining xabari bo‘lmasa (garchi og‘zaki buyruq berilgan va buni tan olmayotgan bo‘lsa ham faraz qilyapmiz). 

Xullas, shu yo‘sinda mo‘ljallangan dasturni yakunlashga 400 metr qolganda ish to‘xtadi. Yana pul yig‘aylik, desak, avvalgi dasturlarda ham har xil yig‘inlardan zada bo‘lgan aholi istamadi.

Mana bunday murojaatlarimga esa bir xil qolipdagi shablon javoblarni berishdan charchashmadi…

2. Farg‘ona, go‘yoki, muammoni hal qildi
Yana quyidan ish chiqmagach, umid bilan Farg‘ona viloyati hokimi virtual portaliga yuqoridagi mazmunda yozdim. Xodim keldi va yana bor aybni (quvurni o‘zboshimchalik ila kavlab olganlikda ayblab) mahallaga ag‘darishdi. «Xo‘p, shu quvurni mahalla o‘zi pul yig‘ib, qishloq tarmog‘iga ulab oladi», dedim. Viloyatdan kelgan vakil rozi bo‘ldi, tumandagi rahbarga shu haqda buyruq berdi. Tuman «Suvoqava» rahbari va'dani quyuq berib, mendan shu haqda rozilik xatini olib ketdilar. Voqealar mart oyida bo‘lmoqda.

3. Iloji yo‘q va yana iloji yo‘q
O‘lmagan qul, yozga chiqib oldik - suvni ulab berishlaridan darak yo‘q. Shuncha kutganimizda ham ulab bermagach, iyunning dastlabki kunlarida tuman markazidagi Xalq qabulxonasiga kirib ariza yozdim.

Bu safargi arizamni shunday yozgandimki, uzoq vaqt bo‘yin tovlab, aybni xalqqa ag‘darib osongina qutulib yurganlarning vaji o‘tmas edi. Endiyam Xalq qabulxonasidan hayiqib (Prezident portaliga 2ta, viloyat hokimiga ham bir murojaatim bo‘ldi, axir) ulab berishiga ishondim. Bir hafta o‘tgach yana eski tanishlar tashrifi. Bu safar tuman «Suvoqava» idorasining ishlari g‘irt loyqa ekanligiga ishonch hosil qildim: bir varaq xarajat qog‘oz tutqazishdi, «nima ekan?», deb o‘qisam, bizga ulamoqchi bo‘lgan quduqqa motor va kerakli ashyolar olish uchun 18 million so‘m pul kerak emish! Fig‘onim falakka chiqdi, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Ro‘paramda o‘z ishiga mas'uliyatsiz qarovchi tipik vakillar turgan edi! Bular hukumatimiz «Aholingda qanday kamchilik bor?», desa ham eplab hisoblab so‘rashni ham bilmaydigan davlat ishchilari edi.

Bergan birinchi savolim shunday bo‘ldi: «Axir, nega yuqoridan o‘rgangani kelganda va nima kerakligi so‘ralganda, shu dardlaring bor ekan, quvurga qo‘shib shuncha pullik motor va kabellar ham kerak, demadilaring?! Biz o‘zlari bilib to‘liq jo‘natishar, deb o‘ylabmiz. Sizlar o‘z tumaningizdagi qishloqning nima kamchiligi borligini bilmasalaring, yuqordagilar bilsinmi? Qattiq tortishib tushuntirish xati ololmagach qaytib ketishdi. Qoidaga ko‘ra mening murojaatimga 15 kunda javob berishlari darkor edi. Berishmadi. Xalq qabulxonasiga borsam, u tashkilot tuman hokimiyatiga yana 15 kun arizamni o‘rganishga muhlat cho‘zdiribdi. Ha, mayli, demak chora izlayapti shekilli, deya yana 15 kun kutdim. Jami bir oy deganda menga javob berishdi. Javobini ko‘rgach, «hayf, sizlardek qog‘ozbozlarga», devordim! Chunki ishonasizmi, ariza muddatini cho‘zdirib qutulgan idora bir oy oldin menga qanday javob bergan bo‘lsa, xuddi o‘sha javob xatini qayta yuborishgan edi, «18 million, motor, kabel, xarajat, ilojimiz yo‘q...» va hokazo.

Kunda TV orqali ushbu yil fuqarolar murojaatlari bekamu-ko‘st bajarilayotgani haqidagi xabarlarni ko‘rib  o‘zimning holimga achinaman, salkam bir yil bo‘lmoqdaki, davlat tomonidan bizning qishloqqa ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni tumanimizdagi o‘z ishini bilmay yurgan quyi rahbarlar ro‘yobga chiqarmayapti. Ushbu tashkilot bilan ko‘p muomala qilib, shunga amin bo‘ldimki, bu «Suvoqava»da, yotib qolguncha otib qol, deb fikrlovchi, sizning tashvishingiz zarracha qiziqtirmaydigan rahbarlar ko‘p ekan. Va bir boshliq ishdan ketgan bo‘lsa, ikkinchisi aybni o‘shanga ag‘darib turaverarkan. Biror dastur so‘rasa, oldindan rejasiz, yuzaki hisobot berib yuborgani, mavjud holatni bilmagani tufayli ularning jabrini bizning qishloq tortmoqda. Axir, qaysi aql bilan motorsiz quduqni yurgizishga, eng avvalo, motor emas, quvur so‘raydi? Bizning qishloqqa 2012 yilda berilgan motorni allakimlarga berib yuborib, yana «motor yo‘q», deyishi sirli va shubhali…

4. Suv bilan obod uying
Hayot davom etmoqda, qishlog‘imiz o‘quvchilari suvsiz matabda chanqasalar, maktab yonidagi uylarga kirib, 3-4 km joydan zo‘rg‘a olib keladigan suvidan ichib, chanqog‘ini bosib, chiqib ketmoqda, kelinlar, ayollar hamda bolalar aravalarda bidonlarni yuklab, qo‘shni qishloqdan kundalik suvini tashimoqda. Ishlari ko‘payib, borolmay qolsa, mahalla hovuzidagi suvdan olib ovqat va choyini qilib kun o‘tkazmoqda, to‘g‘ri-da, G‘afur G‘ulom aytganidek , ana ariq to‘la suv, «yosh bolalar»ga bo‘laveradi… bilmadim, obod qishloq qachon suv bilan obod bo‘larkan…

Uzun umidlar
Kuni kecha Mo‘ynoqqa 101 kilometrdan suv olib kelinganini televizorda ko‘rib ko‘zlarimga yosh keldi, bizning muammo esa atigi 400 metr  edi... Umid so‘nmaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid