Jahon | 15:19 / 11.09.2025
9321
7 daqiqa o‘qiladi

“Agar NATO yumshoq javob bersa, Rossiyaning keyingi qadamlari keskinroq bo‘ladi” - siyosatshunos

NATOning ehtimoliy sust javoblari G‘arb birdamligini zaiflashtirishi mumkin. Bir tomondan ehtiyotkorlik harbiy to‘qnashuvning oldini olishga qaratilgan bo‘lsa, boshqa tomondan demokratik tamoyillari va kuchli muxolifat hukumatlarni keskin qarorlar qabul qilishdan tiyib turadi. Natijada shakllangan vaziyat Rossiyani yanada dadilroq harakat qilishga undamoqda.

“Geosiyosat”da tahlilchilar NATO-Rossiya atrofidagi so‘nggi ziddiyatni muhokama qilishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

 

NATOning sust javobi G‘arb birligining zaiflashuvi va Rossiya provokatsiyalarining kengayishiga olib kelmaydimi?

Shuhrat Rasul: Albatta shunday bo‘ladi. Biz hozirning o‘zida ham bunga guvoh bo‘lyapmiz: urush boshlanganidan beri provokatsiyalar tobora kuchayib bormoqda. Sababi esa NATO Rossiya bilan bevosita harbiy to‘qnashuvni istamaydi. Bunga birinchi sabab ehtiyotkorlikdir. Ikkinchi sabab esa NATO davlatlarining barchasi demokratiya asosida yashaydi. Bu mamlakatlarda inson qadri eng oliy darajada turadi. Bundan tashqari, demokratiyalarda doimo kuchli muxolifat mavjud. Ular hukumat hali urushga aralashmasidan turib ham qarshi chiqmoqda: “Biz bunga aralashmasligimiz kerak, mablag‘ bermasligimiz kerak, bu ularning o‘z masalasi, Ukrainaga yordam shart emas”, – deya hukumatlarni tanqid qilmoqda. Agar masala bevosita harbiy to‘qnashuv darajasiga chiqsa, muxolifat yanada keskin bosh ko‘taradi. Masalan, frontdan kelgan ilk qurbonning o‘zi oppozitsiya uchun “bayroq” bo‘ladi. Ular “Biz kimning manfaatlari uchun jang qilyapmiz? Axir ular bilan totuv yashayotgan edik-ku, arzon gazdan foydalanib kelayotgandik-ku”, – deya hukumatni ag‘darishga urinadi.

Rossiya buni juda yaxshi tushunadi. Masalan, Ozarboyjon bo‘yicha bir necha provokatsiyalar adekvat javob tufayli davom etmadi. Yevropalik siyosatchilar esa aksincha, vaziyatni yumshatishga urinyapti: “Bu hech kimga zarar yetkazmadi, odam o‘lmadi”, – deyishmoqda. Shu nuqtayi nazardan, sizning savolingizga javoban aytish mumkinki, Rossiya kelajakda NATO davlatlariga qarshi provokatsiyalarni kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.

NATO va Rossiya harbiy havo kuchlarining qudratida farqlar qanday?

Abduvali Soyibnazarov: Haqiqatda kuchlar nisbatiga qaralganda, NATOning qudrati ustun. Masalan, hatto F-16 samolyotining eski versiyasi ham Rossiyaning ko‘plab samolyotlaridan aniqroq nishon olish qobiliyatiga ega va zamonaviy qurollar bilan jihozlangan.

