O‘zbekiston | 19:28 / 11.09.2023
28184
3 daqiqa o‘qiladi

Changli havo sharoiti bo‘yicha aholiga tavsiyalar berildi (+fotojamlanma)

O‘zbekistonning ayrim hududlarida salomatlik uchun zararli chang bo‘roni kuzatilmoqda. Toshkent shahri havo ifloslanishi bo‘yicha xalqaro reytingda 1-o‘ringa chiqdi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bunday sharoit uchun aktual tavsiyalarni e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

Havo tarkibidagi chang zarralari uylar, ishxonalar, avtomobillarning eshik-derazalaridan sizib kirib, yopiq xonalar havosini ham chang zarrachalari bilan ifloslantirishi mumkin, deyiladi qo‘mita axborotida.

Sanepidqo‘m tavsiyalari:

  • Ko‘chaga iloji boricha kamroq chiqish;
  • Ishga, o‘qishga, xarid uchun ko‘chaga chiqqanda tibbiy niqob taqish va har 2 soatda almashtirish;
  • Ko‘chadan uyga qaytgach dush qabul qilish (soch va yuz-ko‘zlarni yaxshilab yuvish);
  • Kalit, ko‘zoynak, telefon va sumkani namlangan salfetka bilan yaxshilab artish;
  • Ko‘chaga kiyib chiqqan kiyimlarni yuvish;
  • Ustki kiyimlarni (kostyum, plash, palto va boshqalar) maska taqqan holda tashqarida yaxshilab qoqish;
  • Nim ta’sir etuvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni tez-tez chayish;
  • Ko‘proq suyuqlik (iliq) ichish, iloji bo‘lsa ko‘k choy, na’matak damlamasini ichish;
  • Yog‘li, qovurilgan, dudlangan, tuzlangan, sho‘r, achchiq taomlarni cheklash;
  • Suyuq sabzavotli taomlar, sut va sut mahsulotalari (qatiq, kefir va boshqalar), ko‘katlarni iste’mol qilish.
  • Chang ko‘p to‘planishining oldini olish va uyni hamda yuzalarni to‘g‘ri tozalash kerak:
  • Uy, ishxona va mashina eshiklari va derazalarini zich yopish.

Ta’kidlanishicha, chang yig‘ilishi mumkin bo‘lgan hamma narsalarni changyutgich yordamida tozalash kerak (kovrolin, gilam, yumshoq mebel, yumshoq o‘yinchoqlar va boshqalar). Yumshoq mebelni qoqishdan avval usti namlangan latta bilan o‘ralishi tavsiya etiladi.

Chang yig‘ilishi mumkin bo‘lgan barcha yuzalarni (pol, shkaf, ishchi yuzalar va boshqalar) kun davomida bir necha marta namlangan latta bilan yaxshilab artish lozim. Oyoq kiyimlarini eshik oldida qoldirish va imkon qadar tezroq yuvib qo‘yish kerak.

Xona havosi optimal namligini ta’minlash: ho‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish tavsiya qilinadi.

“Nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor yurtdoshlarimizga changli havoda tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilamiz”, – deyiladi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi murojaatida.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Soat 19:25 holatiga Toshkent shahri havo ifloslanishi bo‘yicha IQAir reytingida dunyo shaharlari orasida 1-o‘rinni egallab turibdi. Avvalroq “O‘zgidromet” shahar havosidagi ifloslanish darajasi salomatlik uchun zararli darajaga yetganini tasdiqlagan edi.

Kun.uz fotomuxbiri poytaxtning changli manzarasidan fotojamlanma tayyorladi.

Mavzuga oid