O‘zbekiston | 14:35 / 03.10.2023
20529
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda temiryo‘l chiptalari narxi oshiriladi

20 oktyabrdan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari tarif qismi 50 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxi 100 foizga oshiriladi.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston temiryo‘llari» yo‘lovchi tashish xo‘jaligidagi yo‘lovchi chiptalari narxi oshirilishini ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, 2023 yilning 20 oktyabr sanasidan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxining 100 foizga oshiriladi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari so‘nggi marta 2018 yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019 yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, oxirgi 4-5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolib kelgan. 

2019-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida respublikada ish haqi miqdori 2,4 barobarga, elektr energiyasi va yonilg‘i narxlari, logistika va transport xarajatlari sezilarli darajada oshgan, shuningdek, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temiryo‘l vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

«Hurmatli yo‘lovchilar, temiryo‘l xizmatlaridan foydalanayotganingiz uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz hamda temiryo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlarni to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘raymiz», deyiladi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» xabarida.

Mavzuga oid