O‘zbekiston | 23:15 / 18.07.2024
7545
4 daqiqa o‘qiladi

Mustaqillik bayrami «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida o‘tkaziladi

O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish choralari belgilandi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, bayram tadbirlari «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida o‘tkaziladi.

Tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi, shuningdek, «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.

Mustaqillik bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanadi.

Hududlarda Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, uch avlod uchrashuvlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, sayillar, madaniyat va sport tadbirlari, gastronomik festivallari o‘tkaziladi.

Joylarda inson qadri, uning huquq va manfaatlari yetakchi o‘rinda turadigan ijtimoiy davlat va xalqparvar jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan erishilayotgan ulkan natijalarning mazmun-mohiyati haqida mahallalar, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkaziladi.

Davlat mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy va jangovar qudratini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib etiladi.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.

Milliy istiqlol, xalq ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda jon fido etgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bobolar xotirasi yod etiladi.

Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda «Ona diyor – ranglar jilosida», «Vatan uchun yashaylik!», «Eng ulug‘, eng aziz» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.

Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovlarining yakuniy bosqichi o‘tkaziladi.

Bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan, Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

Mavzuga oid