Jahon | 17:21 / 29.04.2021
47732
7 daqiqa o‘qiladi

Chegaradagi mojaro. Qirg‘iz va tojik harbiylari o‘rtasida otishma ro‘y berdi, bir kishi halok bo‘lgan, ayollar va bolalar evakuatsiya qilingan

Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylari o‘zaro chegara hududida otishma uyushtirdi, buning oqibatida bir necha kishi jarohatlangan. Tomonlar bir-birini ziddiyatni keskinlashtirishda ayblamoqda.

Mojaro nimadan boshlandi?
28 aprel kuni kunning ikkinchi yarmida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mahalliy aholi ishtirokida navbatdagi mojaro yuz berdi. Mojaroga Tojikiston tomoni chegaraoldi hududida, «Bosh» suv taqsimlagich uchastkasida elektr uzatish simlari ustunlariga videokuzatuv kameralari o‘rnatishni boshlagani sabab bo‘lgan. Ushbu hududni bahsli deb hisoblaydigan Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyatidagi politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Mojaro yuz bergan joyda taxminan 150 kishi to‘planib, bir-biriga tosh otishni boshlagan, mahalliy aholi vakillaridan birining ko‘ziga o‘q uzilgan.

  • Tojikiston «Bosh» suv taqsimlagich uchastkasi joylashgan hududni o‘z hududi deb hisoblaydi. Qirg‘iziston esa bu hududni bahsli hudud deb biladi.

Qirg‘iziston chegara xizmati 29 aprel tongida Botkenning Ko‘cha-Bo‘yi hududida vaziyat keskinlashganini ma'lum qildi.

«29 aprel kuni soat 04:40da Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken Kocho-Boyu hududida vaziyat keskin tus oldi», — deb xabar bergan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati matbuotiga tayanib.

Qirg‘iziston tomoni tojikistonliklar qirg‘iz fuqarolariga tegishli uylarga tosh otishgani, yo‘ldan o‘tayotgan Qirg‘iziston avtoulovlariga ov miltiqlaridan o‘q uzilganini ma'lum qildi.

Botken viloyatidagi Oq-Soy, Oq-Tatir va Samarqandek qishloqlarida favqulodda vaziyat joriy qilingan.

Internetda otishma videolari tarqaldi. Tomonlar bir-birini ayblamoqda

Kunning ikkinchi yarmiga kelib chegaradagi «Bosh» suv taqsimlagich uchastkasi hududida otishma boshlangan. 

Mahalliy aholi vakillari ijtimoiy tarmoqlarga otishma jarayonida olingan videolarni joyladi.

«Botkenda urush boshlandi», deya baqiradi videolardan birining muallifi.

Kaktus.media muxbiri bilan gaplashgan mahalliy aholi vakili hududdagi holatni so‘z bilan tasvirlash mushkul ekani, har tomonda tez tibbiy yordam mashinalari qatnayotganini aytadi. U ko‘chalarda tanklar harakatlana boshlaganini qo‘shimcha qilgan.

Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 29 aprel kuni soat 13:05da Isfara tumani hududida, Isfara daryosi boshlanish qismidagi suv taqsimlash punktida qirg‘iz harbiylari tojik harbiylarini o‘qqa tuta boshlagani haqida bayonot berdi.

Qayd etilishicha, «bu hodisa qirg‘iz tomoni avvalroq Tojikiston Respublikasi bilan erishilgan ikki tomonlama kelishuvni buzib, «Bosh» suv taqsimlash punkti hududini noqonuniy egallab olishga urinishi» oqibatida ro‘y bergan.

Bayonotda aytilishicha, 1924—1927 va 1989 yillardagi xaritalarga muvofiq ushbu gidrotexnik inshoot to‘liq Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan, u 1968 yilda qurilgan bo‘lib, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh shaharlari va viloyatlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun mo‘ljallangan.

Qirg‘izistonning Botken oblasti rahbari o‘rinbosari Marufxon To‘layevning so‘zlariga ko‘ra esa, otishma tojik harbiylarining harakatlari ortidan kelib chiqqan: ular birinchi bo‘lib o‘q uzishgan, shundan keyin qirg‘iz harbiylari javob qaytarishiga to‘g‘ri kelgan.

«Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat izdan chiqmoqda. Ayni vaqtda otishma davom etmoqda, harbiylar o‘q uzishmoqda. Yangi jarohatlanganlar bor, voqea joyida tez tibbiy yordam xizmati shifokorlari ularga yordam ko‘rsatishmoqda va ularni yaqin atrofdagi shifoxonalarga olib ketishmoqda», deya xabar bergan To‘layev.

Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Tojikiston chegara qo‘shinlari va IIV maxsus xizmatini qirg‘iz harbiylariga qarshi minomyot va pulemyotlardan foydalanishda aybladi.

Qo‘mita matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, 29 aprel kuni Tojikiston harbiylari «Botken rayonining Ko‘k-Tosh qishlog‘ida joylashgan «Bosh» suv taqsimlagich oldida minomyot, pulemyot va avtomatlardan o‘t ochgan».

Mahalliy vaqt bilan soat 16:30 holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda chegaradagi mojaro tufayli shifoxonalarga yotqizilganlar soni 17 nafar, ulardan biri vafot etgan. Tojikistondagi ma'lumotlarga ko‘ra, kamida 8 kishi jarohatlangan.

Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakili Omurbek Suvanaliyevning ma'lum qilishicha, chegaradagi vaziyat keskinlashgani sababli O‘sh-Botken–Isfana strategik trassasi yopilgan.

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuv sodir bo‘lgan joyga har ikki tomondan ham texnika va xavfsizlik kuchlari keltirilmoqda.

Evakuatsiya
Botken oblastida ayollar va bolalar pana joylarga ko‘chirilgan. Bu haqda internet foydalanuvchilaridan biri feysbukda suratli xabar qoldirgan. 

«Ular suv va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta'minlangan. Ammo o‘ylaymanki, qo‘shimcha yordam ortiqchalik qilmaydi», deya yozgan u.

Bishkekda miting
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Botken aholisini qo‘llab-quvvatlab miting o‘tkazilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar bosh vazir Ulug‘bek Maripov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan uchrashishni talab qilishgan.

Biroz avvalroq davolanish uchun Germaniyaga uchib ketgan Tashiyev esa shoshilinch ravishda mamlakatga qaytib kelishini e'lon qilgan.

Namoyishchilar, shuningdek, deputatlar va spiker Talant Mamitov bilan ham gaplashish niyatida ekanliklarini aytishgan.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar Botken viloyatiga yuborish uchun ko‘ngillilar otryadlarini ham tashkil qilishmoqda.

Ziddiyatli chegara
Davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismi vaqti-vaqti bilan ikki mamlakat mahalliy aholisi yoki chegarachilari o‘rtasidagi ziddiyatlar zonasiga aylanadi. Asosiy sabab – bu ajratilmagan hududlar, ularda davlatlar o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tganini aniqlashning iloji yo‘q.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, Tojikiston bilan umumiy chegara 972 km.ni tashkil etadi, shundan 519 km kelishilgan, 375 km kelishilmagan holda qolmoqda.

Mavzuga oid