Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Hongkongdagi yong‘in qurbonlari orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmadi» - TIV
Hongkongdagi yong‘in juma kuni ertalab «to‘liq o‘chirilgan» deb e’lon qilindi. Qurbonlar soni 128 kishiga yetdi, yana 200 kishi qidirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiya ish yuzasidan 8 kishini hibsga oldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozirgi vaqtga qadar halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmaganini bildirdi.
Foto: Reuters
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Honkongdagi turar joy majmuasida yuz bergan yong‘in bo‘yicha Xitoydagi diplomatik vakolatxonalarimiz mahalliy hokimiyat vakillari bilan aloqa o‘rnatganini ma’lum qildi.
«Honkongdagi turar joy majmuasida yuz bergan fojiali yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. Marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik va chuqur ta’ziyamizni bildiramiz. Jarohat olganlarga esa tez fursatlarda shifo tilaymiz», deyiladi Burhonov bayonotida.
Shuningdek, TIV rasmiysi Kun.uz’ga «hozirgi vaqtga qadar halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi»ni ma’lum qildi. Ushbu masala doimiy ravishda TIV nazoratiga olingan.
Ahror Burhonov zarur hollarda yordamga muhtoj O‘zbekiston fuqarolari quyidagi diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.
- O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi: telefon: +86 185 1441 7274 +86 (10) 6532 6305. Elektron pochta: [email protected]
- O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulligi: telefon: +86 132 4800 8171
- O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulligi: telefon: +86 132 4970 0996
Yong‘in qurbonlari soni oshmoqda
Honkong o‘t o‘chiruvchilari 28 noyabrga kelib yirik yong‘in binolaridan yana o‘nlab jasadlarni topdi. Shahar tarixidagi eng halokatli yong‘indagi qurbonlar soni kamida 128 nafarga yetdi.
Honkong yong‘in xizmatlari rasmiysiga ko‘ra, qutqaruvchilar ustuvorlikni yordam so‘rab murojaat qilingan xonadonlarga qaratgan. Shu asosda binolardagi odamlar qidirilgan.
Topilgan yangi jasadlar tufayli qurbonlar soni 34 taga oshdi. Rasmiylar voqea joyida qidiruv davom etayotganini, qurbonlar soni yana ko‘payishi mumkinligini aytdi.
AP nashrining ma’lum qilishicha, umumiy topilgan 89 ta jasadning shaxsi hali aniqlanmagan. Qariyb 200 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Yong‘in chorshanba kuni tushdan keyin «Wang Fuk Court» majmuasida boshlangan edi. Ta’mirlash ishlari sabab o‘rnatilgan to‘rlarga o‘ralgan bambuk konstruksiyalari yong‘in bilan qoplanishi ortidan u tezda yetti binoni to‘liq qamrab olgan.
Yong‘in juma kuni ertalabgina to‘liq o‘chirilgan deb e’lon qilindi. Jami 2 300 nafar o‘t o‘chiruvchi va tibbiyot xodimlari operatsiyaga jalb etilgan. 79 nafar jarohatlanganlar orasida 12 nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor. Bir o‘t o‘chiruvchi esa halok bo‘lgan.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, yong‘in ishi bo‘yicha 40 dan 63 yoshgacha bo‘lgan 8 kishi, jumladan bir ayol hibsga olingan. AP nashrining Hongkong Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiyasiga tayanib yozishicha, ular orasida subpudratchilar, muhandislik konsalting kompaniyasi direktorlaridan biri hamda ta’mirlash jarayoniga mas’ul loyiha menejerlari bor.
Mavzuga oid
08:21 / 13.12.2025
«Aviasozlar» bozori hududida yong‘in sodir bo‘ldi
12:38 / 08.12.2025
Toshkentda yong‘in va zilzila bo‘yicha amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi
13:23 / 06.12.2025
Poytaxt bozorlarida yong‘in va gaz xavfsizligi yuzasidan kuchaytirilgan tekshiruvlar o‘tkazildi
21:40 / 03.12.2025