Ikkinchidan, tajriba va tayyorgarlik darajasi ham muhim omil. NATO uchuvchilari va harbiy xizmatchilari Rossiya askarlariga qaraganda ancha malakali. Ular dunyoning istalgan hududida harbiy operatsiyalar olib bora oladi, Rossiya esa asosan o‘z chegaralari yaqinida faoliyat yuritadi. NATOda moliyaviy resurslar ko‘pligi sababli uchuvchilar ko‘proq mashg‘ulot o‘tkazishi, uzoq soatlik parvozlar qilishi mumkin. Moliyaviy ko‘rsatkichlarda ham farq juda katta. Rossiyaning yillik yalpi ichki mahsuloti qariyb 2 trillion dollar bo‘lsa, AQShning faqat Texas shtati iqtisodiyoti 2.709 trillion dollar bo‘lgan. Rossiyadan taxminan 12% ga katta. Shuning uchun NATO bilan Rossiya imkoniyatlarini solishtirish qiyin. Rossiya Eron, Shimoliy Koreya va Xitoydan yordam olayotganini inobatga olsak ham, oddiy qurollar bilan to‘qnashuvda uning talafotlari katta bo‘lishi mumkin. Rossiyani hozircha saqlab turgan yagona omil yadroviy quroldir. Chunki yadroviy urush xavfi butun insoniyat uchun falokat bo‘lishi mumkin. Rossiya-Ukraina urushida ham ko‘rib turibmizki, NATO va Rossiya qurollari to‘qnashganida, samolyotlar, artilleriya va ayniqsa dronlar sohasida G‘arb ancha ustun. Albatta Rossiya son jihatidan ko‘proq dronga ega, biroq ular eskirgan texnologiyaga asoslangan: uchayotganda baland motor ovoz chiqarib, o‘zini oshkor qilib qo‘yadi. Ukraina va G‘arb ishlab chiqargan dronlar esa zamonaviy texnologiyalar tufayli ancha sifatli va samaraliroq.

Shuhrat Rasul: Endi kuchlar nisbati haqida gap ketganda, ularni solishtirishning o‘zi qiyin. Masalan F-16 samolyotidan 4400 dona ishlab chiqarilgan, shundan 1000 dan ortig‘i NATOdan tashqari hamkor davlatlarga sotilgan, 3000 dan ortig‘i esa NATOning o‘zida mavjud. Bu faqatgina F-16. Bundan tashqari, F-18A samolyotlari, eng zamonaviy Stealth texnologiyasi bilan jihozlangan F-35 lar ham bor. Bugungi kunda taxminan 750 dona F-35 ishlab chiqarilgan, ularning bir qismi NATO hamkorlariga berilgan. Hozir G‘arbiy Yevropaning besh-oltita davlati F-16 lardan foydalanmoqda va bu juda katta kuch sanaladi. Bombardimonchi aviatsiyada ham AQShning ustunligi yaqqol ko‘rinadi. Masalan, B-2 bombardimonchilari Stealth texnologiyasi tufayli radarlar uchun deyarli ko‘rinmas. Ular Eron ustida soatlab parvoz qilganida ham S-300 raketalari ularni aniqlay olmagan. Endi esa AQSh bundan ham ilg‘or bombardimonchi ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, B-52 samolyotlari hamon qudratli platforma bo‘lib, uzoq masofadan yadro kallakli raketalarni uchira oladi.

Rossiyaning eng ilg‘or jangovar samolyoti Su-35. U yomon emas, ammo to‘liq Stealth emas, maqomi esa 4++ darajasida. Ko‘p maqtalayotgan Su-57 samolyotini esa biror jiddiy harbiy ekspert beshinchi avlod deb tan olmadi, chunki u radarlarda ko‘rinib turadi. Hozircha 20 donadan kam ishlab chiqarilgan, seriyali ishlab chiqarish masalasi ham noaniq. Xuddi shunday, reklama qilingan Armata tanklaridan ham atigi 14 dona ishlab chiqarilgan, ammo qimmat tannarx va import detallar tufayli ishlab chiqarish to‘xtagan. Su-57 ni beshinchi avlod samolyoti sifatida tan olish uchun ikki muhim mezon bajarilmagan: birinchisi – motor quvvati yetarli emas, ikkinchisi – zamonaviy avionika va elektronika tizimi talab darajasida emas. Shu bois u amalda 4++ darajali samolyotdir. Rossiya ko‘pincha uni eksport qilish haqida gapiradi, Hindiston bilan shartnoma tuzayotganini e’lon qiladi. Ammo odatdagidek, keyin bunday bayonotlar tasdiqlanmaydi. Shu ma’noda Rossiya ko‘p hollarda real ishlab chiqarish o‘rniga informatsion-propaganda operatsiyalariga tayanmoqda.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid