O‘zbekiston | 21:12 / 02.10.2025
13195
3 daqiqa o‘qiladi

Fabio Kannavaro - O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘ladi

U jamoani 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorlaydi.

Italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro Timur Kapadze o‘rniga O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘ladi. 

Taniqli insayder Fabritsio Romano O‘zbekiston tomoni u bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib olgani, qolgan rasmiy hujjatlar yaqin 24-48 soat ichida imzolanishini xabar qildi.

Kannavaro taklifni qabul qilgan va uning tayinlovi haqida dushanba kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Shu tariqa, o‘z tarixida ilk bor mundialga chiqqan O‘zbekiston milliy jamoasi 2026 yil yozida okeanortida bo‘lib o‘tadigan turnirga xorijlik mutaxassis boshchiligida boradi.

Bundan oldinroq boshqa bir insayder Nikolo Skira O‘FA va mutaxassis o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga yetgani, u O‘zbekiston jamoasini 13 oktyabr kuni Urugvayga qarshi kechadigan o‘rtoqlik o‘yiniga olib borishi mumkinligini xabar qilgandi.

Unga murabbiylar shtabida Chichcho Troize yordamchilik qilishi, Eugenio Albarella jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlashi aytilgan.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda 52 yoshda bo‘lgan Fabio Kannavaro futbolchilik faoliyatida katta yutuqlarga erishgan. U 2006 yilda Italiya milliy jamoasi bilan jahon chempioniga aylangan va mundialdagi kuchli ishtiroki uchun o‘sha mavsum yakunlariga ko‘ra «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandi.

Ammo uning murabbiylikdagi faoliyati bir tekis kechmagan. 

U murabbiylik faoliyatini Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubida boshlagan (2014-2015), keyinroq Saudiya Arabistonining «An-Nasr» (2015-2016), Xitoyning «Tyanszin» (2016-2017), «Guanjchou» (2017-2021) klublarida ishlagan, 2019 yilda bir muddat Xitoy milliy jamoasini boshqargan, keyin esa Italiyaning «Benevento» (2022-2023) hamda «Udinize» (2024) klublarini boshqargan.

Uning so‘nggi ish joyi Xorvatiyaning «Dinamo» Zagreb klubi bo‘lib qolayotgandi, u 2024 yil dekabrida xorvatlar jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan, ammo 2025 yil aprelida qoniqarsiz natijalar tufayli iste’foga chiqarilgandi.

Mavzuga oid